Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mashinaning orqa o‘rindig‘i: fojeaga aylangan sukut

Mashinaning orqa o‘rindig‘i: fojeaga aylangan sukut

Foto: sun’iy intellekt

Yoz chillasi boshlanib, issiqlik rekordlari yangilanayotgan kunlarda ko‘pchilik soya-salqin joy qidiradi. Ammo oramizda shunday “qopqonlar” borki, u yerda soniyalar inson hayotini hal qiladi. Bu quyosh ostida qoldirilgan avtomobil.

Yaqinda Qashqadaryoda mashinada unutilgan to‘rt yoshli qizaloq fojeasi ko‘pchilikni qayg‘uga soldi. Farzandini ertalab sog‘lom bog‘chaga kuzatgan ota-onaning ahvolini so‘z bilan ta’riflash imkonsiz. Bu shunchaki baxtsiz hodisa emas, balki har yili dunyo bo‘yicha yuzlab go‘daklarning umriga zomin bo‘ladigan, ilmiy asoslangan tizimli muammodir. Dunyoda har yili yuzlab bolalar mashina ichida issiq urishidan  vafot etadi. Birgina AQShning o‘zida har yili o‘rtacha 37-38 nafar bola mana shunday beparvolik qurboni bo‘ladi. Bu fojialarning 52-53 foizida ota-onalar yoki tarbiyachilar bolani mashinada mutlaqo unutib qoldirishgan. 24 foizida bolalar o‘zlari o‘ynab, ochiq mashinaga kirib, qaytib chiqa olmay qolgan. Faqat 22 foiz holatdagina ota yoki ona bolani mashinada “ongli ravishda” tezgina do‘konga kirib chiqaman deb tashlab ketishgan.

Ko‘pchilik “Qanday qilib mashinadagi bolani unutish mumkin?” yoki “Besh daqiqaga do‘konga kirib chiqsa nima qilibdi, oynasi ochiq-ku?” deb o‘ylaydi. Ilmiy tadqiqotlar esa bu xotirjamlikning orqasida o‘lim va jinoyat turganini isbotlamoqda.

Avtomobil quyosh tig‘ida qolganda oddiy temir quti emas, balki haqiqiy pechkaga aylanadi. San-Fransisko universiteti meteorologi Yan Nall olib borgan ko‘p yillik ilmiy tadqiqotlar dahshatli haqiqatni oshkor qiladi. Ya’ni mashina ichidagi issiqlikning eng katta va xavfli qismi, deyarli 80 foizi dastlabki 20 daqiqa ichida yig‘iladi.

Tashqarida harorat +35°C bo‘lganda, yopiq avtomobil ichi atigi 10 daqiqada +43°C ga, yarim soatda esa +54°C gacha ko‘tariladi. Mashina oynasini 5 sm gacha ochib qo‘yish ichki haroratning ko‘tarilish tezligiga deyarli hatto 1 daraja ham ta’sir qilmaydi. Avtomobil kuzovi va oynalari xuddi linza kabi quyosh nurini o‘ziga yutadi va ichkarida havo aylanmagani sababli issiqlik qopqoni yuzaga keladi.

Nima uchun bola organizmi bunga dosh berolmaydi?

Mutaxassislar xulosalariga ko‘ra, yosh bolalarni issiq mashinada qoldirish, ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘limga mahkum qilish demakdir.

Katta yoshli insonlar issiqqa duch kelganda terlash va nafas olish orqali tana haroratini boshqara oladi. Bolalarda esa bu tizim hali to‘liq rivojlanmagan. Shu sababli bola tanasi kattalarnikiga qaraganda 3 baravardan 5 baravargacha tezroq qiziydi.

Bolaning ichki a’zolari, xususan, miya va buyraklari tana harorati +40°C ga yetganda stressga tushadi va ishdan chiqa boshlaydi. Harorat +41.6°C ga yetganda esa qayta tiklab bo‘lmaydigan jarayonlar boshlanib, o‘lim holati kuzatiladi. Issiq mashina ichida bola juda tez hushini yo‘qotadi, shu sababli u na yig‘lay oladi, na oynani taqillatib yordam chaqira oladi.

“Do‘konga birrovga kirib chiqaman” degan fikr esa fojeaning boshlanishidir. Bola hayoti soniyalar ichida hal bo‘ladigan jaziramada “tezda qaytib chiqaman” degan xortirjamlik aynan fojeaga birinchi qadam. Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bolani mashinada qoldirish baxtsiz hodisa emas, balki ongli ravishda qilingan jinoyat hisoblanadi.

Mashinani o‘t oldirib, konditsionerni yoqib ketish ham yechim emas. Texnik nosozlik sababli dvigatel o‘chib qolishi yoki eng dahshatlisi, bola uxlaganda tasodifan uzatmalar qutisiga (korobkaga) tegib ketishi, uyg‘oq bo‘lsa o‘ynab teginishi yoki mashina is gazi bilan to‘lishi oqibatida fojia yuz berishi mumkin.

Inson miyasi qanday xato qiladi?

Janubiy Florida Universitetining neyrobiologiya professori Devid Daymond inson miyasining xususiyatlarini o‘rganib, inqilobiy xulosaga keldi. Bunday fojialar faqat yomon yoki beparvo ota-onalar bilan sodir bo‘lmaydi. Bu tibbiyotda “Mashinadagi bola sindromi” (Forgotten Baby Syndrome) deb ataladi.

Agar inson kuchli charchoq, surunkali uyqusizlik yoki stress holatida bo‘lsa, miya boshqaruvni to‘liq avtomatik rejimga (odatlar xotirasiga) topshirib qo‘yadi. Haydovchi mashinani xuddi robotdek boshqarib ishxonasiga yetib keladi, miya esa reja bajarildi, deb hisoblaydi. Agar bu vaqtda orqa o‘rindiqdagi bola uxlab qolgan va ovoz chiqarmayotgan bo‘lsa, charchagan miya uni shunchaki ko‘rmaydi va o‘chirib qo‘yadi. Professor Daymond buni “Fojiaviy avtomatizm” deb ataydi. Bu inson miyasining mana shunday xavfli pand berish xususiyati borligini, unga qarshi nazoratni kuchaytirish kerakligini anglatadi.

Dunyo bunday fojialarga qarshi qanday kurashadi?

Butun dunyo jamiyati bu muammoni allaqachon global xavf deb tan olgan va unga qarshi ham huquqiy, ham texnologik choralarni joriy etgan.

2019-yilda Italiya dunyoda birinchi bo‘lib o‘ta muhim qonun qabul qildi. Unga ko‘ra, 4 yoshgacha bo‘lgan bolalarni tashuvchi barcha avtomobillarda maxsus bolalar aqlli o‘rindiqlari bo‘lishi shart. Bu o‘rindiqlar haydovchi mashinadan uzoqlashganda va bola o‘rindiqda qolganda haydovchining telefoniga baland signal yuboradi. Bunday moslamasi yo‘q haydovchilarga juda katta jarima solinadi va haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinishi mumkin.

Amerikaning ko‘plab shtatlarida (masalan, Kaliforniya, Florida, Texas) maxsus “Bolalarni transport vositalarida qarovsiz qoldirmaslik to‘g‘risida”gi qonunlar mavjud. Agar ota-ona bolani mashinada qoldirib, do‘konga kirib ketsa va buni politsiya yoki yo‘lovchilar sezib qolsa, bola sog‘-salomat bo‘lgan taqdirda ham ota-ona darhol hibsga olinadi. Ularga “Bolani xavf ostida qoldirish” aybi qo‘yiladi. Jazo yirik miqdordagi jarimadan tortib, qamoq va eng yomoni, bolani ijtimoiy himoya organlari tomonidan olib qo‘yilishiga (ota-onalik huquqini cheklash) olib kelishi mumkin. Eng muhimi, AQShda “Yaxshi Samaritya” (Good Samaritan Laws) qoidasi ishlaydi: ko‘chada ketayotgan oddiy yo‘lovchi issiq mashinada qolgan bolani qutqarish uchun mashina oynasini sindirishga to‘la huquqli va bu harakati uchun u hech qanday moddiy yoki jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.

Kanada qonunlariga binoan 10 yoshga to‘lmagan bolani uning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf soladigan tarzda qarovsiz tashlab ketish (hatto qisqa muddatga bo‘lsa ham) jinoyat hisoblanadi. Buning uchun 5 yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan.

Fransiya va Germaniyada qonunchilik shu qadar qattiqki, agar siz ichida bola bo‘lgan yopiq mashinani ko‘rsangiz va politsiya chaqirsangiz, ular yetib kelguncha mashina oynasini sindirishga majbursiz. Agar ko‘rib turib indamay o‘tib ketsangiz, sizni ham “xavf ostida qolgan shaxsga yordam bermaslik” moddasi bilan javobgarlikka tortishlari mumkin...

Qashqadaryodagi go‘dakning fojiasi biz uchun oxirgisi bo‘lishi shart. Bunday mudhish xatolar takrorlanmasligi uchun nafaqat qonunlarni, balki kundalik odatlarimizni ham tubdan o‘zgartirishimiz zarur. Sababi inson miyasi charchoq yoki stress tufayli bolani unutib qoldirishi mumkin.

Shunday ekan, mashinaning orqa o‘rindig‘iga bolangiz bormi, o‘sha yerga eng kerakli buyumingizni — masalan, telefoningiz, hamyoningiz yoki ish hujjatlaringizni ham birga qo‘ying. Mashinadan tushayotganda miyangiz avtomatik ravishda o‘sha buyumlarni qidiradi va orqaga qayrilib, ularni olayotganingizda bolani ko‘rasiz. Bu oddiy, ammo hayotiy odat miyani majburiy uyg‘otishga xizmat qiladi.

Biroq, faqatgina ota-onaning hushyorligiga suyanib qolish kamlik qiladi. Bog‘cha va maktablarda majburiy “davomad va qo‘ng‘iroq” tizimini joriy qilish lozim. Har bir maktabgacha ta’lim muassasasi va maktabda qat’iy qoida bo‘lishi kerak: agar bola ertalab soat 9:00 gacha darslarga, mashg‘ulotlarga kelmasa va ota-onasi bu haqda oldindan xabar bermagan bo‘lsa, tarbiyachi yoki mas’ul xodim birinchi 15-30 daqiqa ichida ota-onaga qo‘ng‘iroq qilib, bolaning qayerdaligini surishtirishi shart. Bu tizim “avtomatizm” qurboni bo‘lgan haydovchini qutqarish uchun eng samarali tizimli halqadir.

Shu bilan birga, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish uchun fuqarolarga mashina oynasini sindirish huquqi huquqiy jihatdan kafolatlanishi lozim. Qonunchiligimizda issiq kunlarda mashina ichida qarovsiz qoldirilgan bola (yoki ojiz ahvoldagi shaxs) hayotini qutqarish uchun avtomobil oynasini sindirgan shaxslarni moddiy va huquqiy javobgarlikdan ozod qilish normasini aniq belgilab qo‘yish kerak. Odamlar “mashina egasi meni sudga beradi” deb qo‘rqmasligi, inson hayoti temirdan ustun turishi lozim.

Texnologik tomondan esa, xavfsizlik tizimini kiritish uchun avtomobil ishlab chiqaruvchilar va yurtimizga mashina olib kiruvchi dilerlar yangi modellarda orqa o‘rindiq nazorati tizimini majburiy bazaviy funksiya sifatida o‘rnatishlari kerak. Bu tizim haydovchi mashinani o‘chirib, eshikni ochganda “Orqa o‘rindiqni tekshiring!” degan baland ovozli yoki vizual ogohlantirishni beradi.

Zero, mashinaning orqa o‘rindig‘ini tekshirish har birimiz uchun qonundan ko‘ra kuchliroq ichki buyruqqa aylanishi shart.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring