Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kartoshka qachon arzon bo‘ladi? Dehqonning dardini kim eshitadi?

Kartoshka qachon arzon bo‘ladi? Dehqonning dardini kim eshitadi?

Foto: «Xabar.uz»

«Bozorda bir mahsulotning narxi ko‘tarilsa, hamma vahimaga tushadi va bunga qarshi choralar ko‘riladi. Lekin ayrim mahsulotlarning narxi tushib ketib, dehqon kasodga uchraganda uning dardi bilan hech kimning ishi bo‘lmaydi». Tahririyatimizga Akmal Sodiqov degan yurtdoshimizdan kelgan murojaatdagi bu gap bizni o‘yga toldirib qo‘ydi. Rostan ham bozorga tushib, go‘sht nega qimmat, kartoshka qachon arzon bo‘ladi deb savol tashlaymizu, supermarketda karamni tekinga tarqatishayotganida xursand bo‘lib olib ketaveramiz. Lekin birortamiz uni yetishtirgan bechora dehqon nima qildi ekan o‘ylamaymiz...

«Assalomu alaykum, hurmatli «Xabar.uz» jamoasi xodimlari. Men oddiy bir dehqon bolasiman. Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumanida ancha yillardan beri dehqonchilik qilaman. Bizda asosan sabzi, kartoshka, piyoz, pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, loviya va hokazolar ekiladi. Dehqon ekinim yaxshi bo‘lsin deb kechani kecha, kunduzni kunduz demasdan mehnat qiladi. Hosilni bir amallab, ne-ne orzularda yig‘ishtirib olib, endi sotaman deb tursa, narx-navodan hafsalasi pir bo‘ladi. Chunki mahsulotdan tushgan foyda ekinga ketgan xarajat bilan nari borsa bir xil, ayrim ekinlarniki undan ham past bo‘ladi.

Shuncha ekinlar o‘z-o‘zidan unib qolayotgani yo‘q axir. Unga ham qancha mehnat, peshona teri ketadi. Oddiy misol: hozirgi kunda agar 1 yilga yer olib, ekin qilaman desangiz 1 gektar joyni o‘rtacha 6 mln. so‘mga ijaraga olasiz. Uni avval haydatasiz, tekislatasiz, keyin jo‘yak oldirasiz. 1 gektar yerni ekinga tayyorlashning o‘ziga 1 mln. so‘m ketadi. Traktorchiga uning yonilg‘isini ham alohida olib berishingiz kerak. Jonivor dizel yonilg‘isining litrini 5500 so‘mdan topsangiz topdingiz, bo‘lmasa 6700 so‘mdan qo‘ldan sotib olasiz.

So‘ng ekish uchun kartoshka urug‘ligi xarid qilasiz. Yangi kartoshka urug‘ligi o‘tgan yili bozorlarda naviga qarab 6 mingdan 12 minggacha ko‘tarilib ketdi. Fermerlar agrofirmalardan nisbatan arzonroqqa urug‘lik olishi mumkindir, lekin oddiy dehqon bunday imkoniyatga ega emas.

Kim tonnasiga 50$dan bersa, Gollandiya urug‘ligi beriladi. «Ko‘kidan» uzatmaganlarga Rossiyaning bizning iqlimda unchalik yaxshi bo‘lmaygan navni berishadi.

Qolaversa, eshitishimizcha, agrofirmalar bu yil urug‘likni 7500dan narxlagan, u ham oldindan puli to‘lansa. Agar kreditga olsangiz 10-11 ming so‘mdan berishayotgan ekan. Bundan tashqari, ularning ham o‘yini bor. Kim tonnasiga 50$dan bersa, Gollandiya urug‘ligi beriladi. «Ko‘kidan» uzatmaganlarga Rossiyaning bizning iqlimda unchalik yaxshi bo‘lmaygan navni berishadi. Hozirda hammaga kartoshka ekilsin, degan topshiriq bor. Dehqon ekishga ekadikuya, lekin shuncha xarajat qilib, ertaga uning narxi tushib ketsa nima bo‘ladi? Dehqon yoki fermer qilgan katta xarajatini nimaning hisobidan qoplaydi?

Shu sababdan, agrofirmalar orqali fermerlarga ham, oddiy tomorqachi dehqonlarga ham arzonroq narxda urug‘lik sotib olish imkoni yaratilsa, yaxshi bo‘lardi.

1 gektar  yerga ekish uchun 3,5-4 tonna urug‘lik zarur. Uni ekkandan keyin ham o‘zi bo‘lmaydi. Ekinga qarash kerak, sug‘orish, chopish, yana traktorda kultivatsiya qildirish kerak. Eng asosiysi, unga o‘g‘it berilishi lozim. O‘g‘it berilmasa, hosil yaxshi bo‘lmaydi. Har yili bitta joyga ekin ekkanidan keyin yer ham charchaydi. O‘g‘itsiz hech narsa unmaydi. Azot va boshqa mineral o‘g‘itlarni olish ham mushkul ish. Amallab uni topasiz va qopini 50-60 ming so‘mdan sotib olasiz. 1 gektarga ba’zan 40 qopgacha mineral o‘g‘it berilmasa, kutilgan hosilni olib bo‘lmay qolgan.

Hosilni yig‘ishtirib olish ham bir xarajat. Yana texnika ishlatiladi, hasharchi yollanadi. Xullas, hisoblasak 1 gektardan 20-25 tonnacha hosil olinadi. Kartoshkaning hozirgi bozor narxi dehqonning daromad topishi uchun yomon emas, ammo xarajati ham oz emas.

Qisqacha hisoblab ko‘ring:

  • yer – 6 mln. so‘m;
  • urug‘lik – 30 mln. so‘m (kamida);
  • texnika va yonilg‘iga – 2 mln. so‘m;
  • tabiiy va mineral o‘g‘itga – 2 mln. so‘m;
  • ekinga ishlov berish, yig‘ishtirib olish uchun ishchiga, texnikaga – 3 mln. so‘m;
  • jami xarajat — o‘rta hisobda 43 mln. so‘m.

Endi o‘rtacha 22 tonna hosilni joyida 2500 so‘mdan sotdik deylik, 55 mln. so‘m bo‘ladi. Foyda 10-15 million so‘m atrofida. Bir qarashda yomon daromad emas. Shuning uchun ham ko‘pchilik ko‘proq kartoshka ekib, yaxshiroq daromad olishni istaydi. Ammo bunga hozir hammaning ham qurbi yetmaydi. Mavsum oxirida daromad keltiradigan hosil yetishtirish uchun boshlang‘ich sarmoya lozim va bu kichkina summa emas (bir gektar kartoshka yetishtirish uchun 43 mln. so‘m xarajat hisobladik). O‘zi shundoq ham qishdan amallab chiqib olgan oddiy dehqon bunday boshlang‘ich sarmoyani topishi amrimahol.

Bunga imkoni borlarning ham ishi oson kechmaydi. Chunki mahsulotning narxi u yetishtirilgan paytda qanday bo‘lishini aniq bilib bo‘lmaydi. Katta maydonlarda mahsulot yetishtirib, uning narxi tushib ketishi oqibatida kasodga uchrayotganlar qancha. Masalan, o‘tgan mavsum qancha gektarlab karam shundoq dalaning o‘zida qolib ketdi. Kilosini ulgurji 200 so‘mdan sotib oladigan xaridor ham topilmadi.

O‘tgan mavsum dalada qolib ketgan karam maydoni. Foto: «Xabar.uz»

Bir gektar yerga millionlab sarflab karam ekkan va oxirida bir so‘m ham ishlab topmagan dehqonning ahvolini tasavvur qilavering.

Dehqon o‘z oilasini faqatgina shu ekkan mahsulotidan olgan daromad bilan boqadi, qishdan chiqaradi. Bitta oilaning oylik, fasllik, yillik xarajati qancha ekanini o‘zingiz yaxshi bilasiz.

Hozirgi kunda poliz ekinlari yo eksport qilinmay qo‘ygan, yoki buning aniq mexanizmlari yo‘q. Ayrim yillarda ortiqcha yetishtirilgan mahsulotlarimiz yo maydonning o‘zida qolib ketayapti, yo chiqindixonalarni to‘ldirayapti.

Masalan, oddiygina piyozni oladigan bo‘lsak, menda 30 tonna piyoz bor. Yaqinda xaridorlar kelib kilosini 500 so‘mdan narxlab ketishdi. Men bu hosilni ekib, yig‘ishtirib olgunimcha 25-30 mln. so‘m sarflaganman. To‘g‘ri, ulgurji olishni taklif qilayotgan xaridorlar aytgan narx bozornikiga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin biz katta miqdordagi hosilni bozorlarga olib chiqib sotishimiz ham vaqt, xarajat va ovoragarchilik (bozorlarda har bir rastaning o‘z egasi bor) talab qiladi.

Bechora dehqon taqdiridan afsuslansa-da, har bahor umid bilan ketmonini yelkalab, dalaga chiqaveradi, ekinini ekaveradi.

Bozorda bir mahsulotning narxi ko‘tarilsa, hamma vahimaga tushadi va bunga qarshi darhol choralar ko‘riladi. Lekin ayrim mahsulotlarning narxi tushib ketib, dehqon kasodga uchraganda uning dardi bilan hech kimning ishi bo‘lmaydi. Axir buning ortida qancha odamning mehnati, qancha oilalarning taqdiri yotibti...

Bechora dehqon taqdiridan afsuslansa-da, har bahor umid bilan ketmonini yelkalab, dalaga chiqaveradi, ekinini ekaveradi».

Tahririyatdan:

Akmal Sodiqov ko‘targan ushbu mavzu odatda kam eslanadigan, ammo juda og‘riqli masala. Dasturxonimizni to‘ldiradigan, bozorlarimizni noz-ne’matlar bilan ta’minlaydiganlar shu dehqonlar. Yuqorida bildirilgan fikrlardan ko‘rinib turibdiki, dehqon iqtisodiy va boshqa sabablar tufayli mushkul holatga tushganida uning ijtimoiy himoyasini ta’minlaydigan hech qanday mexanizm yo‘q. Aslida ularga qandaydir ijtimoiy himoya ham kerak emas. Shunchaki, mahsulotini o‘z tannarxidan kam bo‘lmagan narxda sotishiga yo‘l ochilsa kifoya. Ayniqsa, bir turdagi mahsulot ichki bozor ehtiyojidan ortiq yetishtirilganida, uning xorijga chiqarilishiga yo‘l beradigan mexanizmlar shakllantirilishi zarur.

Olgan ma’lumotlarimizga ko‘ra, Samarqand viloyatida o‘tgan kuzda yetishtirilgan karamni dehqon-fermerlardan 200 so‘mdan sotib olgan savdogarlar uni vodiyga quritish sexiga olib borib berishar ekan. Savol tug‘iladi: 200 so‘mlik mahsulot Samarqanddan vodiyga olib borilguncha yo‘l xarajati uning narxidan qimmatga tushmaydimi? Har bir viloyatda yetishtiriladigan mahsulot  turiga qarab, uni quritadigan sexlar tashkil etilsa bo‘lmaydimi?

«Nimani xor qilsang, shunga zor bo‘lasan» degan naql bor xalqimizda. Jahon eshiklari ochilgan bugungi kunda tayyor mahsulotlarimizni xorijga eksport qila olmasligimiz achinarli hol emasmi?

Muallif aytganidek, o‘tgan yili gektar-gektar karam shundayligicha dalada qolib ketdi. Uni uzib, bozorga olib borish o‘zini oqlamay qoldi hatto. «Nimani xor qilsang, shunga zor bo‘lasan» degan naql bor xalqimizda. Jahon eshiklari ochilgan bugungi kunda tayyor mahsulotlarimizni xorijga eksport qila olmasligimiz achinarli hol emasmi?

Uch-to‘rt yil avval kartoshka bilan bog‘liq shunday holat yuz bergan edi. Xaridor topilmay chiriy boshlagan tonnalab kartoshka chiqindixonalarga chiqarib tashlangandi. Keyin uni yetishtirish hajmi pasaydi. Oqibatda nima bo‘ldi: bozorlarimizni o‘z kartoshkamiz bilan ta’minlay olmay qoldik. Urug‘lik, yonilg‘i va o‘g‘it masalasi og‘liqli muammoligicha qolib ketdi.

Nahotki, tuman hokimliklarida ikki-uch mutaxassisdan iborat, xorijlik eksportyorlar bilan aloqa o‘rnata oladigan guruh tashkil qilishning imkoni bo‘lmasa? Hozir hamma kelishuvlarni internet orqali ham amalga oshirsa bo‘ladi, xaridorlarni ham internet vositasida topish mumkin. Faqat har mavsumda yetishtiriladigan mahsulotlar hajmi prognoz qilinsa (bu qiyin ish emas, chunki har bir fermer o‘z hududida qancha mahsulot yetishtirilishini chamalab bera oladi) va oldindan kelishuvlar tuzib qo‘yilsa, yuz, ming tonnalab hosil uvol bo‘lmaydi. Dehqon va uning oilasidagilar ham chorasizlikdan Rossiya-yu Turkiyaga ish izlab ketmaydi.

Ushbu masalada shu soha mutaxassislaridan, hokimliklardan izoh kutib qolamiz.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring