Eski ko‘ylakdagi millioner ayol...
Juma kuni tushdan keyin Atlanta markazidagi nufuzli “First National Bank” ancha gavjum edi. Vestibyul nafis kiyingan ishbilarmonlar, telefonlarda gaplashayotgan yosh mutaxassislar va bitimlarning odatiy shovqini bilan to‘lgan.
Xonaga ko‘p yaxshi kunlarga guvoh bo‘lgan oddiy gulli ko‘ylak, ortopedik poyabzal kiygan va uniqqan sumkasini mahkam ushlagan to‘qson yoshlardagi qora tanli ayol – Evelin Tompson xonim kirib keldi. Uning kumush sochlari chiroyli tarzda orqaga turmaklangan va yog‘och hassaga tayangancha ohista odim tashlardi.
Kassirlarda navbat uzoq edi, lekin Evelin o‘z galini sabr bilan kuta boshladi. Uning orqasida shaharda hashamatli mashinalari, dizaynerlik kostyumlari va yorqin shaxsiyati bilan tanilgan ellik yoshli millioner Richard Xarrington turardi. U sabrsizlik bilan “Roleks” – qimmatbaho soatiga qaradi va hamma narsa qanchalik sekin ketayotganidan o‘zicha g‘udrandi. Evelin nihoyat kassirga – Sara ismli yosh ayol ishlayotgan tuynukchaga yetib keldi va unga iliq jilmaygancha g‘ijimlangan eski bank kartasini uzatdi.
– Azizim, – dedi Evelin janubliklarga xos yumshoq ohangda, – men shunchaki balansimni ko‘rmoqchiman.
Sara muloyimlik bilan bosh irg‘adi va kartani oldi. Buni eshitgan Richard o‘zini tutib turolmadi. U biroz oldinga egilib, asta kulib qo‘ydi.
Odmigina kiyingan keksa ayol “shunchaki hisobini tekshirishni” xohlayaptimi? Ehtimol uning bir necha yuz dollari, balki ijtimoiy nafaqasi bordir deb o‘ylardi Richard. Uning fikricha, bu ayolga o‘xshagan odamlarning joyi bankda emas, unaqalar pensiya cheklarini naqd qilib beradigan burchakdagi do‘konga kirsa ham bo‘ladi.
Bu safar u o‘z o‘ylariga baland ovozda kulib, atrofdagilar nigohini o‘ziga qaratdi.
– Xonim, – dedi u o‘zini iltifotli ko‘rsatgandek, – agar sizga faqat balansingizni bilish kerak bo‘lsa, tashqarida bankomat bor. Bu navbat faqat real o‘tkazmalar uchun.
Evelin asta o‘girilib, unga mehrli, ammo qat’iy nigoh bilan boshdan-oyoq razm soldi:
– Yaxshi yigit, odob-axloqingizga e’tiborliroq bo‘ling, – ohista javob berdi u, – bu yerda sizning yoshingizdan ham uzoqroq hisob qaydnomam bor.
Richard ko‘zlarini yumdi va yana xiringladi. Atrofdagi odamlar noqulay vaziyatga tushishdi, lekin hech kim hech narsa demadi. Kassir Sara ko‘zlarini katta-katta ochib ekranga tikilib qoldi. Uning yuzi avval oqarib ketdi, keyin qizara boshladi. U yana bir bor hisob raqamini tekshirdi, keyin Evelinga qaradi.
– Tompson xonim... sizning mavjud balansingiz... 48,762,319,42 dollar.
Zalga o‘lik sukunat cho‘kdi.
Richardning kulgisi bo‘g‘zida qoldi. U qandaydir nosozlik deb o‘ylab, peshtaxta osha ekranga egildi.
– Bunaqa bo‘lishi mumkin emas. Qandaydir xatolik yuz bergandir – ehtimol ortiqcha nol yoki shunga o‘xshash narsa.
Ammo Sara Evelin ko‘rishi uchun monitorni biroz burib, boshini chayqadi.
– Hech qanday xatolik yo‘q, janob. Va bu bugungi foizlarni hisoblashdan keyingi balans.
Evelin shunchaki xotirjam bosh irg‘adi.
– Rahmat, azizim. Men ham shunday taxmin qilgandim. Marhum erim har doim murakkab foizlar “bemorning eng yaxshi do‘sti”, deb aytardi.
Richardning chakagi tindi. U duduqlanib dedi:
– Qanday qilib... qanaqasiga bunday bo‘lishi mumkin?
Evelin unga yuzlandi, ko‘zlarida sokin donishmandlik porladi.
– Bilasizmi, o‘g‘lim, 1950-yillarda erim bilan men dehqon edik. Biz har bir tiyinni tejadik. 1962-yilda Tulsadan tashqarida hech kimga kerak bo‘lmagan kichikroq yer maydonini sotib oldik – ular buni hech narsaga arzimaydi deyishdi. Biz oddiy yashadik, hech qachon keraksiz narsalarga pul sarflamadik.
Keyin ma’lum bo‘lishicha, bu “foydasiz” yer Oklaxomadagi eng katta ochilmagan neft konlaridan birida joylashgan ekan. 1970-yillarga kelib burg‘ulashlar boshlandi. Biz hech qachon katta uyga ko‘chib o‘tmadik yoki qimmatbaho mashinalar sotib olmadik. Biz shunchaki pulning ko‘payishiga qo‘yib berdik... jimgina.
Uch farzandni katta qildik, hammasini kollejga yubordik, hududimizda cherkovlar va maktablar qurishga yordam berdik...
Lekin men haliyam o‘sha bir xil ko‘ylaklarni kiyaman, o‘sha bozorlarda xarid qilaman va bu bankka o‘zim kelaman – chunki pul sizning ichki dunyongizni o‘zgartirmaydi. Bu shunchaki har doim kim bo‘lganingizni ko‘rsatadi.
Richard qizargancha jimib qoldi. Takabburona tabassumi yo‘qoldi.
Evelin chekini oldi, Saraning qo‘lini asta siqib, eshik tomon yo‘l oldi. U
Richard yonidan o‘tar ekan to‘xtadi.
– Hech qachon kitobni muqovasiga qarab baholamang, yaxshi yigit. Badavlat odamlarning ba’zilari hech narsani isbotlashlari shart emas.
U marmar polda hassasini taqqillatgancha butun bankdagilarni hayratda qoldirgan ko‘yi asta-sekin chiqib ketdi. Shov-shuvlar tez tarqaldi. Richard boshqa hech qachon o‘sha bankda o‘z ishlari bilan maqtanmadi.
Evelin Tompson xonim bankning eng yirik sirli xayriyachilaridan biriga aylandi – u kam ta’minlangan oilalar bolalariga stipendiyalar ajratdi, qora tanlilar uchun tarixiy cherkovlarni tikladi va hatto qariyalarni parvarishlash uchun fond tashkil qildi.
Ammo u eski “Byuik”ini haydab, gulli ko‘ylaklarini kiyib, har juma kuni... shunchaki “balansini tekshirish” uchun kelishni kanda qilmadi.
Chunki haqiqiy boylik uni ko‘rsatishdan, maqtanishdan emas, balki uni kamtarlik, sabr-toqat va qalb bilan yaratishdan iborat.
Usmonjon Yo‘ldoshev tayyorladi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter