Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Doniyor Ro‘zmetov

O‘qiganim va bilganim sari o‘qimaganim va bilmaganim qanchalar ko‘p ekanligini tushunib xijolat tortamen!

Jurnalistikaning fundamental qoidalari: KNQQQN!

Jurnalistikaning fundamental qoidalari: KNQQQN!

Haqiqat degan narsa esa achchiq bo‘ladi. Shuning uchun uning zaharini uni izlab topgan va yuzaga olib chiqqan insonlar yutishadi.

Foto: «jrnlst.ru»

Kinoda aytilganiday «Men jurnalist emasman, ammo ne qilay, bu hayot qo‘limga tutqazdi qalam!..».

Yashirmayman, bir paytlar jurnalist bo‘lishni xohlaganman va harakat qilganman. O‘quvchilik paytlarimdayoq dastlab tuman gazetasida, keyinchalik respublikamizning qator gazetalarida maqola va she’rlarim chop etilgan. Universitetda o‘qib yurgan kezlarim «Mohiyat» gazetasida norasmiy ravishda bir yilcha ishlaganman. Televideniyeda «Assalom, O‘zbekiston!» ko‘rsatuvida birinchi (va oxirgi) lavham ketgan va ma’lum sabablarga ko‘ra bu ishni davom ettirolmaganman.

Fransiyada ta’lim olish orzusida hujjatlarimni jo‘natgan paytimda ikkita sohadan birida ta’lim olishni orzu qilgan edim: jurnalistika yoki turizm. Do‘stlarimning maslahatiga binoan uchinchi oliy ta’lim muassasasi sifatida Parij siyosiy fanlar institutini tanlagan edim, lekin umidim ko‘proq dastlabki ikki muassasadan edi. Taqdir taqozosi bilan ular menga javob berishmadi. Men umid qilmagan Siyosiy fanlar instituti esa meni o‘qishga qabul qilib, grant ham berdi. Siyosiy fanlar institutini bitirgach, baribir Sorbonna universitetida o‘qib, turizm magistri bo‘ldim. Jurnalistika borasida ta’lim olish esa nasib qilmadi. Shu bois hozir havaskor sifatida maqolalar yozib tursam ham o‘zimni hech qachon jurnalistman demayman. Tushunarliroq qilib aytganda, men mashina haydashni bilaman, lekin haydovchilik guvohnomam yo‘q.

Jurnalistlar o‘z xohishi bilan eng «zararli kasb»ni tanlagan insonlarga o‘xshaydi. Ular dunyodagi eng ezgu ishlardan birini — haqiqatni izlash, izquvarlik qilib ma’lumot to‘plash va uni insonlarga yetkazish, odamlarga xolislik ko‘zgusini tutish kabi olijanob vazifalarni bajaradi. Haqiqat degan narsa esa achchiq bo‘ladi. Shuning uchun uning zaharini uni izlab topgan va yuzaga olib chiqqan insonlar yutishadi. Insonlarga oyna tutish ham shunday narsa. O‘zlarining yuzlari qiyshiq bo‘la turib, odamlar o‘zidan emas, balki ularga ko‘zgu tutganlardan xafa bo‘ladilar.

Jurnalistlarni sport zalidagi mushtlaydigan qopga ham o‘xshatish mumkin. Agar haqiqatni olib chiqsa ularni tepadagilar mushtlaydilar, haqiqatni olib chiqmasa o‘z ishlarini qilmagani uchun pastdagilar mushtlaydilar. Ya’ni har qanday holatda ham jurnalist musht yeydi. Bu gaplarimning isboti sifatida dunyoda eng ko‘p tazyiqlarga uchraydigan va kasbi tufayli vafot etadiganlar jurnalistlar ekanini eslatishim kifoya.

Shu bilan birga jurnalistlik eng sharafli kasblardan biri hisoblanadi. Yuqoridagi qiyinchiliklarga qaramasdan dunyodagi eng xayrli ishlarni qilish uchun inson jasur, ko‘ngli qorday oq, asablari mustahkam  bo‘lishi kerak. Tabiiyki, unda xudo bergan iste’dod, teran nigoh, nozik did ham bo‘lishi lozim. Jurnalist xudbin bo‘lmaydi. O‘zining qarashlariga to‘g‘ri kelmasa ham o‘zgalarning o‘zgacha fikrlariga o‘rin beradi. Har kim ham jurnalist bo‘lolmaydi. Bu kasbni faqat eplagan va chidaganlarga chiqargan...

Jurnalistman deb yurganlarning hammasi ham jurnalist emas. Jurnalistman deyish uchun avvalo jurnalistikaning fundamental qoidalarini bilish kerak.

Men sohaga daxli bo‘lmagan kishi o‘sha sohani «ekspertiza» qilishiga qat’iyan qarshiman. To‘g‘ri, har kimning o‘z fikr va qarashlari, barcha sohalarga oid umumiy bilimi bo‘lishi mumkin. Lekin shifokorlikka umuman daxli yo‘q kishi jarrohga qanday operatsiya qilish kerakligini o‘rgatishini qabul qilolmayman. Ta’sirliroq chiqishi uchun shifokorlardan misol keltirdim, lekin bu barcha sohalarga tegishli gap. Ammo iste’molchilar oshpazning ovqati-yu ishlab chiqaruvchining mahsulotiga baho bera olganiday men ham iste’molchi sifatida milliy jurnalistikamizda, jurnalistlarimizning savodxonligi borasida muammolar mavjudligini aytishim mumkin deb o‘ylayman. Sal qo‘polroq o‘xshatish qiladigan bo‘lsam, jurnalistlarimiz orasida ham san’at sohasidagi kabi mohir jurnalistlar va otarchi jurnalistlar bor. Balki oldinlari ham shunday bo‘lgandir, lekin hozir informatika va texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar taraqqiyoti tufayli barchaga birday minbar tegadigan bo‘ldi. Natijada haqiqiy jurnalistik maqolalar anqoning urug‘i bo‘lib ketdi. Ular yo‘q emas, bor, faqat ularni «yovvoyi o‘tlar» orasidan izlab topishga to‘g‘ri keladigan bo‘lib qoldi.

Eng asosiysi, otarchi jurnalistlarning «mahsulotlari»da jurnalistikaning fundamental qoidalari yo‘qolib ketdi. Ba’zan xabar va maqolalarni o‘qib bo‘lgach, insonlarda javobdan ko‘ra ko‘proq savol paydo bo‘ladigan bo‘ldi. Vaholanki, ma’lum mavzu yuzasidan jurnalist tadqiqot olib borib, maqola yozgach, o‘quvchi uni qayta o‘rganib yurishi kerak emas. Bu xuddi oshpaz oldingizga chala pishgan ovqatni olib kelib qo‘yganday gap. Haqiqiy jurnalistika bunday bo‘lmaydi...

Jurnalistikaning fundamental qoidalari nima? Ingliz jurnalistlarida «5 ta w» degan aksiomaga o‘xshagan gap bor. Bu 5 ta «w» jurnalistning materialida javoblari albatta bor bo‘lishi kerak bo‘lgan 5 ta savoldir. Bular: «what?» (nima?), «who?» (kim?), «where?» (qayerda?), «when?» (qachon?), «why?» (nega?). Buni fransuz jurnalistlari yanada kengroq qilib «QQOQCCP» deydilar: «qui?» (kim?), «quoi?» (nima?), «où?» (qayerda?), «quand?» (qachon?), «comment?» (qanday?), «combien?» (qancha?), «pourquoi?» (nega?).

Agar fransuz jurnalistlarining fundamental qoidalarini olib, o‘zimizga joriy etadigan bo‘lsak, bizning jurnalistlarimizning materiallarida «Kim? Nima? Qayerda? Qachon? Qanday? Nega?», ya’ni «KNQQQN»larning javobi bo‘lishi kerak.

Endi xolisona o‘ylab ko‘raylik. Milliy jurnalistikamizning so‘nggi yillardagi materiallarida mana shu fundamental savollarning javoblari mavjudmi? Agar «ha» bo‘lsa yaxshi. «Yo‘q» bo‘lsa, demak, biz «chala pishgan taomlar»ni iste’mol qilib yuribmiz...

O‘zbek jurnalistikasi shonli o‘tmishga ega. Agar bugun jurnalistikamizda kamchiliklar mavjud bo‘lsa, ularni hal qilish uchun hali ham kech emas.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring