Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirusning eng yuqumli varianti aniqlandi

Koronavirusning eng yuqumli varianti aniqlandi

JSST tadqiqotchilari COVID-19ning eng yuqumli varianti aniqlanganini e’lon qildi. Unga «XE» deb nom berildi.

Mazkur mutatsiya «omikron»ning subvarianti ekanligi aytilmoqda. Bundan tashqari, uning genomida ushbu shtammning ham BA.1, ham BA.2 versiyalari belgilari mavjud.

Olimlar hisob-kitoblariga ko‘ra, «XE» ilgari ma’lum bo‘lgan mutatsiyalarga nisbatan 10 foiz tezroq tarqalmoqda. Ayni paytgacha u kamida to‘rt mamlakat — Buyuk Britaniya, Hindiston, Tailand va Yangi Zelandiyada qayd etildi.

Tadqiqotchilarning izohlashicha, virusning bunday variantlari «rekombinant» deb ataladi va ular bir organizm ichida ikki xil shtammning genetik kodlari tasodifan aralashuvidan paydo bo‘ladi.

Hozircha «XE» haqida yetarli tahlillar to‘plangani yo‘q. JSSTning ma’lum qilishicha, mazkur subvariant ilk bor yanvar oyi o‘rtalarida Buyuk Britaniyada aniqlangan. O‘shandan beri mamlakatda uning 600ga yaqin namunalari ustida o‘rganishlar olib borilyapti.

To‘g‘ri, yangi versiyaning «omikron»ga nisbatan 10 foiz yuqumliroq ekanligi juda katta ustunlikni anglatmaydi. Ammo mutaxassislar kelajakda bu ko‘rsatkich yanada oshib ketishi ehtimolini inkor qilishgani yo‘q.

«XE» mutatsiyasi bemorlarda qanday asoratlar qoldirishi mumkin? Bu xususda xulosa chiqarishga hali erta.

Tadqiqotchilar fikricha, yangi subvariant avvalgi shtammlar singari emlangan va yaqinda kasallikni boshdan o‘tkazganlar uchun katta xavf solmasligi mumkin.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqaror. 2022 yil 6 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 237967 (+35) nafarni tashkil etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring