Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Migratsiya urf-odatlarimizga chang solmaydimi?

Migratsiya urf-odatlarimizga chang solmaydimi?

Foto: «Uzanalytics.com»

Bugun migratsiya atamasi hech kim uchun yangilik emas. Chunki har birimizning hech bo‘lmaganda bir nafar qarindoshimiz xorijda pul topish maqsadida mehnat qilmoqda. «Uzanalytics.com» sayti «Buyuk kelajak» kengashi ekspertlari bilan intervyular uyushtirib kelmoqda.

Ekspertlar O‘zbekistonning kelajagini qanday tasavvur qilishlari, O‘zbekistondan tashqarida orttirgan tajribalari haqida o‘rtoqlashadilar. Intervyu orasida  «Nima deb o‘ylaysiz, migratsiya o‘zbeklarga ta’sir ko‘rsatdimi? Ularni dunyoning globallashgan fuqarolari deb aytish mumkinmi yoki xalq orasida hali ham urf-odat va an’analar kuchlilik qiladimi», mazmunidagi savol e’tiborimizni tortdi. Xo‘sh, ushbu savolga «Buyuk kelajak» kengashi ekspertlari qanday javob berishdi:

Foto: «Uzanalytics.com»

Nabi Tog‘ayev, Interlink Kapital Strategiyasi (Vashington, KO) kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori, Buyuk Kelajak xalqaro nodavlat tashkiloti a’zosi:

 — Globalizatsiya va migratsiyaga men shaxsan ijobiy qarayman, albatta, ma’naviyatimiz, urf-odatlarimizga salbiy ta’sir qilyapti deguvchilar ham topiladi, lekin men uchun iqtisodiy o‘sishimiz va moliyaviy jihatdan rivojlangan davlatlar qatoriga kirishimiz muhimroq. «Buyuk Kelajak» xalqaro nodavlat tashkiloti a’zosi Bekzod Hoshimov aytganidek, «bu biz uchun rivojlangan davlatlar safida bo‘lishdagi oxirgi imkoniyat bo‘lishi mumkin», shu sabab hozir globalizatsiyaning urf-odatimizga ta’sirini muhokama qilib o‘tirishimiz mantiqsiz. Bizning iqtisodiy ko‘rsatgichimiz havas qiladigan darajada emas, buni qo‘shni Qozog‘istonga taqqoslaganda ham ko‘rishimiz mumkin. YIMimizning kishi boshiga taqsimoti bir necha barobar kam (7,970 va 2,000 AQSh dollari mos ravishda).

Migratsiyaga keladigan bo‘lsak, bu tabiiy hol, ya’ni inson har doim o‘zi uchun har tomonlama yashash va ishlash qulay bo‘lgan hududga ko‘chib o‘tadi, davlat chegaralari paydo bo‘lishidan oldingi insoniyat tarixini esga oladigan bo‘lsak, bu holat har doim bo‘lgan. Agar savolingizda bilimli kadrlarimizning boshqa davlatlarga ko‘chib ketayotganini nazarda tutgan bo‘lsangiz, bu albatta, davlat iqtisodiyoti uchun juda katta zarar, chunki davlatning boyliklari hozirgi zamon iqtisodiyotida uning yer-osti zahiralari bilan emas, balki inson kapitali sifati bilan o‘lchanadi. Bunga yorqin misol, Kaliforniya shtati (YIM 2.448 trln AQSh dollari), uning YIMi asosan intelektual boylik evazigadir. Shtatning YIMdagi asosiy ulushlarini moliya, biznes xizmatlari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, texnologiya va turizm sohalari tashkil qiladi (hammasi birgalikda 56 foiz) atigi 1 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri keladi. Yuqoridagi misol inson kapitalining mamlakat iqtisodiyotdagi o‘rni beqiyosligiga yaqqol misol.

2016-yildan beri prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida xorijda faoliyat olib borayotgan yuzlab professional hamyurtlarimizning davlat organlariga jalb qilinishini oqilona qaror deb baholayman. Bu holatni tanaga «yangi qon» quyilishiga taqqoslash mumkin, garchi hali natijalar haqida gapirishga erta bo‘lsa-da, sezilari yutuqlarga erishilmoqda. Jumladan, London Birjasida 1 mlrd AQSh dollarilik obligatsiyalarimizning joylashtirildi va xalqaro reyting agentliklarining O‘zbekiston kredit reytingi (BB-) e’lon qilindi. Bu reyting bizni Braziliya, Gruziya va Vetnam kabi davlatlar bilan tenglashtirib, qo‘shni Tojikiston va Ukraina kabi davlatlardan yuqori o‘rinlarni egallashimizga imkon beradi, natijada xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni osonlashtiradi. Buning hammasi aynan men yuqorida eslatib o‘tgan xorijda tajriba oshirib, yurtga qaytgan professional hammyurtlarimizning mehnati evaziga qisqa muddatda erishildi.

Foto: «Buyuk Kelajak»

Malika ShARIPOVA, ayni paytda Belgiyada korporativ ijtimoiy mas’uliyat va barqaror rivojlanish bo‘yicha mutaxassis, «NewLinks Global» konsaltingi hamkori, «Buyuk kelajak» kengashi eksperti:

– Migratsiyadagi o‘zbeklarning aksariyatini, mening fikrimcha, dunyoning globallashgan fuqarolari deb atab bo‘lmaydi. Chunki, an’anaviy, madaniy va tarixiy qadriyatlarimizni saqlab qolish va davom ettirish ko‘pchilik o‘zbek oilalarida mavjud. Men shaxsan bu qadriyatlarimizni saqlab qolish juda muhim deb hisoblayman. Bizning farzandlarimiz, o‘z tarixini bilmaydigan, o‘zligini tanimaydigan bir manqurtlarga aylanmasliklari lozim. Biz ulug‘ bir xalqning, boy tarixi bor millatning avlodlarimiz, ammo, shuni ham aytib o‘tish joizki, ba’zi an’analardan voz kechish, ularni butunlay yo‘qotish ham zarur. Bir qator urf-odat va an’analarimiz umuman inson huquqlari konsepsiyasiga, mustaqil fikr yuritish prinsiplariga zid.

Chet yurtlarda ko‘p yillardan beri yashayotgan o‘zbeklar va mahalliy o‘zbeklarni birlashtirish juda yaxshi ijobiy natijaga olib kelishi mumkin. Chunki bunda dunyoviy va ochiqlikka asoslangan fikrlar milliy qadriyatlarga uyg‘unlashib, farzandlarimizni dunyoviy ilmlarga intiluvchi, jahon talablariga javob bera oluvchi, ilg‘or fikrlarni o‘zida tashuvchi va ayni paytda, o‘zbek ekanligidan g‘ururlanuvchi fuqarolar bo‘lib yetishishlariga asos bo‘lishi mumkin.

Foto: «Sputnik»

Habib Abdullayev, «Rikor» (Moskva) texnoparkining bosh direktori, Moskvadagi o‘zbek milliy-madaniy avtonomiyasi raisi, «O‘zbegim» gazetasining noshiri (ayni paytda «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasining direktori lavozimida faoliyat yuritmoqda):

– Rossiyadagi o‘zbek migrantlari misol qilinayotgan bo‘lsa, bu yerda globalizatsiya haqida gapirish ehtimoldan juda uzoq – bu odamlar milliy an’analarga sodiq odamlardir. Rus tilini yaxshi bilmaslik va boshqa tillarni umuman bilmaslik ularni globallashgan hamjamiyatga integratsiyalashishdan butunlay cheklab qo‘yadi. Rossiya megapolislari hayotini qabul qilgan, juda tez va oson moslashuvchan o‘qimishli qatlam vakillari – bu boshqa masala. Yana bir bor ta’kidlab aytamanki, bu ular o‘zlarining o‘tmishdagi ildizlarini unutadilar degani emas.

To‘g‘ri, «ommaviy» migrantlar va tub aholining deyarli parallel turmushiga qaramay, baribir ayrim madaniy odat va an’analar bilan almashinuv sodir bo‘lmoqda. Bundan tashqari, Rossiyaning aksariyat tumanlarida o‘zbek madaniyatini maqsadli ravishda targ‘ibot qiladigan o‘zbeklar etnomadaniy tashkilotlari ham faoliyat yuritadiki, bu rossiyaliklarning o‘zbeklarning xalq sifatidagi bilimlarini yanada oshirishga xizmat qiladi. Ular bizning an’analarimizni, xususan mehmondo‘stlik, kattalarga bo‘lgan hurmat va g‘amxo‘rlik, ichmaslik, mehnatsevarlik kabi fazilatlarimizni juda qadrlashadi. O‘z navbatida, migrantlar Rossiya hayoti bilan tanishgach, o‘z dunyoqarashini ancha kengaytiradilar hamda foydali kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring