Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kriminal ahvol, talon-tarojlik, homilador yosh qizlar… Partiya raisi keskin chiqish qildi

Kriminal ahvol, talon-tarojlik, homilador yosh qizlar… Partiya raisi keskin chiqish qildi

Foto: «Uza.uz»

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Sarvar Otamurodov so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy partiyalar xususida bildirilgan fikrlar va boshqa muammolarga munosabat bildirdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

«Ikki kun avval men ko‘rdim, “Siyosiy partiyalar nima ish qilayapti, nimani hal qilishdi?”, “Umuman partiyalar nima kerak o‘zi?” kabi savollarni. Tan olish kerak, so‘nggi ikki yil ichida hayot umuman o‘zgarib ketdi. Ochig‘ini aytaman, oldinlari siyosiy partiyalarni hech kim tan olmasdi, tuzuk gaplashmasdi. Hozir esa haftasiga kamida 2-3 ta muammo, masalalar ko‘tarilgan xat vazirlik, idoralarga ketyapti. Lekin bizning bitta muammomiz bor: targ‘ibot-tashviqotimiz juda bo‘sh, sust», degan u.

– O‘tgan yili biz respublika bo‘yicha madaniy meros ob’yektlarini inventarizatsiya qildik, – davom etadi partiya raisi. – Aslida bu ishni Madaniyat vazirligi qilishi kerak edi. Ular budjetdan bu ish uchun pul oladi, ammo qilmagan. Vazirlik qayerda nima joylashganini ham yaxshi bilmaydi, madaniy meros ob’yektlari joylashuvi bo‘yicha bergan ma’lumotlarning 30-40 foizi noto‘g‘ri, ob’yektlarning ba’zilari buzilib ketgan. Vazirlik ma’lumotiga qarasak, respublikada taxminan 7480 ta ob’yekt bor, aslida ular 6975 ta. Qolganlari-chi? Yo‘q, joyi tep-tekis, asfalt yotqizilgan yoki umuman buzilib ketgan. Bundan tashqari, 370 ta yangi madaniy ob’yektni aniqladik. Bu yil hukumatga masala qo‘ydik, bu ishlar uchun avval ajratilayotgan 50 milliard pulni 67 milliardga chiqardik. Mahalliy budjet xarajatlaridan ortgan pulning bir qismini mazkur muammolarni hal etishga yo‘naltirish bo‘yicha qaror qabul qildik.

S.Otamuradovning ta’kidlashicha, ba’zi madaniy meros ob’yektlarining kadastr hujjati yo‘q, davlat muhofazasiga olinmagan. Misol uchun, Surxondaryo viloyatida joylashgan XVI asrda qurilgan qadimiy Abdulazizxon madrasasini omborxona qilib qo‘yishgan.

«Partiyamiz vakilari bilan bu hududni topib, o‘rganib, rasmlar, xulosalarni Madaniyat vazirligiga topshirdik, hozirda bu borada ishlar olib borilmoqda. Yil oxirigacha bu muammo hal etilishi kerak», – degan u.

Sarvar Otamurodovning so‘zlariga qaraganda, Xalq ta’lim vazirligi faoliyatida ham qator kamchiliklar bor. «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi vakillari Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona, Toshkent viloyatlaridagi tarbiyasi og‘ir bolalar uchun mo‘ljallangan 4 ta maxsus maktabga borib vaziyatni o‘rgangan.

«Ahvol kriminal bo‘lib yotibdi, davlat budjetidan ajratilgan pullar talon-taroj. O‘zi shundoq ham xulqi yomon bolalar orasida muhit juda achinarli, homilador yosh qizlar bor, u sharoitlarda odam yashay olmaydi. Maktabni bitiraman, deb turgan yoshlar harf tanimaydi, o‘z ismini ham yoza olmaydi. Bu juda achinarli, vaziyatni o‘rganib boshimiz qotib qoldi. Qani bu yerda Xalq ta’lim vazirligining mas’uliyati, nega bu muammolarga yetib borishmayapti? Bu savollarga javob so‘raydigan vaqt ham keldi. Biz bu maxsus maktablardagi muammolarni hukumat, Bosh vazir darajasigacha olib chiqdik, prokuratura organlari ham shug‘ullandi. Hozir biroz bo‘lsa-da vaziyat yaxshilanmoqda», dedi S. Otamurodov.

Partiya markaziy kengashi raisining aytishicha, Yoshlar ittifoqining ham taqdim etayotgan ayrim statistikalari real hayotga mos kelmaydi, amalda bu ko‘rsatkichlar umuman boshqacha. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring