Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Lola Karimova fondi ko‘magida 3 nafar bola Fransiyada operatsiya qilindi

Lola Karimova fondi ko‘magida 3 nafar bola Fransiyada operatsiya qilindi

Operatsiyadan oldin.

Foto: Karimov fondi

Tug‘ma yurak kassaligi bilan xastalangan uch nafar o‘zbekistonlik bola Fransiyada shu yilning yanvar oyida Lola Karimova-Tillayevaning «Sen yolg‘iz emassan» fondi moliyaviy ko‘magi bilan yurak operatsiya qilindi, deb xabar berdi Karimov fondi.

Namanganlik Sevinch Umaraliyeva (4 yosh), Komilaxon Sultanxonova (10 yosh) va xorazmlik Alibek Abdullayev (10 yosh) Fransiyaning Nant shahridagi klinikada yetakchi fransuz kardiojarrohlari tomonidan muvaffaqiyatli operatsiya qilindi.

Alibek uchun mazkur jarrohlik operatsiyasi ikkinchi bosqichda amalga oshirildi. Birinchi bosqich 2017-yilning mart oyida fond ko‘magi bilan Fransiyada o‘tkazilgan edi.

Nant shahridagi klinikaga bolalar onalari bilan birgalikda yuborildi. Tashxislar o‘ta og‘ir bo‘lganligi sababli har bir operatsiya 8—10 soat davom etdi.

«Bunday og‘ir paytlarda, albatta, yaqin insonlarning daldasi va mehri juda zarur. Shuning uchun bolalarni chet elga operatsiyaga ona yoki buvilari bilan birgalikda jo‘natamiz. Fransuz shifokorlari bolajonlarning ota-onalarini farzandlarining ahvoli haqida muntazam va to‘liq xabardor qilib turishlari uchun fondimiz tomonidan har safar ular bilan birga tarjimon yuboriladi. Operatsiyadan so‘ng bolalar yana bir – bir yarim oy davomida Fransiya shifoxonasida davolanadilar.

Toshkentdan Fransiyaga samolyotda safar paytida sog‘lig‘i zaif bolajonlarning ahvolini nazorat ostida ushlab turish maqsadida fondning malakali shifokori ularga hamrohlik qiladi», — deyiladi xabarda.

«Sen yolg‘iz emassan» fondining moliyaviy ko‘magi bilan 2015-yildan beri fransiyalik kardiojarrohlar tomonidan o‘zbekistonlik kam ta’minlangan oila farzandlari va Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga jami 100 yaqin murakkab yurak operatsiyalari amalga oshirildi, ulardan 16 tasi Fransiyaning Nant shahridagi klinikada o‘tkazildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring