Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Metroni suratga olgan yo‘lovchi tazyiqqa uchradi

Metroni suratga olgan yo‘lovchi tazyiqqa uchradi

«Bizning metro dunyodagi eng chiroyli metro. Biz uni reklama qilishimiz kerak».

Foto: «sputnik»

Esimni tanibmanki, Toshkent metropolitenining hududida suratga tushish mumkin emas! Ilgari-ku, metropoliten hududiga kiraverishda shaxsiy buyumlarni tekshiruvchi nazoratchilarning ko‘zi fotoapparatga tushsa, surishtiruv-tergov ishlarini boshlab yuborishardi.  Yoki metro bekati yoki vagon ichida suratga tushganingizni ko‘rishsa, ogohlantirishardi va xotiradagi rasmlarni o‘chirib yuborishni talab qilishardi.

Xayriyatki, jonkuyar rahbarlarimiz metropoliten hududida tushilgan rasm va videolar uning xavfsizligini ta’minlashga raxna solmasligini tushunib yetishdi. Internetning qidiruv tizimida qadrdon metropolitenimizning ko‘rkam va hashamdor bekatlari aks etgan millionlab rasm va videolar to‘lib toshgan zamonda, siz-u biz suratga olgan 2-3 rasm bilan hech narsa o‘zgarib qolmasligini anglashdi.

Shu yilning 7-fevral kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klubning navbatdagi uchrashuvida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov endi Toshkent metropolitenida fotosurat va videolavhaga olish taqiqlanmasligini ma’lum qilgandi.

«Metroda suratga olish mumkin bo‘ladi. Bu borada hech qanday muammo bo‘lmaydi. Bizning metro dunyodagi eng chiroyli metro. Biz uni reklama qilishimiz kerak. Shu paytgacha taqiqlangan, lekin endi bu amaliyotdan voz kechiladi», -  deb aytgan Abduhakimov.

Oradan ikki oy o‘tdi! Hafta boshida ishdan qaytayotib «Mirzo Ulug‘bek» bekatiga tushdim va qiziq manzaraning guvohi bo‘ldim. Ikki o‘spirin yigit selfi tushishayotgan edi, qo‘riqlash xizmati xodimlaridan biri kelib, ularni ogohlantirdi. Va yana avvalgi yillardagi holat takrorlanib, telefon xotirasidagi suratlarni o‘chirib tashlashini buyurdi.

Gap faqat suratga tushish bilan bog‘liq emas. Aslida bu insonning zaruriy ehtiyoji ham hisoblanmaydi. Faqat o‘ylantirayotgan masala - rahbarlar falon qonun-qoida kuchga kiradi yoki bekor qilinadi deyishayapti, ammo amalga kelganda...

Yangilikka intilmayapmiz, eski qolipdan voz kechishimiz og‘ir bo‘layapti.

Nargiza Murodova.

Tahririyatdan: mavzuda ko‘tarilgan masala yuzasidan Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilganimizda metropolitenda xizmat ko‘rsatayotgan ichki ishlar xodimining bu talabi noqonuniy ekanligi, metropolitenda suratga olish bo‘yicha cheklovni bekor qilish yuzasidan Toshkent shahar hokimining tegishli qarori imzolangani ma’lum qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring