Jinoyatning millatga daxli bormi?
Elas-elas esimda, endi aqlimni taniy boshlagan paytlarim bo‘lsa kerak, radiodagi vahimali axborotlardan juda qo‘rqadigan bo‘lib qolgandim. Chunki ularda odatda AQShning yadro quroli yaratayotgani, tish-tirnog‘i bilan qurollanayotgani, qaysidir mamlakatlarga iflos qo‘lini cho‘zayotgani-yu qayerlargadir qo‘shin kiritayotgani shu qadar dahshat bilan aytilar ediki, bu gaplar hayotga tashna bolachaning murg‘ak qalbiga qo‘rquv solmasligi mumkin emasdi...
Shukurki, bu qo‘rquv men uchun uzoq cho‘zilmagan. Bilmadim, axborotlar sal sokinlashdimi, yo yoshim ulg‘aya borgani sari boshqa omillar bilan chalg‘ib ketdimmi?..
Eng qizig‘i, bugun — yoshim qirqdan osha turib negadir yana o‘sha yoshlikdagi qo‘rquv tez-tez esimga tushadigan bo‘lib qoldi. Bilmadim, balki bu ham xuddi bolalik davri kabi inson hayotining yangi bir bosqichida ro‘y beradigan tabiiy holatdir. Ehtimol, rostan ham unga asos bordir...
Gap shundaki, meni bugun yana o‘sha axborotlar — dunyoning falon chekkasida qaysidir o‘zbek nimadir yomon ish qilgani haqidagi internet xabarlari cho‘chitmoqda. Shunday xabarlarga duch kelsam yuragim eziladi, har safar ichimda bir narsa uzilganday bo‘ladi. Bu qo‘rquvning eng cho‘qqisi, ehtimol, «31 oktyabrda Nyu-Yorkning Manxetten tumanida yuk mashinasida odamlarni bosib ketgan, kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan Sayfullo Soipovga terrorchilik va qotillik sodir etish ayblovlari qo‘yildi» degan shumxabar bo‘lgandir. Ammo shu kecha-kunduzda ijtimoiy tarmoqda keng muhokama bo‘layotgan «Voronejda chaqalog‘ini sotishga uringan o‘zbekistonliklar» haqidagi xabarning vahimasi ham la’nati Sayfulloning qilmishi haqidagisidan kam ta’sir qilmayapti...
Yo‘q, meni xorijdagi sayfullolar ham, bolafurushlar ham cho‘chitayotgani yo‘q! Meni qo‘rqitayotgan narsa yana o‘sha axborotlarning o‘zi! Ha, o‘zbekka urg‘u berayotgan qing‘ir-qiyshiq xabarchalar yuragimga g‘ulg‘ula solmoqda! Ularning aksariyati oddiy kundalik yangiliklar emasligidan ko‘nglim g‘ash!
...«Moskvada o‘zbekistonlik shaxslarning yashirin bosmaxonasi topildi», «Turkmanistonda o‘zbek diasporasi vakili 15 yilga qamaldi», «Yoqutistonda mahalliy fuqaro va o‘zbekistonlik ishchilar qor tufayli mushtlashib ketdi», «Rossiyada o‘zbekistonlik shaxs politsiyachilarga qaychi bilan hujum qildi», «Afg‘onistonda IShID qo‘mondoni qo‘lga olindi, u o‘zbek ekani aytilmoqda»... So‘nggi bir oy ichida ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlarida aylangan bu xabarlarni umumlashtiruvchi narsani darhol angladingiz — «o‘zbek» va «o‘zbekistonlik» degan so‘zlar. Endi keling, masalaga boshqacharoq ko‘z bilan qaraylik. Dunyoda emas, birgina O‘zbekistonning o‘zida qanchadan-qancha yashirin bosmaxona, yashirin sex, yashirin ombor va yana allaqanday yashirin faoliyatlar fosh qilinadi va ularning birontasida jinoyatchilarning millatiga urg‘u beriladimi? Ko‘pmillatli yurtimizda qanchadan-qancha jinoiy guruhlar qo‘lga olinadi va ularning qaysi diaspora vakili ekani to‘g‘risida vahima qilinadimi? Nihoyat, eng vahimalisi, la’nati IShIDning bir emas, o‘nlab, yuzlab qo‘mondonlari qo‘lga olinayapti, o‘ldirilayapti, ammo hammasining ham millati aytilayaptimi? Umuman, qachondan boshlab yomon ish qiladiganlar millatga ajratila boshladi o‘zi? Axir o‘g‘irlikning, firibgarlikning, kazzoblikning, qotillikning biron-bir millatga aloqasi bormi?
Meni bugun mana shu savollar qiynaydi! Turli mayda-chuyda axborotlarni tarqatayotib, millatga urg‘u berayotganlarning maqsadini anglayolmaganimdan yuragim g‘ash! To‘g‘risi, yashirmayman, ana o‘shalarning o‘zlarining millatini bilgim keladi...
Mening eng so‘nggi qo‘quvim esa mana shunday mag‘ziga fitna yashirilgan axborotlarni ko‘r-ko‘rona tarjima qilib tarqatayotgan, ijtimoiy ahamiyatidan qat’i nazar ularni muhokamaga qo‘yib, xalqimizni vahimaga solayotgan yurtdoshlarimizning soddaliklaridan!
Qolaversa, yana bir mulohaza bor — agar bir yurtda yuzta kichik jinoyat va bitta katta jinoyat qayd etilsa, avvalo kichik jinoyatlarga qarshi kurashmoq kerak bo‘ladi. Chunki asli o‘sha katta jinoyat ham bolalayotgan kichik jinoyatlarning hosilasi bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, biz ham xorijning vahimasiga ergashmasdan, oramizda bolalab borayotgan muammolarga hushyorroq bo‘lmog‘imiz kerak emasmi? Deylik, yonimizdagi do‘stimizning telefonda kimgadir yolg‘on gapirayotganiga beparvo bo‘lgan holda farzandlarimizning rostgo‘y, rostrav bo‘lib ulg‘ayishidan umid qilishimiz sog‘lom aqlga to‘g‘ri keladimi? Yoki yo‘lda ketayotib o‘zimiz suringan cho‘pni chetga olib tashlay olmasak, millat taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan muammolar haqida bosh qotirishga ma’naviy haqqimiz bormi?
O‘zbekka urg‘u berayotgan xorijning vahimali axborotlari esa bizni ana shu kabi oddiy va o‘ta muhim savollardan chalg‘itayotgandek go‘yo!


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter