Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Maktablarda davlatdan maosh oladigan 15 mingga yaqin ma’naviyatchi bor. Lekin…»

«Maktablarda davlatdan maosh oladigan 15 mingga yaqin ma’naviyatchi bor. Lekin…»

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident boshchiligida o‘tayotgan yig‘ilishda o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashini rag‘batlantirish orqali ta’lim sifatini keskin oshirish mumkinligi alohida qayd etildi.

Misol uchun, o‘tgan yili xalqaro sertifikatni olgan chet tili o‘qituvchilarini rag‘batlantirish tizimi joriy qilingani natijasida Navoiy, Namangan va Surxondaryoda malakali o‘qituvchilar sezilarli darajada oshgan.

Mutasaddilarga bu tajribani yangi o‘quv yilidan boshlab matematika, kimyo, fizika, biologiya va axborot texnologiyalari fanlariga ham joriy etish topshirildi.

«Maktablarda davlatdan maosh oladigan 15 mingga yaqin ma’naviyatchilar bor.

Lekin, o‘quvchilarning tarbiyasi, Vatanga muhabbat yoki ota-onaga hurmat ruhini shakllantirishda, aytingchi, qaysi tuman maktabi namuna bo‘ldi? Hali bunday maktablar yo‘q. Qani maktab siyosati?», deya savol qo‘ydi davlat rahbari.

Shu munosabat bilan bir oy muddatda «qizil» toifaga kirgan 1 ming 526 ta maktabni joyida o‘rganib, har biri bo‘yicha alohida yo‘l xaritalarini tasdiqlash vazifasi qo‘yildi.

Maktablarda ma’naviy muhitni tubdan yaxshilash bo‘yicha mutlaqo yangi konsepsiya ishlab chiqiladi. Unda:

  • eng avvalo, o‘quvchilarda yoshligidan o‘zining mahallasi va qishlog‘i hayotiga befarq bo‘lmaslik hamda Vatanga muhabbat;
  • oila, ota-ona va ustozlarga hurmat;
  • ilm va bilim, harakat va intilish orqali katta marralarni egallash mumkinligini tushuntirish hamda zamonamiz qahramonlarining bosib o‘tgan yo‘llarini keng targ‘ib qilish nazarda tutilishi kerak.

Maktablardagi ma’naviyatchilarga talablarni qayta ko‘rib chiqib, bu lavozimga mahalla va jamoada obro‘si bor kadrlar bilan to‘ldirish kerakligi, maktablarda ilm va san’at vakillari, ziyoli va nuroniylar, ilg‘or tadbirkorlar, klaster va sanoat korxonalari rahbarlari bilan doimiy uchrashuvlarni tashkil qilish muhimligi ta’kidlandi.

Bunga ijtimoiy tarmoqlardagi maktab o‘quvchilari orasida obunachisi eng ko‘p bo‘lgan mashhur san’atkor, sportchi, aktyor, blogerlarni ham faol jalb qilish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring