Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi
Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yolga qarshi qo‘zg‘atilgan sakkizta jinoiy ish bo‘yicha ko‘rilgan sud ishida unga nisbatan umrbod qamoq jazosi hukmi chiqarildi.
Jinoiy ishlari bo‘yicha epizodlarning to‘rttasi mamlakatda harbiy holat joriy etilgani bilan bog‘liq.
Seul sudi uni 2024-yil dekabr oyida harbiy holat e’lon qilingan paytda qo‘zg‘olon uyushtirishda aybdor deb topdi.
Avvalroq esa prokuratura Yun Sok Yolga o‘lim jazosini so‘ragan edi.
2024 yil dekabr oyi boshida Yun Sok Yol Janubiy Koreyada favqulodda holat e’lon qilgan va «Shimoliy Koreya tarafdori bo‘lgan davlatga qarshi kuchlarni yo‘q qilish» zarurati sabab muxolif partiyalarini «mamlakatni falaj qiladigan g‘ayritabiiy harakatlarni to‘xtatishga» chaqirgandi. Parlament prezidentni impichment qilish uchun ovoz berdi va u yanvar oyida hibsga olindi.
Isyon ayblovidan tashqari, Yun Sok Yol adolatni amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, hokimiyatni suiiste’mol qilish va 2024-yil oktyabr oyida Shimoliy Koreyaga dronlar yuborish operatsiyasida dushmanga yordam berishda ham aybli deb topilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil yanvarida sud sobiq prezident Yun Sok Yolni hibsga olishga to‘sqinlik qilganlikda aybdor deb topib, uni besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter