Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Mashriqiy

Xudodan so‘rab, bekor yotma! (arman xalq maqoli)

Advokatlikdan hukumat rahbarligigacha: Germaniyaning yangi kansleri kim?

Advokatlikdan hukumat rahbarligigacha: Germaniyaning yangi kansleri kim?

Germaniya bugungi kunda Yevropaning iqtisodiyoti eng rivojlangan mamlakati hisoblanadi. Mamlakatning so‘zi «ko‘hna qit’a» hayotida muhim o‘rin tutadi. Nemis siyosatining eng ko‘zga ko‘ringan vakili Angela Merkel 16 yillik boshqaruvidan so‘ng kanslerlik lavozimini bo‘shatdi.

Merkel xonim, shubhasiz, zamonaviy dunyomizdagi eng mashhur qiyofalardan edi. Iste’foga chiqqan xonim o‘rnini Olaf Shols egalladi. Olaf Shols kim, uning davrida Germaniya siyosati qanday bo‘ladi? Quyida shu haqda gaplashamiz.

Olaf Shols kim?

Olaf Shols 1958-yil 14-iyunda tug‘ilgan. Shols – ixtisosligi bo‘yicha advokat. 1975-yilda, hali talabaligidayoq SDP a’zosi, 1982–1988-yillar JUSOS (SDP yoshlar tashkiloti) raisining o‘rinbosari, 1987–1989-yillarda Sotsialistik yoshlar Xalqaro ittifoqi vitse-prezidenti bo‘lgan. Yana shuni ta’kidlash mumkinki, u «kapitalistik iqtisodiyotni yengish»ni targ‘ib qiluvchi marksistik liderlarni qo‘llab-quvvatlagani ma’lum. Bundestag deputati sifatida 1998–2001-yillarda faoliyat yuritgan.

2001-yil ichki ishlar bo‘yicha Gamburg Senatida lavozim egallaydi. Giyohvand moddalar bilan bog‘liq mojarolardagi munozarali holatlar tufayli bu ishidan ketadi. Biroq Sholsni endi yanada mas’uliyatli vazifa kutib turardi. Bundestag deputati sifatida 9 yil (2002–2011-yillar) ishladi. Olaf Shols yuqori lavozimlarda ham faoliyat olib bordi. Masalan, 2007–2009 yillarda Mehnat va ijtimoiy ishlar vaziri, 2009–2011-yillar orasida Afg‘oniston/Pokiston ishchi guruhining a’zosi bo‘lgan. Shols 2011-yil bahorida Gamburgga Birinchi mer (2011–2018-yillar) sifatida qaytdi va deputatlik mandatidan iste’foga chiqdi.

Olaf Shols 2018–2021-yillarda vitse-kansler va moliya vaziri sifatida faoliyat olib bordi. Vitse-kanslerligining birinchi oylaridayoq Germaniyaning eng mashhur siyosatchilaridan biriga aylandi.

Shols 2021-yil 8-dekabrda Bundestag tomonidan kansler etib saylandi. Uning yangi hukumati shu kuni prezident Frank-Valter Shtaynmayer tomonidan tayinlandi. U Germaniyaning so‘nggi 58 yildagi eng keksa yoshda saylangan kansleriga aylandi. Olaf Shols SDP siyosatchisi Britta Ernst bilan turmush qurgan.

«Sholsomaton»: Germaniyaning «Yangi Bismark»i bo‘loladimi?

26-sentyabrda 20-Bundestag a’zolarini saylash uchun federal saylovlar bo‘lib o‘tdi. 2005 yilda saylangan amaldagi kansler Angela Merkel birinchi marta qayta saylanishga intilmayotganini ko‘rsatib, o‘z nomzodini qo‘ymadi. Nemis siyosatdoni obro‘sini saqlagan holda hukumatni tark etishni istadi. Agar nomzodini qo‘yganda, ehtimol, yana g‘alaba qozongan bo‘lardi.

Umumiy ovozlarning 25,7 foizini olgan Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi Olaf Sholsni kansler etib saylashga qaror qilishdi. Merkelning uch yil o‘rinbosari bo‘lgan siyosatchi «Sholsomat» (Sholsomaton) laqabi bilan mashhur. U o‘zining robotga o‘xshash, texnokratik qiyofasi bilan siyosat olamida tanilgan edi.

Ayrim ekspertlar Olaf Sholsni «Yangi Bismark» bo‘lishiga ishonch bildirishmoqda. Shunga qaramasdan, yangi hukumat rahbari dastlabki ishini ancha yumshoqlik bilan boshladi. U «Yashillar» va «Xristian demokrat» partiyalari bilan koalitsion hukumatni boshqarish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Olaf Sholsga «COVID inqirozi»ga pragmatik munosabatda bo‘lishi obro‘ olib keldi. Moliya vaziri sifatida nemis korxonalari va ishchilariga pandemiyadan chiqib olishlariga yordam berish uchun ajratilgan favqulodda moliyalashtirish paketini nazorat qildi. Shundan ham bilsak bo‘ladiki, nemis hukumatiga kuchli iqtisodchi kelmoqda. Shols katta ehtimol bilan Germaniyaning xalqaro maydondagi raqobatbardoshliligini oshiradi. Merkeldan farqli ravishda Berlin endi nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy jihatdan ham jahonga chiqishni rejalashtirgan.

Yangi ma’muriyat: Merkeldan nima meros bo‘lib qoldi?

Yangi ma’muriyat oldida eng katta qiyinchilik pandemiya bilan bog‘liq. Germaniyada kunlik koronavirus infeksiyasi darajasi yuqori. Shols ma’muriyati Sog‘liqni saqlash vaziri sifatida Merkel ma’muriyatining pandemiyaga qarshi kurashini tanqid qilgan epidemiolog va sotsial-demokrat siyosatchi Karl Lauterbaxni tanladi. Bu Olaf Sholsning Merkel ma’muriyatidan e’tirozi bor siyosatchilarni yig‘ish orqali yangi davrni boshlashni rejalashtirganga o‘xshaydi.

Yangi vazirlar mahkamasi bilan bog‘liq yana bir qiziq jihat shundaki, Merkel davrida milliy va xalqaro xavfsizlik, diplomatiyaga mas’ul bo‘lgan barcha vazirliklarni ayollar boshqardi. Vazirlar mahkamasining 16 a’zosidan sakkiz nafari ayollar edi. Shols hukumatida esa ayol vazirlar soni qisqardi. Bundan tashqari, ilk marotaba hukumat tarkibiga turk millatiga mansub Jem Ozdemir Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vaziri sifatida ma’qullandi.

Yangi ma’muriyat 18 milliondan ortiq emlanmagan nemislarni vaksinatsiyaga ko‘ndirish, iqtisodiyotni hozirgi holatining yanada yashil, raqamlashtirilgan versiyasiga aylantirish kerak bo‘ladi. Saylovoldi va’dasiga binoan buni soliqlarni ko‘tarmasdan, Germaniyani qarzga botirmasdan amalga oshirish lozim bo‘ladi.

Tashqi siyosatda Germaniya

Germaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi doktor Tilo Klinner «Xabar.uz» saytiga bergan intervyusida shunday degan edi: «Qaysi partiyalar bilan koalitsiya tuzishdan qat’i nazar partiyalarning so‘zlariga binoan O‘zbekistonga bo‘lgan yondashuv o‘zgarishsiz qoladi. Federal prezidentimiz janob Frank-Valter Shtaynmayer Sotsial-demokratik partiya vakili. O‘zbekiston bilan aloqalarni yanada rivojlantirish tarafdori. Qanday koalitsiya tuzilishidan qat’i nazar pozitsiyamiz o‘zgarmaydi, deb o‘ylayman».

Olaf Shols hukumatining tashqi siyosatida asosan Osiyo va Amerika davlatlari bilan muloqotlarda katta o‘zgarishlar bo‘lmasligi taxmin qilinmoqda. Shunga qaramay, Yevropa mamlakatlari bilan aloqalarni qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Xususan, Fransiya bilan munosabatlar ancha ijobiylashishi, Britaniya bilan aloqalar mo‘’tadillashishi kutilmoqda.

Germaniyaning yangi kansleri mamlakatni yanada yaxshilashiga shubha yo‘q. Biroq buni kelajak ko‘rsatadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring