Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Muborakdagi «Yangi Qoraqum» mahallasi: qog‘ozda — zo‘-o‘r, amalda... (?!)

Muborakdagi «Yangi Qoraqum» mahallasi: qog‘ozda — zo‘-o‘r, amalda... (?!)

Foto: «Xabar.uz»

Muborak tumanining «Yangi Qoraqum» mahallasidagi namunali uylar qurilib, foydalanishga topshirilganigayam to‘rt-besh yil bo‘lib qoldi. «Namunali uylar» o‘z nomiga munosib emasligi o‘z yo‘liga, bunga aholida bir qadar ko‘nikish shakllanib ulgurgan hatto! Biroq yangi uy — yangi maskanga ko‘chib o‘tish tevaraging tekis bo‘lib, bemalo-ol yashaysan, deganiyam emas-da.

Yangi joyning kamchiliklari ko‘p bo‘ladi, to‘g‘ri. Ayni paytda besh yuzga yaqin xo‘jalik istiqomat qiluvchi «Yangi Qoraqum»ning eski muammolari hanuz bartaraf etilmaganiga nima deysiz? Gaz, svet, suv... deyilsa, bunaqa muammo qaysi qishloqda yo‘q, deya og‘izga urish «urf»ga aylangan, mayli.

Muborak shahrining chekka hududi hisoblanmish bu mahallada na maishiy xizmat shoxobchalari, na bekat qad rostlamagani-chi?! Hammasidan o‘tib tushgani — maktab yo‘q! Bolalar qishning sovug‘i-yu yozning chillasida loy-changga botib, yetti-sakkiz kilometr yo‘l bosib, shahardagi maktabga qatnashga majbur. Besh yuz xonadonning har birida ikki nafardan maktab o‘quvchisi bo‘lgandayam, necha nafar bolalar kuniga o‘n-o‘n besh kilometr yo‘l bosishini tasavvur qilyapsizmi?! Ularning yo‘lkirasiga ketadigan xarajatning o‘zi ancha-muncha oila ro‘zg‘orining bir chetini ko‘tarishini-chi?! Yo‘llarda uchraydigan ehtimoliy ko‘ngilsizliklar (masalan, avtoavariya!) haqida gapirmadik tag‘inam...

Ayni holatning alamli nuqtasi shundaki, bu hududda obodonchilik ishlari allaqachon boshlanib, yakuniga yetib qolgani, maktab qurilishi bo‘yicha ham amaliy harakatlarga qo‘l urilgani haqida viloyat hokimligi mutasaddilari Vazirlar Mahakamasiga 2016-yildayoq hisobot berib bo‘lishgan edi. Biroq qog‘ozdagi jimjimador axborotning amaldagi ifodasini mahalliy aholi hozirgacha ko‘rgani yo‘q.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring