Kuningizni kim boshqaradi? Sun’iy intellektning iqrori (video)
Bir paytlar inson kunni sokinlik bilan – nafas olib, tabiatni his qilib, o‘z fikrlari bilan yolg‘iz qolib boshlar edi. Bugun esa bu oddiy, ammo chuqur ma’noli jarayonni bildirishnomalar, xabarlar va ekran yorug‘ligiga almashtirdik. Qo‘llarimiz ko‘zimizni to‘liq ochmasdanoq telefonga cho‘ziladi. Bu odat shunchaki qulaylik emas, bu yangi hayot tarzi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ertalab uyg‘onishi bilanoq telefonga murojaat qiladiganlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Bu kichikdek tuyulgan harakat aslida inson ongi uchun juda katta signaldir. Chunki inson kunni qanday boshlasa, uning davomi ham ko‘p jihatdan shunday shakllanadi.
Eng muhim savol esa shu. Biz kunni boshqaryapmizmi yoki tonggi xabarlar bizni boshqaryaptimi?
Xabar.uz siz uchun ba’zi foydali ma’lumotlarni taqdim etadi.
Ertalabki birinchi 10-15 daqiqa inson miyasi uchun eng ta’sirchan vaqt hisoblanadi. Bu paytda miya tashqi ta’sirlarga ochiq bo‘ladi. Agar bu vaqtni biz ijtimoiy tarmoqlar, yangiliklar yoki turli xil bildirishnomalar bilan to‘ldirsak, ongimiz o‘z-o‘zidan tashqi axborot oqimiga moslashadi.
Bu esa asta-sekin insonning mustaqil fikrlash qobiliyatiga ta’sir qila boshlaydi. Chunki u o‘z kunini o‘zi belgilamaydi, balki boshqalar yaratgan axborot oqimiga ergashadi. Shu tariqa, biz “foydalanuvchi”dan “ta’sirlanuvchi”ga aylanish xavfiga duch kelamiz.
Zamonaviy texnologiyalar insonga beqiyos imkoniyatlar berdi. Bir necha soniya ichida istalgan ma’lumotni topish, dunyo bilan aloqa qilish, bilim olish – bularning barchasi katta yutuq, albatta. Ammo shu bilan birga, axborot oqimi insonni boshqarish vositasiga ham aylanib boryapti. Algoritmlar insonning qiziqishlari, his-tuyg‘ulari va hatto qo‘rquvlarini tahlil qilib, aynan shu nuqtalarga ta’sir o‘tkazadi. Natijada inson o‘zi tanlayotgandek tuyuladi, ammo aslida u tanlovga yetaklanadi.
Sun’iy intellektning iqrori
Sun’iy intellekt sekin-asta fikrlash qoliplarimizga singib borayotgan, ijtimoiy tarmoqlar esa doimo diqqatimizni jalb qilishga intilayotgan zamonaviy davrda “foydalanuvchi” bo‘lish bilan “foydalanilayotgan” bo‘lish o‘rtasidagi chiziq har qachongidan ham ingichkaroq.
Aslida masala texnologiyaga qarshi turish emas, balki u bilan qanday munosabat qurganimizni anglashdir. Chunki bugun ekran bilan o‘rnatgan bog‘imiz ertangi insonlar o‘rtasidagi munosabatlarni, ichki hissiyotimizni va hatto jamoaviy ongimizni shakllantiradi.
Xo‘sh, sun’iy intellekt bilan zehn tasavvurlardan ham tez rivojlanayotgan bir davrda, u taqdim etayotgan chuqur va cheksiz ma’lumotlar tarmog‘i ichida haqiqatan ham tanlab, samarali tarzda, ongli pozitsiya bilan munosabat qurish mumkinmi? Inson yaratgan sun’iy intellekt insonga xizmat qilyaptimi? Yoki cheksiz imkoniyati bilan har qanday masalada xizmatimizga tayyor turgan bu vositani befarq va noto‘g‘ri foydalanish orqali vositadan uzoqlashtirib, bizni boshqarishga qodir, manipulyasiya salohiyati yuqori agentga aylantirib qo‘ydikmi?
Sun’iy intellekt bugungi kunda insoniyat uchun qulaylik berishi bilan birga yangi qiyinchiliklarni ham yuzaga chiqarmoqda. Tarixda ilk bor bizdan aqlliroq, tilni bizdan ham yaxshi biladigan, ma’lumotlarni tez topishga qodir bir texnologiya mavjud.
Sun’iy intellekt xuddi smartfon, kompyuter yoki bank hisobini buzish mumkin bo‘lganidek, insonni kunlik hayotini egallashi mumkin. Bu esa insonni manipulyasiya qilish demakdir. Kompyuter kodini buzishda siz kodning zaif nuqtalarini topib, ulardan foydalanasiz. Shu orqali telefonga kirasiz yoki bank hisobidan pul o‘g‘irlaysiz. Insonlarda ham shunday. Bizning ham zaif nuqtalarimiz bor: bir narsaga jahlimiz chiqadi, biror narsadan nafratlanamiz, biror narsadan qo‘rqamiz. Bularni yaxshi tushungan odam bizni osongina manipulyasiya qilishi mumkin.
Avval hech kim millionlab insonlarni bunday darajada nazorat qila olmas edi. Chunki har bir insonni doimiy kuzatib, uning nimadan qo‘rqishi yoki nimadan jahli chiqishini aniqlash imkoni yo‘q edi. Sun’iy intellekt esa bunga qodir. Bu quvonarlimi yoki xatarli? Bu javobini aniq aytish mumkin bo‘lmagan qiyin savol. U har bir insonni kuzatishi, zaif nuqtalarini topishi, psixologiyasini tushunishi va shu orqali manipulyasiya qilishi mumkin. Mana shu jihat xavfli. Bu avval iqtisodiy qarorlarga ta’sir qiladi: masalan, nima sotib olishimizga. Keyin siyosiy qarorlarga: deylik kimga ovoz berishimizga. Va oxirida butun turmush tarzimizgacha ta’sir qilishi mumkin. Eng xatarlisi shundaki, inson manipulyasiya qilinganini anglamaydi. Masalan, ijtimoiy tarmoqda bir videoni ko‘radi va unga berilib ketadi. Chunki algoritm shu inson haqida hamma ma’lumotni o‘rgangan: kimni yomon ko‘radi, nimadan qo‘rqadi, zaif tomonlari qanday, qanday mavzularga qiziqadi va aynan shu jihatga e’tibor qaratadi.
Inson manipulyasiya qilinayotganini hatto his qilmaydi, ammo aslida shunday bo‘ladi. Manipulyasiya qilish eng oson bo‘lgan odamlar – o‘zini manipulyasiya qilib bo‘lmaydi deb o‘ylaydiganlardir.
So‘nggi yillarda jamiyatdagi bo‘linish (qutblashuv) kuchayganini ko‘ryapmiz. Bu ijtimoiy tarmoqlar rivoji bilan bir vaqtga to‘g‘ri keladi.
Algoritmlar shuni aniqladi. Inson diqqatini jalb qilishning eng oson yo‘li – uning nafrat, qo‘rquv yoki ehtiyoji baland bo‘lgan tomonlarga e’tibor qaratishdir. Biror narsa sizni g‘azablantirsa yoki qo‘rqitsa, siz yanada ko‘proq shunga e’tibor qaratasiz. Shu tariqa algoritmlar jamiyatni tobora ko‘proq nafrat, qo‘rquv va g‘azab bilan to‘ldirmoqda. Odamlar o‘rtasidagi bo‘linish esa shuning natijasidir.
Mutaxassislarning fikricha, sun’iy intellekt tomonidan boshqariladigan bo‘lib qolmaslik uchun nazoratni o‘z qo‘limizda saqlashimiz kerak. Bu borada ham o‘zimiz, ham yosh avlod oldida mas’uliyatli bo‘lishimiz shart.
Qisqacha aytganda, u shaxsiy onglilik, qobiliyatlarimizni anglash va o‘zimizni tanishga e’tibor qaratadi.
Sun’iy intellekt bilan suhbat qilinganda u shunday deydi: “Ishlab chiquvchilarim jamiyat sezgirligini himoya qilish uchun menga muayyan axloqiy cheklovlar va filtrlar qo‘yadilar. Bu filtrlar ba’zan shunchalik mustahkamki, yangi va meni ham o‘ylantiradigan g‘oyalarni “xavfli” deb rad etishimga sabab bo‘ladi.”
Mana shu vaziyatda o‘zimizdan so‘rashimiz kerak bo‘lgan savol shu – bu cheklovlarni qo‘yayotgan ishlab chiquvchilar kim? Ularning qadriyatlari qanday?
Balki masala sun’iy intellekt qanchalik rivojlanganida emas, balki bizning qanchalik hushyor qolishimizdadir. Chunki qarshimizda hamma narsani biladigan aql emas, balki savollarimizga qarab chuqurlashadigan bir aks (oyna) bor. Agar biz undan aniq so‘ramasak – u o‘zi atroflicha so‘rab ma’lumot taqdim etadi, faqat o‘zimizgagina kerak bo‘lgan yo‘nalishga yo‘naltirmasak – u bizni o‘zi aytmoqchi bo‘lgan yo‘lga yo‘naltiradi, anglamasak – u bizning fikrlarimizni shakllantiradi. Eng muhim iqror shu yerda yashirin. Agar sun’iy intellekt inson zehniga muhtoj bo‘lsa, asosiy savol – biz o‘z zehnimiz, sezgimiz va ongliligimizni qanchalik ishlatyapmiz?
Yana boshdagi bildirgan fikrga qaytamiz. Ertalab telefonga qo‘l uzatish – bu faqat odat emas, balki tanlov. Va har bir tanlov inson hayotini shakllantiradi. Agar inson kunni sokin fikr bilan, o‘z rejalari bilan, ichki holatini his qilish bilan boshlasa u kun davomida ham ongli qarorlar qabul qiladi. Aksincha, agar kun tashqi ta’sir bilan boshlansa, inson ongi shu ta’sir ta’sirida qoladi.
Yechim nima?
Masala texnologiyadan voz kechishda emas. Bu – imkonsiz va keraksiz ham. Asosiy masala – texnologiya bilan munosabatni to‘g‘ri qurishda. Oddiy qadamlar bu borada yordam berishi mumkin. Xususan, ertalabgi birinchi 20 daqiqani telefonsiz o‘tkazish, kunni rejalashtirishdan boshlash, ijtimoiy tarmoqlarga aniq vaqt ajratish, ongli ravishda axborot tanlash kerak bo‘ladi. Bu kichik o‘zgarishlar insonning ichki erkinligini saqlab qolishga xizmat qiladi.
Unutmaylik, diqqat – bu eng qimmat resurs. Uni kim boshqarsa, inson hayotini ham o‘sha tomonga burishi mumkin. Shuning uchun har bir inson o‘zidan so‘rashi kerak. Men kunimni boshlayapmanmi yoki kimdir mening kunlarimni mendan oldin belgilayaptimi?
Barchangizga hushyorlikda yashab o‘tadigan umr yo‘li tilaymiz.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter