Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

DXX va IIV qo‘shma operatsiyalar o‘tkazmoqda

DXX va IIV qo‘shma operatsiyalar o‘tkazmoqda

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida mamlakatimizda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, uyushgan jinoyatchilik va giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanmasiga barham berish maqsadida joriy yilning 20 yanvaridan boshlab keng ko‘lamli tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Toshkent viloyatining Chinoz tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bekobod shahrida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs shartli xaridorga 200 gramm “gashish” moddasini 50 million so‘mga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tadbir davomida mazkur shaxs sotuvdan tushgan pul mablag‘ining 6,9 million so‘mini 1989 yilda tug‘ilgan hamshahariga bergani aniqlanib, u ham qo‘lga olindi. Uning yonidan qo‘shimcha ravishda 500 gramm “gashish” moddasi olindi. Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Bekobod tumani hududida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda “Cobalt” rusumli avtotransport vositasida yo‘lovchi sifatida harakatlanayotgan, Toshkent shahrida yashovchi, 1973 yilda tug‘ilgan shaxsning yonidan 600 gramm “opiy” giyohvandlik vositasi olindi.

Aniqlanishicha, u mazkur giyohvandlik vositasini Bekobod shahrida istiqomat qiluvchi, 1986 yilda tug‘ilgan tanishidan 5 ming AQSh dollari va 5 million so‘mga xarid qilgan. Tezkor tadbir davom ettirilib, narkosavdogarning yashash manzilidan 1 kilogramm 47 gramm “opiy”, shuningdek, uning ikki nafar jinoiy aloqalaridan 335 gramm “opiy” moddasi olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur giyohvandlik vositalari Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan. Ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi hamda 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring