Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Markaziy bank raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Markaziy bank raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Foto: Markaziy bank matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan Ayubxon Aribdjanovich Kamalov Markaziy bank raisi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

U Markaziy bankning naqd pul muomalasini tashkil etish, bank tizimida metodologiya ishlarini muvofiqlashtirish, kadrlar bilan ishlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida tijorat banklari faoliyatini monitoring qilish, tadbirkorlik sub’yektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tijorat banklari faoliyatini monitoring qilish kabi yo‘nalishlarini muvofiqlashtirib boradi.

Ayubxon Kamalov 1971-yil Namangan shahrida tug‘ilgan. 1993-yil Leningrad qishloq xo‘jaligi institutini, 2001-yil Namangan muhandislik-pedagogika institutini tamomlagan.

Bank tizimidagi faoliyatini 1994-yilda boshlagan. Keyinchalik Moliya vazirligida sektor mudiri, bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2017-2019-yillarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi ijrochi direktori sifatida faoliyat yuritgan. 2019-2020-yillarda Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida mehnat qilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, A.Kamalov yangi lavozimiga tayinlangunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgarishlar, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari kotibiyati mudiri bo‘lib ishlab kelayotgan edi.

Shu kungacha Markaziy bank raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Saidqahhor Muhammadkarim o‘g‘li Xolxo‘jayev Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosarligiga tayinlandi, deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring