Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karimberdi To‘ramurod

Qo‘rqsang – yozma! Yozdingmi – qo‘rqma!

Prezident bir yonu prokuror bir yon. Solijon Mirzajonovni qanday «sindirishdi»? (video)

Prezident bir yonu prokuror bir yon. Solijon Mirzajonovni qanday «sindirishdi»? (video)

«Tadbirkor – haqiqiy fidoyi inson! Ikkitagina ish o‘rni yaratgan tadbirkorni men boshimga ko‘taraman! Ertangi kunni men faqat tadbirkorlarga ishonaman».
Shavkat Mirziyoyev

Qahramonimizni yaxshi taniysiz. O‘zbekistonda uni tanimagan odam bo‘lmasa kerak. Mamlakatimizda birinchi bo‘lib shaxsiy «KamAZ» yuk mashinasiga, o‘z avtokrani, traktorlariga ega bo‘lgan, Germaniyadan o‘zining ko‘rsatmalari bo‘yicha yasalgan  «Mersedes» yuk mashinasini olib kelgan, minglab gektar yerlarda bog‘lar yaratgan, o‘zi yetishtirgan meva va sabzavotlarni eksport qilishni birinchilardan bo‘lib tizimli yo‘lga qo‘ygan Solijon Mirzajonovni respublikada birinchi raqamli tadbirkor desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Solijon Mirzajonov kim?

Solijon Mirzajonov tom ma’nodagi haqiqiy inson, yuzlab ish o‘rni yaratgan, tadbirkorlik qonida bo‘lgan, tadbirkorlik otameros bo‘lgan fidoyi tadbirkor. U Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida bog‘dorchilik, sabzavotchilik bilan shug‘ullandi. Shug‘ullanganda ham ishning ko‘zini bilib shug‘ullandi. Bog‘larni shunchaki tashkil qilmadi, toklarning ham, mevali daraxtlarning ham eng sara, eng serhosil navlarini topib kelib o‘tqazdi, eng so‘nggi agrotexnik yutuqlar asosida parvarish qildi.

Solijon Mirzajonov nihollarni payvandlashga alohida e’tibor qaratdi. Payvandlash amalini, ta’bir joiz bo‘lsa, san’at darajasiga ko‘tardi. Ko‘chat yetishtirishning eng ilg‘or, innovatsion usullarini ixtiro qildi, kerak bo‘lganda hatto Amerikagacha borib, o‘z ishining ustalaridan o‘rgandi va ommalashtirdi.

Olti o‘g‘ilning oilasi bitta qozondan ovqatlanishini, yetti oila bitta hovlida istiqomat qilishini, topgan-tutganlari o‘rtada bo‘lishini tasavvur qila olasizmi? Ana shuning uchun ham Mirzajonovlar xonadonida baraka bor, fayz bor. Aka-ukalar mushtni bir qilganlari uchun ham misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatlarga erishdilar.

Mustaqillikning ilk yillaridayoq Solijon Mirzajonov amalga oshirayotgan ibratli ishlarni maqtagan O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov «Tadbirkorlikni Solijon Mirzajonovdan o‘rganinglar» deyishi bejizga emas edi.

«Yiqqaning birovniki, sochganing o‘zingniki»

Qo‘li ochiqlikni, saxiylikni otasidan o‘rgangan Solijon Mirzajonov topganini el bilan baham ko‘rdi. Doimo el g‘amida bo‘ldi. El obodligini o‘yladi. O‘zi yashab turgan mahallagina emas, qo‘shni mahallalarning ham yo‘llarini asfaltlash, yo‘l chetiga beton ariqlar o‘rnatish, elektr simlarini jahon andozalarida yer ostidan tortish, elektr taqsimlagichlar o‘rnatish kabi xayriya ishlarini birovga aytmasdan o‘z ukalari va ishchilari bilan xolisona bajardi.

— Solijon aka g‘aroyib inson, — deb hikoya qiladi «Oq oltin» MFY raisi Muhiddin Hojiyev. — Mahalla-ko‘yga ko‘p yaxshilik qildi. Kanalimizga yangi ko‘prik qurib, ko‘chalarni asfalt qilib berdi. Transformator olib berdi. Kim to‘y qilsa, bitta gilam olib boradi, kamxarj oilalarning to‘ylariga katta yordam beradi. Boshqalarda uchramaydigan bir odati bor: biror janozani ko‘rsa, albatta tobutni ko‘tarishib, qabristongacha boradi va kiyimim chang yo tuproq bo‘ladi demasdan, o‘zi mayitni qabrga qo‘yadi. Kulfatda qolgan odamlarni aslo yolg‘izlatib qo‘ymaydi, yonida turadi, qo‘lidan kelgan yordamini ayamaydi.

Solijon Mirzajonov xalqqa ko‘proq foydasi tegishini o‘ylab, 2001-yilda tashlandiq holga kelib qolgan, ishlamay yotgan «Fayziobod qishloq qurilish kombinati»ni olib, ta’mirlab, ishga tushirdi. «Fayziobod qishloq qurilish MChJ»da yuzdan ortiq odamni ish bilan ta’minladi.

Aynan ana shu kombinat boshiga balo bo‘lishini esa bilmadi...

Hammaga yoqqan odam prokurorga yoqmadi

Birinchi prezident Islom Karimov Farg‘onada o‘tgan sessiyada «Ishning ko‘zini biladigan tadbirkor Solijon Mirzajonovni viloyatga hokim qilib qo‘yaman deb kelgan edim, afsuski, u oliy ma’lumotli emas ekan» degani, Prezident Shavkat Mirziyoyevning doimo Solijon Mirzajonov bilan ko‘rishib turishi, Farg‘onaga kelganda yo‘qlashi, «Solijon, sen bilan gaplashsam, maza qilaman» deganlarini hamma eshitgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Solijonni poytaxtga olib ketaman, unga qanday lavozim berishimni ko‘rasizlar» deganini ham hamma eshitgan.

Yurt egalari Farg‘onaga kelganda Solijon Mirzajonovni maqtashi, barchaga uni namuna qilishi, o‘zini eng ulug‘ «kattakon» sanab yurganlar qolib, Solijon Mirzajonovdan maslahat so‘rashi kimlarningdir g‘ashini keltirdi, hasadini qo‘zg‘atdi, g‘azabini uyg‘otdi. Ustiga deputatman deb Solijon Mirzajonov viloyat miqyosidagi yig‘ilishlarda eng katta «kattakon» ham noto‘g‘ri gap aytganida ayamay qarshi fikr bildirishlari rahbarning jonini hiqildog‘iga olib keldi. Balki uning qiyofasida o‘z amaliga da’vogarni ko‘rgandir, kim biladi, xullas, Farg‘ona viloyati prokurori rahbardan qat’iy vazifa oldi: nima bo‘lmasin, Solijon Mirzajonovni qamoqqa tiqish, uni bor mol-mulki, bog‘-rog‘laridan mosuvo qilish, obro‘sini loyga qorish kerak!

Viloyat prokurori Oltiariq tumani prokuroriga kerakli topshiriqlarni berdi. Tuman prokurori Solijon Mirzajonovning ko‘p yillik fidokorona mehnatini ham, el-yurtga qilgan yaxshiliklarini ham, eng muhimi, «Tadbirkor yo‘liga qarshi chiqish — davlat siyosatiga, Prezident siyosatiga qarshi chiqishdir» degan O‘zbekiston Prezidentining gaplarini ham pisand qilmadi, bevosita boshlig‘ining topshirig‘ini bajardi: Solijon Mirzajonovga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘adi!

Tadbirkorligi uchun sovet zamonida otasi qamalgani tufayli hamma hujjatni puxta qilishni odat qilgan Solijon Mirzajonovning biror ishidan kamchilik topa olmagan tuman prokurori uni «ushlash»ning yagona «nozik nuqtasi»ni topdi: uning temir-beton ashyolar ishlab chiqaradigan «1-Fayziobod qishloq qurilish» MChJ foydalanishi uchun ajratilgan shag‘al kavlab olinadigan karerni mo‘ljalga oldi. Shu ishning mutaxassisi emas, oddiy tuman kadastr idorasining bir xodimi bergan ma’lumotni asos qilib olib, oz emas, ko‘p emas, ikki million kub metr shag‘al kavlab olib, «davlat va jamiyatga katta zarar yetkazganlikda» ayblab, Solijon Mirzajonovning bo‘yniga sakkiz millard so‘m jarimani «ildi». «Jinoyatchini zabt etish rejasi»ga bosh qo‘shgan tuman soliq idorasi ham paytdan foydalanib, bu pullarning solig‘i bo‘lgan bir milliard so‘mni da’vo qildi. Ana shuncha jarimani undirish uchun odamning aqliga sig‘maydigan ishlar qilindi: hali sud hukmi o‘qilmagan, rasman jinoyatchi deb topilmagan Solijon Mirzajonovga tegishli bo‘lgan zavod sotuvga qo‘yildi. Eng qizig‘i, «Ferganskaya dolina» gazetasida Solijon Mirzajonovga tegishli bo‘lgan bog‘lar sotilishi haqida e’lon berildi va hali hech gapning tayini bo‘lmagan, sudi nihoyasiga yetmagan Solijon Mirzajonovning o‘z qo‘li bilan toshlarini terib, 90 yoshli otasi Sobirjon Mirzajonov ekib, bunyod etgan bog‘lari har 35 so‘tig‘i 30 million so‘mdan sotib yuborildi.

Vaholanki, Solijon Mirzajonov jinoyat ob’yekti sanalgan o‘sha mash’um karerni undan foydalanishning iloji bo‘lmagani, sovet zamonida 20 metrdan ortiq chuqurlikda kavlangani bois tagidan suv chiqib ketganligi, buning ustiga undagi shag‘al qattiqligi bois ishlatishga yaroqsizligi tufayli 2004 yildayoq respublika miqyosidagi idora – «O‘zsanoatkontexnazorat» davlat qo‘mitasiga ariza bilan murojaat qilib, butunlay yoptirgan edi.

Eng qizig‘i, karerdan qancha shag‘al kavlab olinishi mumkinligini hisoblab berish uchun chaqirilgan xolis mutaxassis — marksheyderning xulosasiga ko‘ra Solijon Mirzajonovning bo‘yniga ilingan ikki million kub metr shag‘alni ishlatish uchun zavod to‘xtamasdan, uch smenada 56 yil ishlashi kerak bo‘lar ekan. Vaholanki, elektr energiyasi ta’minotida o‘tgan yilgacha bo‘lgan holatni barcha o‘zbek yaxshi biladi: zavodga ham, umuman, Oltiariq tumaniga ham kuniga uch soatdan ortiq elektr energiyasi berilmagan. Haftalab elektr energiyasi berilmagan kunlar ham oz bo‘lmagan. Solijon Mirzajonov esa korxonani 2001-yilda olgan va 2004 yilda karerni rasman yoptirgan.

Yana bir ma’lumot: ushbu karer Farg‘ona viloyati ijroiya qo‘mitasi qarori bilan o‘sha zamonda uch smenada ishlagan «Qishloqqurilishkombinat»ga 1974-yilda ajratib berilgan. Kombinat 25 yildan ortiq ishlatgan shag‘allarning puli ham Solijon Mirzajonov bo‘yniga «urildi».

Eng qizig‘i, «Sanoatgeokonnazorat» davlat inspeksiyasi 2017-yil 28-iyundagi xati bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari davlat komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda qum-shag‘al zaxirasi tasdiqlanmagani uchun karerdan qazib olingan shag‘al hajmini aniqlashning imkoni yo‘qligini ma’lum qilgan. Bir tuman kadastri mutaxassisi esa buni aniq qilib, prokurorga kerakli hajmda hisoblab bergan.

«Geologiya marksheyderlik xizmati» davlat korxonasi xodimlari esa 2017-yil 17-iyunda tuzgan dalolatnomada karerdan qazib olingan shag‘al hajmini 1.849.966.03 metr kub deb ko‘rsatgan va prokurorga shu raqam ma’qul ko‘rinib, Solijon Mirzajonov bo‘yniga 1.849.966.03 kub metr shag‘alni «ilgan».

Prokuror do‘stmi, dushmanmi?

Prezident ana shunday talabni qo‘yib turgan bir paytda Oltiariq tumani prokurori yuzdan ortiq odamni zavodda ishlatayotgan, bundan tashqari mevalarni yig‘ishtirish, sabzavotlarga ishlov berish mavsumida kuniga uch yuzgacha ishsiz kishini ish bilan ta’minlab kelayotgan Solijon Mirzajonovning tadbirkorligiga barham berdi.

 «Tadbirkorlik yo‘lidagi har qanday to‘siqlarni olib tashlash davlat rahbari sifatida mening eng katta vazifamdir» degan davlat rahbarining «Tadbirkor yo‘liga to‘siq bo‘lishga davlatga xiyonat sifatida qaraladi» degan oltin qoidasi bilan baholaydigan bo‘lsak, Oltiariq tumani prokurori davlatga ham, Prezidentga ham, Oltiariq xalqiga ham xiyonat qildi.

«Tadbirkorni siz demagan prokurorni o‘z ishiga noloyiq deb bilaman. Har haftada viloyat, tuman va shahar prokurorlari tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning dardini tinglasin. Ularning faoliyatida uchrayotgan muammolarni hal qilish choralarini ko‘rsin. Negaki, bittagina ish o‘rnini yaratgan tadbirkor jamiyat uchun kerakli odamdir», — degan edi Shavkat Mirziyoyev. Oltiariq tumani prokurori o‘z ishiga munosib yoki nomunosib ekaniga yurt egalari baho berishar, biz esa sud qanday bo‘lgani, qanday hukm chiqarilgani haqida fikrlashamiz.

«Menga tadbirkordan, ko‘ra prokuror aziz»

«Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmon e’lon qilindi. Unda shunday deyiladi: «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta’minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmasligi tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatining muhim yo‘nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilanadi. Shuningdek, 2017-yilning 1-yanvaridan boshlab tadbirkorlik sub’yektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinadi».

Solijon Mirzajonov rahbar bo‘lgan korxonada esa aynan Prezident bekor qilgan vaqtda, 2017-yilning aprel oyida Farg‘ona viloyati prokurorining buyrug‘iga ko‘ra 2017-yilning 4- hamda 6-aprel kunlari noqonuniy tekshiruvlar o‘tkazilgan. Prokuror hazrati oliylari bunday tekshiruvlarni Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi qaroriga asosangina o‘tkazish mumkinligini ham unutdi, respublika kengashini ham pisand qilmadi.

Eng qizig‘i, viloyat hokimi tuzgan ishchi guruh 4-aprelda o‘tkazgan tekshiruvdan keyin tuzgan dalolatnomada «Karer ishlamayotgani aniqlandi» deb ko‘rsatishdi. Ertasiga «bosh murabbiy»dan tanbeh eshitgan guruh 6 aprelda «sidqidildan» tekshirish o‘tkazib, endigi dalolatnomada «Karer ishlayotgani aniqlandi» deb yozishdi. Bunda «ishchan» ishchi guruh katta ko‘chadan o‘zlari «tutib», karerga olib kirgan ekskavator «tutib keltirilgan» yuk mashinasiga shag‘al ortganini obdan suratga olishdan ham uyalmadi. Karerda «ishlayotgan» yuk mashinasi haydovchisi, ekskavatorchi yoki karer qorovulidan tushuntirish xati olishni esa lozim ham topishmadi. Xolislarni chaqirishni ham shart emas deb hisoblashdi. O‘zlari ko‘rdi, «xo‘jayin» istagan dalolatnoma tuzildi, bo‘ldi-da!

2017-yilning iyul-sentyabr oylarida Farg‘ona viloyati prokurorining qaroriga asosan, hech qanday rejasiz, ogohlantirishsiz Solijon Mirzajonovning uyida, korxonalarida Gdlyanchasiga, Ivanovchasiga tintuv o‘tkazilgan.

Eng qizig‘i, karerdan qancha shag‘al kavlab olinganini aniqlash imkonini beruvchi muhim hujjat – Solijon Mirzajonovning talabi bilan  respublikadan kelgan mutaxassislar amalga oshirgan topografik tasvirlar kichkina odam emas, Oltiariq tumani prokurorining o‘rinbosari A.To‘xtaqo‘ziyev, tuman DSI bo‘lim boshliqlari Sh.Qosimov va M.Qoraboyev va boshqa mansabdorlar tomonidan «96 betli topografik tasvirlar albomini ashyoviy dalil sifatida oldim» deb tilxat yozib berilganiga qaramasdan, sud davomida bir necha marta talab qilinsa-da, sudga taqdim qilinmadi. Nega deysizmi, kap-katta prokurorning gapiga qarang:

— Bir yerga chap tushibdi, shekilli, topa olmayapmiz, yo‘qolib qolibdi...

«Chap tushgan» bu hujjat topilsa, nima bo‘lishini yosh bola ham yaxshi biladi: Solijon Mirzajonovga ilingan ayb chippakka chiqadi. Chunki o‘sha «topos’yomka»da karer Solijon Mirzajonovga o‘tmasdan oldingi holat aniq aks etgan va to bugungacha karer holati bir qarich ham o‘zgarmagan. Buni karer atrofida yashovchi aholi ham tasdiqladi. Xususan, biz so‘ragan xonadon bekasi Risolat Mahmudova sakkiz yildan beri karer yaqinida yashashini, ammo biror marta karerdan biror mashina shag‘al olib chiqishganini ko‘rmaganini aytdi.

Shuning uchun hozircha «chap tushgan» bu hujjat «o‘nglanmaydi». Ammo prokuror o‘rinbosari bir kuni bu hujjat topilmasa, nima bo‘lishini yaxshi biladi va bu hujjatni o‘zining qimmatbaho hujjatlaridan ham ko‘ra qattiqroq asrashi tabiiy. Chunki bir kuni aynan shu narsa, tilxat berib olgan muhim hujjatini «yo‘qotib qo‘ygani» uchun va u bog‘cha bolasi bo‘lmagani uchun ham sudga tortilishiga aqli yetadi.

Men o‘zim o‘sha mash’um karerning ichiga kirib, rosa aylanib ko‘rdim. Tubida sun’iy ko‘llar hosil bo‘lgan, qamishlari odam bo‘yidan baland bo‘lib yotganini ko‘rib, o‘zimning ishonchim komil bo‘ldiki, bu joydan yaqin orada bir hovuch ham shag‘al olinmagan.

Nima bo‘ladi?

Afsuski, yirik bir tadbirkor himoya qilinmadi!

Tadbirkor Solijon Mirzajonov qasddan turmaga tiqildi!

Tadbirkorga kattta jarimalar «ilinib», sakkiz yil ozodlikdan mahrum qilindi!

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinliklar qo‘yilishi ishsizlikning ko‘payishiga, buning ortidan esa jinoyatchilikning o‘sishiga sabab bo‘lishini prokurorlarga aytgan edi. Afsuski, mavsumiy ishchilar u yoqda tursin, Solijon Mirzajonov  boshqargan zavodning o‘zida ishlagan yuzdan ortiq odam ishsiz qoladigan bo‘ldi.  

Eng qizig‘i, «tepa»dan Solijon Mirzajonovni butunlay «sindirish» topshirig‘ini olgan sud unga tegishli bo‘lgan, tadbirkor halol mehnati evaziga korxona uchun sotib olgan avtoulovlar, ekskavatorlar, hatto Solijon Mirzajonov qurayotgan, hali qurilishi tugallanmagan uyni ham, shuningdek, korxonaga tegishli bo‘lgan inshootlar, ma’muriy bino, kranlar, transformator, tosh maydalovchi dastgohlar, barcha yuk mashinalari, hatto suv idishlari(sisternalar)ni ham sotib, tushgan pulni Solijon Mirzajonov davlatga (?) yetkazgan zararni qoplashga qaratish haqida hukm chiqargan.

Albatta, Solijon Mirzajonovning farzandlari, himoyachilari jinoyat ishlari bo‘yicha Oltiariq tumani sudining qaroridan norozi bo‘lib, Farg‘ona viloyati sudiga shikoyat qilishdi. Ammo viloyat sudi hali tuman sudining qarorini bekor qilganiga guvoh bo‘lishmagan. Qolaversa, tuman sudi raisi ayni ishni viloyat sudi nazoratida ko‘rganidan, bir necha bor bu masalada viloyat sudi raisining maslahatini olganidan Solijon Mirzajonov himoyachilarining yaxshigina xabarlari bor.

Viloyat sudi ishni ko‘rishi bilan himoyachilar Oliy sudga murojaat qilishni rejalashtirishgan. «Chunki Farg‘ona viloyati sudi Oltiariq tumani sudi chiqargan hukmni so‘zsiz tasdiqlashi oydek ravshan, — deydi Solijon Mirzajonovning himoyachisi Hasanxon Abdullayev. — Biz bu «jinoiy ish» kimning rejasi, topshirig‘i, buyurtmasi asosida bo‘layotganini yaxshi bilamiz, prokuratura va sud idoralari u kishining izmidan tashqariga chiqa olishmaydi».

Maqolamizni yana Prezidentning so‘zlari bilan tugatamiz:

«Shuncha aytayotganimiz, tadbirkorlarni o‘ylab qayg‘urayotganimizga qaramay, tadbirkorlarimizga nisbatan tamagirlik holatlari hali ham uchrab turibdi. Bunday shaxslarning har birini so‘zsiz jinoiy javobgarlikka tortish shart!».

Solijon Mirzajonovga nisbatan g‘arazli niyatda jinoiy ish qo‘zg‘atgan prokurorlar ham, ularning nog‘orasiga o‘ynagan sudlar ham, ularning bosh «buyurtmachisi» ham albatta qilmishlariga yarasha jazo olishiga, asossiz ravishda qamoqqa olingan Solijon Mirzajonov esa ozod qilinib, nomi oqlanishiga ishonamiz.

O‘zbekiston rahbari bunaqa adolatsizlikka befarq qaramaydi, o‘zini yerdagi xudo deb bilgan ayrim oyog‘i zamindan uzilgan «kattakon»larga o‘z bahosini beradi, ularni o‘z joyiga o‘tqazib qo‘yadi degan umiddamiz.

Izohlar 10

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring