Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Fuqarolik baxti…

Fuqarolik baxti…

Foto: «Andijonnoma»

Daholar ko‘ngliga cho‘g‘ tashlagan sir,

Osmon maktublarin mangu mavzusi.

Azal zulmatlarin kesib o‘tgan nur –

Insonni insonday ko‘rmak orzusi.

Eshqobil Shukur

Onam Toshkentda tavallud topgan. Buvimni (otamning onasini) aravada atigi yarim kun yo‘l yurib Toshkentdan Janubiy Qozog‘istonning Turbat qishlog‘iga yor-yor aytib uzatib borishgan ekan.

Men aholisining 80 foizini Toshkentdan qatag‘on qilingan o‘zbek ziyolilarining farzandlari yashaydigan, O‘zbekiston poytaxtining shundoqqina biqinida joylashgan, turkigo‘y shoir Atoiy, O‘zbekiston xalq shoiri Turob To‘la tavallud topgan ko‘hna Turbat qishlog‘ida tug‘ilganman. Urf-odatlarida, shevasida Toshkent nafasini saqlab qolgan hamqishloqlarim farzandlarining yarmi Turbatda yashasa, ayrimlari Toshkentda istiqomat qiladi.

O‘zbekistonda muqim 5 yil yashagan insonga fuqarolik pasporti berilishi «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»dagi qonunda belgilab qo‘yilgan. Toshkentga kelganimga 25 yil bo‘libdi. Chorak asr... Ba’zan tushlarimda O‘zbekiston-Qozog‘iston chegaralaridan qanot qoqib uchib o‘taman. Ba’zan esa O‘zbekiston-Qozog‘iston chegaralaridagi darvozalarning sharaqlab ochilib, bojxona postidan o‘tayotganimni ko‘raman...

Uyimdan Chilonzorga bir soatda yetib boraman. Agar qo‘limda fuqarolik pasporti bo‘lganida edi, ota yurtim – Turbatga 45 daqiqada yetib borar edim. Shu armon, shu hasrat yillar davomida meni ezib keldi. Yuragim o‘rtanib, ota-ona, jigarlar sog‘inchi qalbimni tilka-pora qildi. Bu masalaning bir tomoni.

Ikkinchisi, o‘qituvchiman. O‘quvchilarim turli tanlovlar, fan olimpiadalari, «Bilimlar bellashuvi» kabi musobaqalarda yuqori o‘rinlarni egallaydi. O‘zim ham qanday tanlov bo‘lsa, qatnashaveraman, g‘oliblikni qo‘lga kiritaveraman. Har yili davlat mukofotlariga tavsiya qilinaman. Hujjatlarim yuqori tashkilotlarga yetib borganida qaytib keladi... «Opa, — deyishadi,— hammasi zo‘r ekanu, pasportingiz chatoq ekan-da. Fuqaroligingiz yo‘q ekan», – deyishadi jilmayib. Keyin-keyin xuddi tavqi la’natdek eshitiladigan shu gapdan qochish uchun mukofatlarga hujjat ham yig‘may qo‘ydim.

Inson uchun mukofot nima o‘zi? Agar kimdir menga shu savolni bersa, hech ikkilanmay shunday javob berardim: «Men uchun O‘zbekiston pasportini bir bor bag‘rimga bosish, men O‘zbekiston fuqarosiman degan so‘zni baralla aytish baxt».

Bir kuni o‘qituvchilar bayrami arafasida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan faxriy yorliq bilan taqdirlandim. Quchog‘im to‘la gul, uyga qaytayotsam yomg‘irdan qolgan ko‘lmakda loyga botib yotgan mast odamga ko‘zim tushdi. Sal narida esa men orzu qilgan, tushlarimga kirib chiqadigan yam-yashil pasport ham loyga qorishib yotardi. Bo‘g‘zimga bir narsa tiqildi-yu, o‘z-o‘zimga «Shu odam ham mendan baxtliroq, u shu yotishida ham O‘zbekiston fuqarosi» deya yig‘lab yubordim. Bu birgina mening dardimmikan?

Qirg‘izistonning O‘shidan Andijonga kelib qolgan, Turkmanistonning Toshovuzidan Xorazmga, Tojikistonning 9 ta chegara tumanidan O‘zbekistonning turli viloyatlariga taqdir taqozosi bilan kelib qolgan o‘zbeklar mening darddoshlarim.

Nobel mukofoti sohibi Alber Kamyu shunday degan edi: «Ishonavering, kutilmaganda hamma narsa ro‘y berishi mumkin». Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning fuqarolik pasportini berish to‘g‘risidagi farmonini eshitgan kunim kun bo‘yi yig‘ladim. Ko‘z oldimdan bir soatlik yo‘lda turib ham pasporti «LBG» (litso bez grajdanstva — fuqaroligi yo‘q shaxs) bo‘lgani uchun vaqtida hujjat topshira olmay yoki viza uchun 30 dollar (hozir 80 dollar) to‘lolmay qolganligi uchun otasining tobutini ko‘tarishdan mahrum bo‘lgan o‘g‘illar, onasining sovuq diydorini ko‘rolmay armonda yashayotgan qizlar o‘tdi.

Mening qalbimda ham umid uchquni yilt etib yondi.

Qo‘shni mamlakatlarga ochilayotgan darvozalar uchun tashakkur! Do‘stona munosabatlar uchun tashakkur! Kelajakka berilgan yo‘llanma uchun tashakkur! Eng muhimi, ko‘nglimdagi anduhlar yuvilib, pasportning rangi kabi yam-yashil kurtak otayotgan umid uchun tashakkur!

Feruza Solixo‘jayeva,
Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi
248-maktabning ona tili va adabiyot o‘qituvchisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring