Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Inoyat Sodiqova

Onamning «Bundan battari bo‘lishi mumkin edi; o‘limdan boshqaning imkoni bor», degan gaplarini doim yodimda saqlayman.

Ijtimoiy innovatsiya: ta’lim tizimi muammolarini yechishda xalq yordami

Ijtimoiy innovatsiya: ta’lim tizimi muammolarini yechishda xalq yordami

Foto: «Killerinnovations.com»

Bu maqolani yozishni o‘zimga bir yil avval maqsad qilgan edim. Ta’lim tizimida xalq, ota-onalar yordami borasidagi fikrlarimni dars mavzusi doirasida talabalarim bilan bo‘lishdim; ba’zi davlat organlari hodimlariga ham bir-ikki g‘oyamni yetkazdim; imkon bo‘lganda do‘stlarim, tanishlarim bilan muhokama qildim. Va nihoyat mulohazalarim va takliflarimni jamlab, o‘tgan yil sentyabr oyida Prezidentimizning virtual qabulxonasiga murojaat yo‘lladim.

O‘tgan yil noyabr oyida Jahon bankining men xodim sifatida a’zo bo‘lib turgan «ijtimoiy rivojlantirish» guruhi katta mutaxassisi aynan shu mavzudagi ishlar menga yuklatilishini aytganida, xursand bo‘lganimdan «buning evaziga haq olmaslikka ham roziman» deb yubordim.

Ijtimoiy innovatsiya nima? Fuqarolik jamiyatini mustahkamlashda yordam beradigan yangi strategiyalar, konsepciyalar va g‘oyalarni yoxud Oksford universiteti qoshidagi Ijtimoiy tadbirkorlik markazi tadqiqotchilariga asosan, sodda qilib aytganda «ish beradigan yangi g‘oyalar»ni ijtimoiy innovatsiya deb atash mumkin. Ushbu olimlar tarafidan keltirilgan ma’lumotga ko‘ra, iqtisodchilar iqtisodiy o‘sishning 50-80 foizi innovatsiya va yangi bilimlardan keladi deb taxmin qilishadi.

Ijtimoiy innovatsiya hayotning barcha jabhalariga taalluqli va keng imkoniyatli nazariya bo‘lib, uning asoschilari sifatida Petr Druker va Maykl Yang ko‘rsatiladi. Onlayn, tekin va notijorat ensiklopediyaga ehtiyoj sezgan ikki kishining g‘oyasi va harakatlari natijasi bo‘lgan Wikipedia; omma tarafidan xayriya aksiyalari (kraudsorsing/kraudfanding) mexanizmi, Liliya Nikolenko ismli ayol bir iste’molchi sifatida o‘zi xarid qilgan mahsulotiga tavsif berishni xohlashi natijasida paydo bo‘lgan  loyihasi, «Telegram»da o‘z mavzusi bo‘yicha tekin va professional kontent ulashib boradigan «Shaxsiy rivojlanish» kanali va Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida yashovchi hunarmand Dilshod Boltaboyev tashkil qilgan xalq kutubxonasi ijtimoiy innovatsiyaga misollaridir. Ya’ni, yuqorida aytilganiday — ish beradigan, jamiyatga foydasi tegadigan va istagan kishi o‘z hissasini qo‘sha oladigan yangi g‘oyalar — ijtimoiy innovatsiyalar.

Ushbu maqolada esa aynan ta’lim tizimi muammolarini yechishda xalq yordamini nazarda tutadigan ijtimoiy innovatsiya haqida so‘z yuritmoqchiman.

Nazariya tanqidchilari «xalq yordamini turli jabhalarda kuchaytirishni tashviqot qilish davlatlarning budjet taqsimlashdagi nomutanosibliklarga, ayniqsa davlat tarafidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamlarning kam yoki yo‘q bo‘lishiga rozilikni qo‘llab-quvvatlash deganidir» kabi fikrlarni ilgari surishadi. AQSh kabi kapitalistik davlatlar uchun bu hadik bugunning rostiga aylanib bo‘lgan. Ya’ni, davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosati faqat keskin bozor iqtisodiyoti mezonlariga amal qiladi va ijtimoiy kelishmovchiliklar, muammolar ko‘p holatlarda xalq, omma va nodavlat-notijorat tashkilotlar tarafidan bartaraf etiladi. O‘zbekistonning hozirgi holatida esa bu voqelikda paradoks mavjud, ya’ni ijtimoiy sohalar uchun davlat budjeti katta miqdorda ajratiladi, lekin boshqa bir qator sabablar bilan birgalikda, yetarli darajada shaffoflik mavjud bo‘lmaganligi uchun hamda korrupsiya oqibatida tizim samarali ishlamayapti.

Misol uchun, AQShning 2018-yilgi davlat budjeti loyihasiga ko‘ra, ta’lim tizimiga umumiy budjetdan 1,8 foiz mablag‘ ajratilgan, O‘zbekistonning 2018-yilgi budjet raqamlarida esa bu 31,4 foizni tashkil etadi.

Ijtimoiy innovatsiyalar, davlatimizga, xalqimizga, bizga aynan hozir juda ham kerakli mexanizmdir, zero, hozir davlatimizni qo‘llab-quvvatlamasak, biz ham keskin kapitalizm domiga g‘arq bo‘lib, barcha sohalarni, jumladan, ta’lim tizimini ham erkin bozor qo‘liga topshirib qo‘yish xavfi ostida qolamiz.

Ta’lim tizimida ijtimoiy innovatsiya. Bu borada ota-onalar qo‘mitasi tayanch nuqta bo‘lib xizmat ko‘rsatishlari va tizimni moddiy qo‘llab-quvvatlashlari lozim. O‘zimning misolimda aytadigan bo‘lsam, farzandlarim maktabgacha ta’lim muassasasiga qatnaganliklari uchun doimo imkon qadar ularning «bog‘cha»siga beg‘araz moddiy yordam ko‘rsatishga harakat qilaman. Yuqorida aytib o‘tganim, Prezident virtual qabulxonasiga yozgan murojaatnomamdan iqtibos keltiraman:

AQShda maktabgacha ta’lim muassasasi davlat tomonidan biznikiday qo‘llab-quvvatlanmaydi. U mavjud, lekin faqatgina eng quyi qatlamdagi kam ta’minlangan oilalar uchun. 2013-yil ko‘rsatkichlariga ko‘ra AQShda 16 milliondan ziyod bolalar kambag‘allikda yashashadi va maktabgacha ta’lim tizimida o‘qishga haqli bo‘lgan bolalarning 42 foizigina unga qatnaydi.

Sabablari: hukumat doimiy ravishda bir xilda mablag‘ ajratmaydi, dastur mukammal emas, unga yozilish, qatnashda juda ko‘p muammolar mavjud bo‘lib, ota-onalar ushbu dastur foydasini yaqqol sezmasliklari bois, farzandlarining unga a’zo bo‘lishiga oshiqishmaydi. Farzandlarini xususiy bog‘chalarga berishga majbur ota-onalar esa bu narsa ularning iqtisodiy hamda psixologik holatiga qattiq salbiy ta’sir o‘tkazayotganini aytib kelishadi.

Yana bir iqtibos:

Hatto AQShdagi xususiy bog‘chalar ham biznikiday qulayliklarga ega emas:

  • Bolalar yayrab o‘ynadigan hovli-joy yo‘q; xonalari ham tor; bir xonada ovqatlanib, o‘ynab, yana o‘sha xonada yig‘ma yotoqlarda dam olishadi.
  • Bizning MTMlardagiday oshxonalari yo‘q: bolalar asosan yarim tayyorlangan ovqat (polufabrikatlar)dan ozuqlanadi. Bizning oshpazlar esa bolajonlarimizga yaxna va qaynoqqina taomlarni tayyorlab berishadi. O‘tgan qish kunlari farzandlarimning bog‘chasidagi gaz quvurlar ta’mirlanayotgan kuni o‘choqdagi doshqozonda o‘tin yoqib ertalabki nonushta tayyorlashayotganini ko‘rib ko‘zimga yosh kelgan. Bir davlatning, bir insonning bolalarga bo‘lgan mehri bo‘lsa — shunchalik bo‘ladi.
  • Bizdagi kabi yozgi basseynlarda cho‘milish, bayram tadbirlari, o‘quv mashg‘ulotlari, tibbiy ko‘riklar, zarur hollarda logoped darslari uyoqda tursin, oddiy rasm chizish to‘garagi uchun xohishga qarab alohida to‘lov talab qilinadi. Bog‘chaning o‘ziga o‘rtacha haftalik to‘lov esa $800 ni tashkil qiladi.

Qisqa qilib aytganda, hatto AQShda ham davlat maktabgacha ta’lim muassasalari biznikiday qo‘llab-quvvatlanmaydi va hatto xususiy bog‘chalarida ham bolalar uchun sharoitlar ba’zi hollarda bizning MTMlarnikidan yomonroq.

O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim muassasasi
Foto: «Xabar.uz»
O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim muassasasi
Foto: «Xabar.uz»
O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim muassasasi
Foto: «Xabar.uz»

Shuning uchun, AQShdan ko‘chib kelganimizdan keyin yarim yil o‘tmayoq, birinchi farzandim davlat bog‘chasiga qatnay boshlaganidan buyon ularni imkonim qadar qo‘llab-quvvatlayman. Men kabi ota-onalar ko‘p va xohlardimki, ular bundan-da ko‘paysa.

Yaqinda ota-onalar homiyligi orqali taqdim etilgan 60 000 so‘mni olib, bog‘chamiz guruhi uchun avtomobil-o‘yinchoqlar olib kelish uchun bozorga bordim. Bozordagi narxlarga ko‘ra, bu pulga ikki dona o‘yinchoq kelar ekan, xolos. Yonimdan 70 000 dan sal oshiqroq pul qo‘shib, «#birgabiryordam» ko‘rsatdim, deb o‘zimga hisob berdim. Uyga kelib yosh boladay xursandchilik bilan sovg‘alarni o‘radim va ularni bolalarga opasi «qorbobo nomidan» topshirdi. O‘sha kuni bog‘cha opami, menmi yoki bolalarmi, eng ko‘p kim xursand bo‘lganini, to‘g‘risi bilmadim.

O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim muassasasi
Foto: «Xabar.uz»
O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim muassasasi
Foto: «Xabar.uz»
O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim muassasasi
Foto: «Xabar.uz»
O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim muassasasi
Foto: «Xabar.uz»

Davlat ajratadigan budjet mablag‘lari, ta’lim muassasalari o‘qituvchi va tarbiyachilarning oylik masalalari va korrupsiyaga qarshi kurash choralari bilan bir qatorda, ularni masalaning bir tarafi sifatida ko‘rib, biz o‘zimiz, ya’ni xalq ham aravaning bir chetini tortishimiz kerak.

Yozganlarimni o‘qib turib, «Pul ko‘p ekan, yordam beraverasiz-da!» — deyayotgan bo‘lsangiz, adashasiz. Men ham oddiy insonlarning, oddiy o‘qituvchilarning oddiy farzandiman. Yoshligimda «sepsiz tegaman» degan orzuim amalga oshib, turmush o‘rtog‘im bilan rasmiy to‘yimiz to‘rt kishi, nikoh to‘yimiz yigirmata atrofidagi odam bilan o‘tgan. O‘g‘limizga dabdabali «sunnat» to‘yi qilmaganmiz, qilmoqchi ham emasmiz. Urf-odat, qadriyatlarni dabdabasiz, maqtanchoqliksiz, birovlardan qarz olmay ham joyiga qo‘ysa bo‘ladi. Shaxsiy avtomobilimiz yo‘q. Yangi kiyim-kechakka o‘ch emasmiz. Uyimizning ko‘p qismi qirq yil avval ta’mirdan o‘tgan; avvalgi yil yozdagina mehmonxonaning o‘zini ta’mirlashga imkon qildik. Biz uchun hozirda eng muhimi — farzandlarimizning buguni. Zero, kichik yoshda ularga berilgan mehr, ularga ishlatilgan mablag‘ — kelajakda o‘z mevasini beradi. Farzandlarimiz ingliz tilida bemalol suhbatlashadi; kattamiz shaxmat, musiqa va gimnastika to‘garaklariga qatnaydi va asosiy mablag‘ ularni sog‘lom ovqatlantirishga ketadi. Har kuni bittadan hikoya o‘qiymiz va ingliz tilidagi kitoblarimizni aynan ijtimoiy innovatsiyaning bir turi, ehson mexanizmi yordamida shaxsiy sahifam orqali yig‘ib-teraman —https://letsgetfazi.weebly.com/.

Aytganimday, biz kabi ota-onalar ko‘p va maqsadim — ular yana ham ko‘paysa. Chunki, davlat hech qachon hech bir sohani 100 foiz moddiy ta’minlash darajasida bo‘lmaydi. Nafaqat O‘zbekiston, balki dunyodagi hech bir davlat buni ta’min etib berolmaydi. Shunday ekan, o‘z hissamizni qo‘shaylik va mavjud tizimni qo‘llab-quvvatlaylik. Prezidentimiz Shavkat Miromonovich «2018-yil O‘zbekiston taraqqiyotida hal qiluvchi yil bo‘ladi», deb e’tirof etdi. Kelinglar, oilaviy budjetimizni ko‘rib chiqaylik, ortiqcha sarf-harajatlarni kamaytirib, imkon qadar ta’lim tizimida ish beradigan g‘oyalarni o‘zimiz berib, o‘zimiz qo‘llab-quvvatlaylik. Agar yozganlarimni o‘qib «Oilaviy sharoiti ko‘tarar ekan, turmush o‘rtog‘i tushunar ekan», – degan bo‘lsangiz, 100 foiz haqsiz. O‘zbek oilasida, farzandlar yoshlik vaqtida odatda ona moliyaviy masalalarda hal qiluvchi ovozga ega emas, lekin ta’lim va tarbiya uning bo‘ynida. Bu butun jarayondagi zanjirning uzilishiga olib keladi. Ota-ona o‘z farzandlari va ularni voyaga yetkazishdagi tizim va unda qatnashuvchi insonlarga munosabat masalalarini birgalikda hal qilmas ekan, qaynona-qaynota va boshqa oila a’zolari ham bularning barchasini tushunmas ekan, zanjir hech qachon uzviy va mustahkam bo‘lmaydi.

Yana virtual qabulxonaga murojaaatimdan iqtibos:

Har bir MTMda majburiy ota-onalar qo‘mitalari faoliyat olib borishlari va ular bog‘cha-bola-ota-ona uchburchagini mustahkamlashga xizmat qilishlari lozim. Shuningdek, har bir rivojlangan davlat tajribasidan kelib chiqqan holda, bunday qo‘mitalar ota-onalarning ixtiyoriy yordam puli evaziga tashkil etiladigan fondni boshqaradi, uning hisobotini yuritadi. Ayni shunday sxema hozirda Toshkent shahrining davlat tasarrufidagi ba’zi maktablarida sirtdan ishlab kelyapti va hamma ularga yopishib olgan, farzandini o‘sha maktablarda ko‘rishni xohlashadi. Ota-onalar tushunishi lozimki, buni har qaysi davlat ta’lim muassasasida tashkil qilsa bo‘ladi va eng asosiy kuch va yordam — ota-onalarning o‘zlari. Va bunday harakatlarning bari qonuniylashtirib qo‘yilsa, ochiqchasiga, shaffof olib borilsa bas.

Yuqorida yozganlarim nafaqat MTM faoliyati doirasida, balki butun ta’lim tizimida o‘rinli va foydalidir.

Ijtimoiy innovatsiya kabi ko‘rinayotgan, hali maqsadlari aniq fosh etilmagan ushbu «MaktApp» loyihasining promo videosiga hamohang video kutaman. Unda o‘z xohishi bilan bolaga loqayd bo‘layotgan ota-onalar, ishda majbur ushlanib qoladigan otalar, umri oshxonada ovqat tayyorlash, uy tozalash, mehmonlarga qarash bilan o‘tib ketib, farzandiga vaqt, energiya ajrata olmay, ularga bee’tibor qolishga majbur onalar tasvirlanishini kutaman.

Ijtimoiy faollik uchun barchada nafaqat moddiy, balki ijtimoiy imkoniyatlar mavjud bo‘lishi shart.

Imkoniyatlari mavjudlar uchun esa quyidagi mexanizmlar yo‘lga qo‘yilishini taklif etaman:

Ω Ta’lim tizimiga sarf etilayotgan davlat budjeti mablag‘larining shaffofligini oshirish;

Ω «Gofundme.com» va «Kickstarter.com» kabi kraudfanding platformalarini yaratish;

Ω #birgabiryordam shiori ostida ta’lim muassasalari aksiyalar o‘tkazib, ota-onalar va homiylarni jalb qilish;

Ω Prezidentimiz taklif etgan #meningfikrim platformasida #meninghissam ruknini ochish va unda fuqarolarning mamlakat rivojiga qo‘shgan hissalarini yoritib borish;

Ω Ota-onalar qo‘mitasi faoliyatini ijtimoiy innovatsiya g‘oyalari asosida shakllantirish va ularning homiylik harakatlariga keng yo‘l ochib, qo‘llab-quvvatlash.

Ijtimoiy nazorat — ijtimoiy majburiyat, ijtimoiy ehson va ijtimoiy faollik ham deganidir. Bu jarayon hozirgi davrda ijtimoiy innovatsiyalar orqali amalga oshirilishi eng samarali usul hisoblanadi. Umid qilamanki, faol harakatlarimiz natijasida hamda innovatsion g‘oyalarni ta’lim tizimida tatbiq qilib, ko‘plab yutuqlarga erishamiz. Farzandlarimizga, davlatimizga va o‘zimizga bir umrlik foyda keltiramiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring