Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Kattakonlar Solijon o‘zi yeyapti, bizga uzatmayapti deyishdi» (video)

«Kattakonlar Solijon o‘zi yeyapti, bizga uzatmayapti deyishdi» (video)

Foto: «Xabar.uz»

Ramazon keksalarni ziyorat qilish oyi. Oltiariqlik Solijon Mirzajonovning otasi 99 yoshli Sobirjon boboni ziyorat qildik.

Sobirjon bobo bir kam yuzda ham tetik, o‘zi yuradi. O‘g‘li, fikrimizcha, nohaq qamalib qolgan Solijon aka yaratgan bog‘larni, o‘g‘illari yetishtirayotgan noyob mevali daraxtlarni mehr bilan ko‘rsatib, har birining qayerdan keltirilgani, qachon payvand qilingani, mevasi qachon pishishi, hatto mevasi bozorda qancha turishigacha tushuntiradi.

Ajablanarlisi, 99 yoshli Sobirjon bobo ro‘zani kanda qilmay tutayotgan ekan, birga iftor qildik, hatto taroveh namozini ham birga o‘qidi.

Xuftondan so‘ng uzoq suhbatlashdik. Ota-onalari «bolshavoy»lardan qochib Tojikistonga borib qolganlarini, o‘sha yerda dunyodan o‘tganlarini, o‘zlari qanday qilib Oltiariqqa qaytib kelganlari, bog‘lar yaratganliklari, Moskva, Volgograd shaharlarida meva va sabzovot sotganliklari, turp sotgani uchun uch yil qamalib ham chiqqanlarini gapirib berdi.

− Ayolim 17 go‘dakni qo‘liga oldi, 10 tasini yerga qo‘ydi, − deb esladi Sobirjon bobo. – Olti o‘g‘il, bir qizni voyaga yetkazdik. Olti kelin bilan bir hovlida yashadik. Bolalarimning hammasi o‘zim kabi dehqon bo‘ldi, bog‘bon bo‘lib, bog‘lar yaratdi. Dehqonchilik bilan savdogarlikni ham qo‘shib olib borishdi. Yetishtirgan meva va sabzavotlarini Rossiya shaharlarida sotishni yo‘lga qo‘yishdi. Halol mehnat bilan, tinimsiz harakat bilan boy bo‘lishdi.

Sobirjon bobodan to‘ng‘ich o‘g‘li Solijon aka haqida so‘rasam, beixtiyor ko‘zlaridan yosh oqadi. Solijon aka haqida yig‘lamasdan gapira olmaydi.

− Odamlar o‘zlari bir ishni qilolmaydi, qilganni ko‘rolmaydi-da, − kuyunadi Sobirjon bobo. – Kattakonlar «Solijon zavoddan topgan foydasini o‘zi yeb yotibdi, bizlarga uzatmayapti» deyishdi-da. Ana shuning uchun uni qamab qo‘yishdi. Bolamning umuman gunohi yo‘q.

Qaytar chog‘imizda Sobirjon bobo elu yurtga tinchlik, xotirjamlik tilab, o‘g‘li haqida befarq bo‘lmay, yordam berishni istaydiganlarga ajrlar tilab, qozilarga ham insof, tavfiq tilab, uzoq duo qildi.

Biz ham ich-ichimizdan Solijon aka tezroq oqlanib chiqib, ulug‘ yoshdagi otasining ko‘zlaridan armonli yoshlarni to‘xtatsin, adolat bilan ishlaymiz deya qasam ichgan sudyalar ham adolat bilan ishni ko‘rib, nohaqlikka barham berishsin deya tilak bildirdik.

Karimberdi To‘ramurod,

«Xabar.uz» muxbiri

Oltiariq

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring