Jahon bo‘ylab global qarz miqdori rekord darajaga chiqdi
Dunyo bo‘ylab banklarda foiz stavkalari oshganiga qaramay, global qarz 2023- yilning ikkinchi choragida rekord darajaga, ya’ni 307 trillion dollarga yetdi. Bu haqda Reuters Xalqaro moliya instituti (IIF) hisobotiga asoslanib yozmoqda.
Global qarz deganda barcha mamlakatlar hukumatlari, banklari, nomoliyaviy korporatsiyalar va uy xo‘jaliklarining qarzlari tushuniladi.
IIF hisoblaganidek, 2023-yilning birinchi yarmida global qarz 10 trillion dollarga, so‘nggi o‘n yil ichida esa 100 trillion dollarga o‘sgan. Jahon qarzining jahon yalpi ichki mahsulotiga nisbati ikkinchi chorakda 336 foizga ko‘tarildi.
Bu nisbatning oshishiga yalpi ichki mahsulot o‘sishining sekinlashishi va inflyasiya darajasi asosiy sabab bo‘lgan. Qolaversa, to‘plangan qarzning 80 foizdan ortig‘i rivojlangan mamlakatlarga to‘g‘ri keladi. Qarzlarning eng katta o‘sishi AQSh, Yaponiya, Buyuk Britaniya va Fransiyada qayd etilgan. Rivojlanayotgan mamlakatlar orasida Xitoy, Hindiston va Braziliya o‘z qarzlarini tez sur’atlarda oshirdi. Eng katta qarzga ega davlat AQSh sanaladi (31 trln. dollardan oshiq)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter