Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Fan olimpiadalaridagi g‘irromliklar

Fan olimpiadalaridagi g‘irromliklar

Foto: «Ufq.uz»

Fan olimpiadasi va bilimlar bellashuvi ta’lim tizimida haqiqiy bilimli va iqtidorli o‘quvchilarni saralab olishga xizmat qiladi deganlar xato qiladi.

Garchand nizomga ko‘ra «o‘quvchi yoshlarning iste’dodi va ijodiy qobiliyatini namoyon qilish», «o‘quvchilarning o‘zlari tanlagan fanlar va ixtisosliklarni chuqur o‘rganishga qiziqishlarini oshirish», «o‘quv-tarbiya jarayonini, o‘qituvchilarning pedagogik mahoratini takomillashtirish, ular tomonidan qobiliyatli o‘quvchilar bilan aniq maqsadga yo‘naltirilgan yakka tartibdagi ishlarni o‘tkazish» degan noaniq va mujmal iboralar ushbu musobaqalarning maqsadi deya e’tirof etilsa-da, amalda kimo‘zarlik, nom chiqarishga intilish kabi illatlar musobaqalar mazmunini butunlay o‘zgartirib yuboradi.

Aksariyat hollarda fan olimpiadasi va bilimlar bellashuvi boshlanishi oldidan tashkiliy qo‘mita a’zolari tinmay shaffoflik, haqiqat, adolat, insof haqida otashin nutq so‘zlayotganda chekka-chekka joylarda «haqiqiy pedagogik», xufiya gurunglar boshlanadi: «9-cinf kimyoda kursdoshim hakam ekan, gaplashaymi?», «mening o‘quvchimning otasi boy, birinchi o‘rinni gaplashib beringlar, iltimos!», «fizikadan uchinchi o‘rinni necha pulga gaplashsa bo‘ladi?», «mening jiyanim o‘zi zo‘r, ammo pul so‘rashsa uniyam beramiz...».

Tashkiliy qo‘mita a’zolari hamon shaffoflik haqida lof urar ekan, «farishta» hakamlar hay’ati a’zolari tanishlar bilan ko‘z urishtirish, va’da berganning kimligini surishtirishni boshlaydi: «aniqmi?», «xitlanmaganmi?», «keyin rasvo qilmaydimi?», «u o‘quvchining otasi zakunchi ekan». Kliyentlarning gapi ham qiziq: «o‘lay agar!», «garantiya!», «uning otasi bitib ketgan boy, senga bergani unga chaqaday gap!..».

Aslida bu gaplarning hammasi ta’lim tizimi korrupsiya botqog‘iga naqadar botib ketganishi, shaytonning izniga tushgan hakamlarning jirkanch basharasini ko‘rsatadi. Ammo uning ildizlari boshqa tomonda. Bu yerda ma’lum bir xizmat evaziga berilayotgan poraning o‘rnini qoplovchi manfaatlar ham borki, undan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Ta’lim muassasalarining reytingi

Ta’lim muassasalarining reytingi bevosita fan olimpiadasi va bilimlar bellashuvi natijalari bilan bog‘liq bo‘ladi. Shu sababli muassasalar rahbarlari har bitta ball uchun kurashib, natijalar uchun fan o‘qituvchilariga imtiyozlar, rag‘batlar va’da qilishadi. Rag‘batlantirishning optimal ko‘rinishi bir oylik ish haqiga teng bo‘ladi. Demak, olimpiadada hech bo‘lmasa uchinchi o‘rinni yoki 76 balldan yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan o‘qituvchiga bir oylik ish haqi miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanadi. Qolaversa, shu natijalar inobatga olinib, keyinchalik ularga ustama ham belgilanadi. Kasb mahorati, tarbiyaviy va sinfdan tashqari ishlar uchun o‘qituvchida yana 40 foizgacha ustama olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu yil davomi anchagina katta summani tashkil etadi.

Olimpiadaning tuman bosqichida shunday voqea bo‘ldi. Tashkiliy qo‘mitaning bir insofsiz a’zosi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlaridan birini chaqirib «tez borib yuz ming topib keling, sizga falon fandan 3-o‘rinni beraman, reytingingiz ko‘tariladi» debdi. U kishi «oilamizda kasalchilik bo‘ldi, hozir ahvolim yaxshimas, tushuning, men pul berolmayman» desa, «unda fan o‘qituvchingizdan oling, rag‘bat berasiz — qoplanib ketadi» debdi. Shu gaplarni o‘qigan kishi gap nimadaligini tushunib yetgandir. Reyting ortidan quvib eng og‘ir gunohga qo‘l urish xalq ta’limi tizimida oddiy hol.

Shuhratparastlik

Ko‘pchilikda shuhratga intilish kuchli bo‘ladi. Ko‘pchilik rahbarlarda natijalar bilan maqtanish, majlislarda erishgan natijalari aytilsa havolanish hissi ustun bo‘ladi. Bu his o‘qituvchilarda ham, o‘quvchilarda ham bor. O‘quvchisi birinchi o‘rinni olibdi, anavi o‘quvchi respublikada g‘olib bo‘lgan ekan degan so‘zlarni eshitish hammaga ham yoqadi. Kim bunga o‘zi erishsa hamma havas qiladi. G‘irromlik bilan erishganlar esa...

Maqsadga intilish va bu boradagi imkoniyatlarning teng emasligi o‘z-o‘zidan g‘irromga yo‘l ochadi. G‘irromchi baribir hammaning nazdida jirkanch odam sifatida baholanadi va uga nafrat bilan qaraladi.

Shunday bir holatning guvohi bo‘ldim. Bitta ig‘vogar o‘qituvchi muallimlar kuniga bag‘ishlangan kechaga kerilib, «O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi» nishonini taqib keldi. Beixtiyor hammaning afti bujmayib ketdi. «Qanday olibdi?», «kim beribdi?» degan savollar ko‘paydi. Keyin anglashildiki, rahbariyatni «yozvoraman» deb qo‘rqitib «a’lochi» bo‘lgan ekan.

Haromxo‘rlik

Olimpiada jarayonida hakamlar, nazoratchilar va auditoriya rahbarlarida o‘quvchilarga yordam berish uchun keng imkoniyatlar bo‘ladi. Ba’zan ular o‘zaro kelishib olishadi. Ba’zan yashirincha, yakka holda tanishlariga yordam berishadi. Bu qanday bo‘lishidan qat’i nazar g‘irromlar quyidagicha bo‘ladi:

  1. Ishtirokchiga tayyor matnni kiritib berish.
  2. Ishtirokchiga test javoblarini berish.
  3. Ishtirokchiga telefon yoki boshqa vositalar orqali ko‘mak berish.
  4. Ishtirokchi o‘rniga boshqa kishini kiritish.
  5. Ishtirokchi noto‘g‘ri javob yozganda, qaytadan yozishi uchun sharoit yaratish.
  6. Ishtirokchiga og‘zaki yoki shpargalkalar orqali ko‘mak berish.
  7. Ishtirokchining ishlarini tekshirishda xatolarini qayd qilmaslik, ya’ni xatolarga ko‘z yumish.
  8. Ishtirokchining ishlarini tekshirishda qasddan raqobatchilarning ballarini pasaytirish.
  9. Raqobatchi ishtirokchilarni chalg‘itish, aybini topib musobaqadan chetlashtirish va hokazo.

Bu g‘irromliklar tizimda doim bo‘lgan va hozir ham bor. Bunga ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Halollikka erishsa bo‘ladimi?

Viloyat olimpiadasida bir tajriba o‘tkazib ko‘rdim. Auditoriya rahbari sifatida olimpiadada ishtirok etganim uchun bir fandan hakamlar hay’ati bilan hamkorlikda ishlashga to‘g‘ri keldi. Ular bilan suhbatlashar ekanman, «yolg‘on guvohlik berish» mavzusidan gap ochdim. O‘quvchi olgan balni oshirish yoki kamaytirish ham noto‘g‘ri guvohlik berishdir deb, bu ish Alloh kechirmaydigan gunohi kabiralardan ekanini hadis bilan tushuntirgan bo‘ldim. Ular bu suhbatdan ma’yus tortib qolishdi, hatto bittasi menga yarim piching ohangida «siz yomon odam ekansiz» dedi kulimsirab. Men «bilaman» dedim.

Ertasiga shunday vaziyat yuzaga keldiki, o‘quvchilardan birontasi ham o‘rin olish uchun kerakli ballarni yig‘a olmadi. Bir nechtasiga 3 yoki 4 ball yetmayotgandi. Tashkiliy qo‘mitaga bu haqda hakamlar hay’ati raisi bilan birgalikda borib ma’lum qilganimizda, bildirmasdan hammasiga teng ball qo‘shib baholarni ko‘tarishni tavsiya qilishdi. O‘zim bu ishni qilmayman, ammo hay’at a’zolari ko‘pchilik bo‘lgani uchun ularga rahbariyatning taklifini ro‘y-rost yetkazdik. Bahs boshlandi. Birov qo‘shaylik dedi. Birov qo‘shmaymiz dedi. Men esa anqovday o‘tiraverdim. Oxiri natija qanday bo‘lsa, shunday qoldirishga kelishib olishdi. Ishni yopdik. Natijani e’lon qildik. Rahbariyat norozi ohangda to‘ng‘illadi, ammo o‘zgartirishga kech bo‘lgan edi. Hujjatlarni topshirib chiqqach, hakamlar hay’ati a’zolarini maktab oshxonasida uchratdim. Hammasining yuzi yorishgan, samimiy suhbat qurayotgan ekan. Men ularga qo‘shildim:

– Sizlarni tabriklayman! — dedim dabdurustdan.

– Nima bilan?

– Bugungi g‘alaba bilan. Bugun hech kim o‘rin olmasa-da, sizga yaxshi bo‘ldi. Bitta fandan natija chiqmasa-chiqmas. Baribir qozonda bori cho‘michga chiqadi. Eng asosiysi, sizlar vijdoningizni pok saqlab qoldingiz.

Hamma tushundi. Hammaning kayfiyati ko‘tarilib davraga samimiylik kirdi.

Demak, hakamlarga iymon haqida tushuncha berilsa, vijdon uyg‘onar ekan.

Xulosa o‘rnida

Ba’zan o‘ylanib qolaman: o‘qituvchilar nega bunchalar xo‘rlangan? Nega ular jamiyatning eng bilimli qatlami sanalsa-da, bechoralarning mavqei bunchalar past? Norasida bolalarning ilmini yerga urib yoki baland ko‘tarib pul ishlayotgan o‘qituvchi, norasida bolani sindirib, uning nomidan eshakbozorning dalloliday savdo qilayotgan o‘qituvchi, o‘laksaxo‘rday iskalanib tanish hakam axtarayotgan o‘qituvchi bunga sababchi emasmikan?

Ba’zan kichik olimpiada atalmish boshlang‘ich sinflar olimpiadasida ham o‘rinlarni sotishadi. Ko‘zlari jovdirab turgan, hali nega bu musobaqaga kelganini anglab yetmagan norasida bolaning nomidan korrupsiya yasashadi.

Maktabdan paxta terimiga quvilgan, qaysidir mansabdorning kelishi uchun farroshday ko‘cha supurishga, rahbari yig‘ilishda gap eshitmasligi uchun temir-tersak to‘plashga majburlangan o‘qituvchilar uchun bu jazolar kamlik qilar...

Qilmish-qidirmish deydilar!

Bilimdon bola beg‘ubor bo‘ladi. U orqasidan otasini ergashtirib kelmaydi. Unda o‘quvchi bo‘lsa ham or bo‘ladi. Shuning uchun u yolg‘iz intiladi. Haqiqat bor deb ishonib keladi. Uning ishonchini esa haromxo‘rlar sindiradi. Shu sabab olimpiada o‘tayotgan muassasa atrofini norozilik va yig‘i tutib ketadi.

Olimpiadadan yig‘lab chiqib ketayotgan bilimdonlarning ohini nega hech kim eshitmaydi? Nima bo‘lsa ham olimpiada tez va tinch o‘tishini xohlovchi tashkiliy qo‘mita, befarq rahbarlar, muammolarni yelkasidan oshirib otishga tayyor xodimlar... Ularning charchadim deb nolishlari, g‘irromga yo‘l qo‘yib berishlari bitta bilimdon o‘quvchining bir tomchi ko‘z yoshiga arziydimi?

Anvar Bo‘ronov

Manba: Ufq.uz

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring