Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

«Kottakonlarga yoqmayapti, deb qo‘ya qolinglar» – Xushnud Xudoyberdiyev Statistika qo‘mitasining asossiz ayblovi haqida

«Kottakonlarga yoqmayapti, deb qo‘ya qolinglar» – Xushnud Xudoyberdiyev Statistika qo‘mitasining asossiz ayblovi haqida

Statistika qo‘mitasi o‘zi shuncha yillardan buyon eplolmayotgan ishni qilgan orginfo.uz sayti asoschisi ustidan IIVga shikoyat kiritibdi. Ayblov esa asossiz.

Bu qanaqa sayt?

Internetda orginfo.uz degan sayt bor. Unda korxona, tashkilotlar va MChJlar, ularning ta’sischilari, direktori, ochilgan sanasi va boshqa ma’lumotlarni olish mumkin. Bu sayt oddiy bir dasturchi o‘zbek yigiti tomonidan yaratilgan. Saytdagi ma’lumotlar osmondan olinmaydi, to‘qib chiqarilmaydi yoki qandaydir xakerlik usuli orqali o‘g‘irlab olinmaydi. Shunchaki Davlat statistika qo‘mitasining stat.uz saytidagi OChIQ VA RASMIY MA’LUMOTLAR bazasidan oladi.

orginfo.uz afzalligi nimada?

Xo‘sh, orginfo.uz sayti shunchaki Statistika qo‘mitasi bazasining dublikati bo‘lsa, unda nima muammo? Gap shundaki, Statistika qo‘mitasi saytidan ma’lumot qidirish juda qiyin va noqulay. Masalan, stat.uz saytidan biror MChJ haqida ma’lumot olish uchun uning STIR (INN) raqamini bilishingiz kerak. Bundan tashqari MChJ ta’sischilarining boshqa firmalarini topib bo‘lmaydi. Yoki ism-sharif orqali ma’lumot topishning ham iloji yo‘q.

orginfo.uz saytida esa aksincha, amaldorlarning ism-familiyalarini yoki shunchaki firma nomlarini yozgan holda ma’lumotlarni oson va qulay topish mumkin. Bundan tashqari bu sayt Intellektual mulk agentligining savdo belgilari bo‘yicha ochiq bazasi bilan ham integratsiya qilgan. Shunchaki oddiy misol mana bu.

Muammo nimada?

Statistika qo‘mitasi o‘zining qo‘lidan kelmagan ishni qilgani uchun orginfo.uz saytidan xafa bo‘lgan shekilli, ustidan shikoyat qilibdi. Bunga asos qilib, orginfo.uz sayti har 10 kunda yangilanishi, bu muddat ichida ayrim firmalar ma’lumoti o‘zgarib qolgan bo‘lishi, bu esa ikki xil ma’lumotni ko‘rgan investorlar va boshqalarda ishonchsizlik paydo qilishini aytishibdi.

U qanaqa ahmoq investorki, davlatning rasmiy tashkiloti bazasi bo‘la turib, har 10 kunda yangilanadigan va bu haqida ogohlantirib yozib qo‘ygan norasmiy saytga ishonsa? Xullas, yemagan bahona.

Undan ko‘ra, ayrim kottakonlarga shubhali tenderlarda g‘olib bo‘layotganda, davlatning katta mulklarini sotib olayotganda yoki boshqa holatlarda jurnalistlar, blogerlar va keng aholi osongina ularning biznesi haqida ma’lumot topayotgani yoqmayapti, deb qo‘ya qolinglar.

Nima ayb qo‘yilmoqda?

orginfo.uz saytini yaratgan dasturchi Boburmirzo Hamroqulovga nisbatan Andijon viloyati Asaka tumani IIB tomonidan MJtKning 202-2-moddasi (yolg‘on axborot tarqatish) bo‘yicha ma’muriy ish ochilibdi. Ammo bu ayb mutlaqo asossiz qo‘yilgan, deb hisoblayman. Ichki ishlar xodimi yoki shoshib qolgan, yoki malakasizlik qilgan.

202-2-moddada shunday deyiladi: «Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish».

Xo‘p, orginfo.uz saytida qanday yolg‘on xabar tarqatilgan? Va bu ma’lumot kimning qadr-qimmatini kamsitibdi? «Milliard tuda, milliard suda» qilayotgan kottakonlarningmi?

Yana bir gap: davlat tashkiloti, umuman olganda birorta yuridik shaxs qadr-qimmati kamsitilgani haqida shikoyat qila olmaydi. Chunki tashkilotning qalbi bo‘lmaydi va o‘z-o‘zidan qadr-qimmati ham yo‘q. Bu modda bilan ish ochish uchun o‘sha qadr-qimmati kamsitilgan ShAXSning shaxsan o‘zi ariza yozishi kerak. Xo‘sh, kim shikoyat yozgan? Shunaqa ariza bormi ichki ishlar qo‘lida?

Korrupsiyaga qarshi kurashga qarshi kurash

Statistika qo‘mitasining bu ishi O‘zbekiston jamiyatida korrupsiyaga qarshi kurashayotganlar, ochiqlik va shaffoflik asosida davlat mulkini talon-toroj qilayotganlarni fosh qilayotganlarga qarshi kurash bo‘libdi. Ya’ni ochiqlikni emas, yopiqlikni xohlayotganlarning ishi bu. O‘zining ma’lumotini o‘zidan yaxshiroq va qulayroq berayotganiga alami kelganlarning ishi bo‘libdi.

Umuman bugungi Yangi O‘zbekiston siyosati shamoliga va oqimiga qarshi ish

Umid qilamanki, Andijondagi sudyalarimiz bu holatda adolat va qonun tomonda bo‘lishadi, hamda turli bosimlarga uchishmaydi. Dasturchi yigitning harakatlarida hech qanaqa huquqbuzarlik yo‘qligini baralla ayta olishadi. Bunga ishonaman.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring