Davlat bojxona qo‘mitasining sobiq rahbari ikkinchi ishidan ham bo‘shadi

Zohid Dusanov
2011-yildan buyon Davlat bojxona qo‘mitasi raisi sifatida ishlab kelayotgan polkovnik Zohid Do‘sanov 2016-yilning 20-dekabrida o‘sha lavozimdan ozod qilingan va Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i etib tayinlangan edi. U bojxona tizimiga o‘tguniga qadar aynan shu lavozimda 2008—2011-yillarda ishlagan.
Shundan so‘ng Z.Do‘sanov Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorligiga o‘tkazilgan edi. Uning qachon bu vazifaga tayinlangani «Xabar.uz»ga ma’lum emas. Shuningdek, Bosh prokuratura rasmiy saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i lavozimi ayni kungacha vakant sifatida qolmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, Dusanov Zoxid Abdukayumovich boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 12-fevraldagi PQ-3525-sonli qaroriga ko‘ra, mazkur agentlikka Abdullayev Aziz Rustamovich rahbar etib tayinlangan. Sobiq direktorning aynan qanday ishga o‘tgani aytilmadi.
Shuningdek, agentlik direktori o‘rinbosarlari ham o‘zgartirilgan. Aziz Abdullayev shu vaqtgacha «Dori vositalar, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartizatsiyasi Davlat markazi» DUK direktori sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 14-fevraldagi «Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida mamlakat farmatsevtikasi tizimidagi kamchilik va muammolar tanqid ostiga olingan, xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish sohasidagi ishlarni tashkil etish borasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topilgani, ishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi va lozim darajadagi tashabbuskorlik yo‘qligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmavsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Z.A.Dusanov va mazkur agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari M.M.Dusmuratov egallab turgan lavozimidan ozod etilganligi ma’lum qilingan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter