Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Darig‘a Nazarboyeva nega oliy lavozimdan bo‘shatildi?

Darig‘a Nazarboyeva nega oliy lavozimdan bo‘shatildi?

58 yoshli Darig‘a Nazarboyeva siyosiy sahnani butunlay tark etadimi yo faoliyatini boshqa lavozimda davom ettiradimi?

Foto:«Reuters»

2-may kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev farmoniga binoan mamlakat parlamenti yuqori palatasi deputati Darig‘a Nazarboyevaning vakolati muddatidan avval tugatildi. D.Nazarboyeva 2016-yildan buyon deputat sifatida, 2019-yil 20-martdan buyon esa Senat raisi (spikeri) lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.  Deputatlik maqomidan mahrum etilishi bilan u avtomatik ravishda spikerlik rutbasidan ham ayrildi. 

So‘nggi kunlarga qadar Darig‘a Nazarboyeva otasi – elboshi Nursulton Nazarboyev hamda prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevdan so‘ng uchinchi qudratli shaxs sanalar edi. Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, davlat rahbari vakolati muddatidan avval tugatilgan taqdirda uning vazifalarini Senat raisi bajaradi. 

Xo‘sh, yaqingacha otasining vorisi o‘laroq baholangan xonimning yuksak lavozimdan bo‘shatilishi nimani anglatadi?

Qozog‘istonlik siyosatshunos Dosim Satpayev Darig‘a xonimning deputatlik rutbasidan mahrum etilishi mamlakat siyosatidagi beqarorlikdan dalolat beradi, deb hisoblaydi. Tahlilchiga ko‘ra, D.Nazarboyevaga qanday lavozim berilishi va Senat raisi lavozimiga kim kelishi ichki siyosiy kurashlar haqida aniqroq tasavvur beradi. Agar spikerlik kursisini Q.To‘qayevga yaqin arbob egallasa, u holda so‘nggi o‘zgarishlarni amaldagi prezident mavqeini mustahkamlash yo‘lidagi urinish deya baholash mumkin. 

Qozog‘istonni 29 yil davomida tanaffussiz idora etgan Nursulton Nazarboyev 2019-yil martda iste’foga chiqqan edi. Nazarboyev de-yure mamlakat rahbarligidan ketgan bo‘lsa ham, de-fakto Xavfsizlik kengashi raisi sifatida hamon ot ustida. Amaldagi prezident Q.To‘qayev nomzodini ham elboshining o‘zi taklif etgan va saylovda qo‘llab-quvvatlagan. Shu bois ayrim tahlilchilar Q.To‘qayev tomonidan valine’matining qizi lavozimdan bo‘shatilishi o‘ziga xos davlat to‘ntarishi deya baholamoqda.

«Ushbu qaror To‘qayev asta-sekin mamlakatning to‘laqonli va to‘liq vakolatli rahbariga aylanayotganini ko‘rsatadi. Bir yilcha avval ehtiyotkorlik yuzasidan hamda kuchlar muvozanati uchun Darig‘a Nursultonovna kerak bo‘lgan esa, endilikda amaldagi prezident muhim qarorlar qabul qilishda unga xalal berayotgan kuchni bartaraf etmoqda», – deydi MDH mamlakatlari institutining Markaziy Osiyo va Qozog‘iston bo‘limi rahbari Andrey Grozin. 

Qozog‘istonning uch qudratli shaxsi. 2-maydan e’tiboran ular safi bittaga kamaydi. Foto:«AFP»

Qozog‘istonlik siyosatshunos Aydos Sarim ham bugun juda murakkab sinovlar bilan ro‘baro‘ turgan mamlakat uchun oliy hokimiyatdagi yakkaboshlik muhim ekanini ta’kidlaydi.  

«Bugun hokimiyat va siyosiy elita birlik hamda birdamlikka juda-juda muhtoj. Rahbariyat mamlakatni uch tomonlama inqiroz, favqulodda holat va karantin rejimidan olib chiqishi kerak. Inqirozga qarshi dasturlar ishlab chiqish, iqtisodiyotni qaytadan barpo etish, tub islohotlar amalga oshirishdek mushkul vazifalar turibdi. Bularning bari butun hokimiyat Qozog‘istonning ikkinchi prezidenti qo‘lida jam bo‘lishini taqozo etadi», – deydi Aydos Sarimov.

Qozog‘istonlik boshqa bir siyosiy tahlilchi Doniyor Ashimboyev esa Darig‘a xonim siyosiy ambitsiyalari bois lavozimdan bo‘shatilganini ta’kidlaydi.

«D.Nazarboyeva mamlakatning keyingi prezidenti bo‘lishi haqidagi ovozalar ko‘proq uning shaxsiy ambitsiyalariga asoslangan edi. Chunki ota qizini ushbu lavozimda faoliyat yuritishiga xayrixoh bo‘lishi amrimahol edi. Agar buni istaganida, unga boshqaruv borasida ko‘proq tajriba to‘plash imkonini bergan bo‘lar edi. Uning ambitsiyalari esa poytaxtda vujudga kelgan kuchlar muvozanatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan edi», – deya mulohazalari bilan bo‘lishadi D.Ashimboyev.

Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha yetakchi mutaxassis Arkadiy Dubnov esa spikerning hurmat-izzat bilan kuzatilishi Nursulton Nazarboyev bilan avvaldan kelishilgan holda amalga oshirilgan degan fikrda.

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, prezident To‘qayev  Darig‘a xonimni deputatlikdan bo‘shatish masalasini Nursulton Nazarboyev bilan avvaldan kelishgan. Foto:«Sputnik»

«To‘qayev vorislikka hozirlanar ekan, u o‘z faoliyati davomida rioya etishi kerak bo‘lgan shartlar, shu jumladan, barcha muhim qarorlarni kelishgan holda qabul qilishi muhokama etilgan. Ushbu qaror ham (D.Nazarboyevaning parlamentdan ketkazilishi – tahr.) shular cirasiga kiradi», – deydi A.Dubnov.

Yana bir gap. Keyingi yillarda Darig‘a xonim va uning o‘g‘illari tegrasidagi mojarolar tinmayapti. Masalan, giyohvandlikka mukkasidan ketgan Oysulton Londonda politsiyachini tishlab olgan haqidagi xabarlar hovuri hali bosilmay turib, u joriy yil boshida Facebook tarmog‘ida shov-shuvli bayonot berdi. Nursulton Nazarboyevning nabirasi emas, farzandini ekanini iddao qilgan Oysulton Rossiya va Qog‘og‘istonda tabiiy gaz savdosi bilan bog‘liq korrupsiya o‘yinlaridan boxabar ekanini bayon qildi. Pirovardida esa, Qozog‘iston birinchi oilasi vakili Buyuk Britaniyaning siyosiy boshpana so‘radi.

Elboshining nabirasi o‘zga davlatdan siyosiy boshpana olgani ortidan yuzaga kelgan sarosima kayfiyati hali tarqamasdan, Londonda Darig‘a Nazarboyeva va uning boshqa o‘g‘li Nurali tegishli qasr hamda qimmatbaho kvartira sud tomonidan korrupsiya gumoni bilan hibs etildi. Darig‘a xonim sud qarorini bekor qilib, turarjoylarini qo‘lida saqlab qolgan bo‘lsa-da, Qozog‘iston jamoatchiligi prezidentning qizi yuz million dollarlik mulkka egalik qilayotganini xushhol qabul qilmadi, albatta.

Darig‘a Nazarboyeva otasi bilan Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II qabulida. 2015-yil 4-noyabr. Darvoqe, ayni paytda uning o‘rtancha o‘g‘li Oysulton aynan ushbu mamlakatda siyosiy boshpana olgan holda yashab kelmoqda. Foto:«AFP»

2016-yilda Tekshiruvchi jurnalistlar xalqaro uyushmasi «Panama hujjatlari» nomi bilan tanilgan shov-shuvli materiallarni e’lon qildi. Unda dunyo bo‘yicha mashhur siyosatchi va arboblarning yashirin bank hisoblari – ofshor shirkatlari xususidagi ma’lumotlar fosh etilgan edi.  «Panama hujjatlari»da ham Darig‘a Nazarboyevaning nomi qayd etilgan. Ammo bu alohida maqola mavzusidir.

Tahlilchilarga ko‘ra, bu kabi mojarolar nafaqat elboshining oilasi, balki butun mamlakat rahbariyati obro‘siga soya solayotgan edi va shu bois ham aybdorga «jazo» qo‘llangan holda, oliy hokimiyat ma’sumiyatiga erishildi.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring