Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali cheklangan tranzitga ruxsat bermoqda
Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishni istagan ayrim davlatlar bilan muzokaralar olib bormoqda.
Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ma’lum qildi. Biroq u qaysi davlatlar ekanini ochiqlamagan.
Shu bilan birga, Aroqchi yakuniy qaror harbiylar qo‘lida ekanini ta’kidlagan. Keyinchalik Eron TIV vakili Ismoil Bag‘oniy ayrim davlatlar kemalariga maxsus ruxsat berilib, ular bo‘g‘ozdan o‘tkazilganini tasdiqladi.
Mutaxassislar fikricha, Eron to‘liq ochishga emas, balki tanlab ruxsat berish siyosatini yuritmoqda. Bu orqali esa siyosiy bosimni saqlab qolish va neft bozorida keskin beqarorlikka yo‘l qo‘ymaslik maqsad qilingan.
AQSh prezidenti Donald Tramp Yevropa ittifoqchilariga murojaat qilib, ularni Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish uchun harakatlarga qo‘shilishga chaqirdi. U hatto, agar yordam bo‘lmasa, NATOni «juda yomon kelajak» kutayotganini aytgandi.
Biroq Yevropa davlatlari, jumladan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va boshqa NATO davlatlari ham Yaqin Sharqdagi harbiy ishtirokini kengaytirmasligini aytdi.
Tahlilchilar fikricha, AQSh istasa, kuch ishlatib bo‘g‘ozni ochishi mumkin. Ammo bu juda katta xavf bilan bog‘liq.
Bundan tashqari, bo‘g‘ozni to‘liq ochish uchun ehtimol quruqlik amaliyoti ham talab qilinishi mumkin. Bu esa uzoq davom etadigan va katta yo‘qotishlarga olib keladigan urushga aylanishi ehtimolini oshiradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter