Anomal quruq davr: noyabr oyidagi ob-havo tahlil etildi
O‘zgidromet xabariga ko‘ra, yakunlangan noyabr oyi juda quruq va kamyog‘in bo‘ldi. Noyabr oyining o‘ziga xos iqlimiy xususiyati havo haroratining oy boshidan oxirigacha tez pasayishi hisoblanadi, chunki noyabr oyining oxiri qish mavsumiga o‘tish davridir.
Bu yil noyabr oyidagi havo harorati odatdagi iqlim tartibiga mos kelmadi. Noyabr oyining birinchi o‘n kunligi eng sovuq bo‘lib, u me’yordan 1-4 darajaga sovuq bo‘ldi. O‘n kunlik o‘rtasida sovuqning eng yuqori cho‘qqisida, hududning katta qismida harorat kechalari 1-6 daraja sovuqqacha, respublika shimolida ba’zi joylarda 9-11 daradja sovuqqacha pasaydi.
Oyning ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklari iliq havo kuzatildi. O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlari iqlim me’yoriga nisbatan eng iliq bo‘ldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Navoiy viloyatining shimoli bo‘yicha 2025 yilning noyabr oyi meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun eng iliq noyabr oylari (me’yordan 2-4 darajaga yuqori) uchligiga kirdi.
Respublikaning qolgan hududlarida noyabr oyining o‘rtacha oylik harorati o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘ldi.
Havo haroratining eng yuqori qiymatlari oyning o‘rtasida kuzatildi. Kunduzi havo 19-22 daraja iliqqacha, eng chekka janubda va Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim joylarida 23-25 daraja iliqqacha isidi. O‘tgan noyabr oyida maksimal va ayniqsa minimal harorat qiymatlari o‘zlarining ekstremal qiymatlaridan uzoq bo‘ldi.
Noyabr juda anomal quruq bo‘ldi. 4-5-noyabr kunlari respublika hududi bo‘yicha yomg‘ir yog‘di. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida, Qashqadaryo viloyatining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida yomg‘ir o‘rtacha jadallikda, ayrim joylarda esa hatto kuchli yomg‘ir yog‘di. Ammo bu yomg‘ir yog‘gan yagona davr edi. Keyinchalik quruq ob-havo O‘zbekistonning barcha hududida oy oxirigacha davom etdi.
Umuman olganda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida oylik yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yordan 15% ga kam bo‘ldi. Ushbu hududlar bo‘yicha o‘tgan noyabr oyi barcha kuzatuv yillari uchun eng quruq noyabr oylari beshligiga kirdi. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik me’yordan 20% dan 50% gacha bo‘ldi. 4-5-noyabr kunlari tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik qor ko‘rinishida qayd etildi va va beqaror qor qoplami hosil bo‘ldi, u havo harorati ko‘tarilishi bilan butunlay eriydi.
Harorat inversiyasini saqlashga hissa qo‘shadigan barqaror ob-havo holati, yog‘ingarchilikning yo‘qligi va uzoq vaqt davomida asosan kuchsiz shamol esishi havoni ifloslantiruvchi moddalardan tabiiy tozalanishiga to‘sqinlik qildi. Respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik mavsumiy me’yordan 2% dan 35% gacha bo‘ldi. Ushbu kuz fasli barcha kuzatuv davri uchun eng quruq kuz mavsusmlari beshligiga kirdi. Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasining markaziy va janubiy viloyatlarida mavsum uchun yog‘ingarchilik miqdori me’yordan 40-80% ni, shimoliy hududlarda esa 95-222% ni tashkil etdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter