Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mudofaa vazirligi prezident topshirig‘ini bajarishga jiddiy kirishdi

Mudofaa vazirligi prezident topshirig‘ini bajarishga jiddiy kirishdi

Foto:Mudofaa vazirligi axborot xizmati

Bugun, 4-dekabr kuni Xavfsizlik kengashining 28-noyabrdagi kengaytirilgan yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish yo‘lida qo‘yilgan vazifalarning ijrosiga qaratilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Mudofaa vazirligi axborot xizmati.

Unda Mudofaa vazirligi rahbariyati, bastakorlar, kino, madaniyat va san’at namoyondalari, rassomlar hamda ijodkorlar ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti ushbu yig‘ilishda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiylarga mamlakatimizning buyuk tarixini o‘rgatish, ular bilan faxrlanish tuyg‘usini shakllantirish mexanizmlarini ishlab chiqish, armiya va xalq birligini ta’minlash borasida mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda ishlarni kuchaytirish orqali milliy armiyamiz saflarini mustahkam iroda, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan yoshlar bilan to‘ldirib borish bo‘yicha keng ko‘lamli topshiriqlarni bergandi.

O‘zbekiston mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Azizbek Ikramov raisligida o‘tgan bugungi uchrashuvda ushbu vazifalar ijrosi va yosh-avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar rejalashtirib olindi.

“Biz birinchi navbatda harbiy xizmatchilarimizning ma’naviy saviyasini oshirishimiz kerak. Prezidentimiz ham bekorga «Temur tuzuklari»ni chuqurroq o‘rganishga e’tibor qaratishimiz lozimligini ta’kidlamadilar. Har bir harbiy xizmatchi bu kitobga yozilgan tariximiz, harbiy san’at va strategiya haqida ma’lumotlarni bilishi lozim. Biz esa buning uchun hamkorlikda ishlashimiz kerak. Endilikda barcha ishlar qog‘ozda qolib ketmaydi.  Mudofaa vazirligi tomondan nimaiki yordam kerak bo‘lsa, doim tayyormiz”, — dedi Azizbek Ikramov.

Shuningdek, yig‘ilish davomida harbiy-vatanparvarlik ruhidagi filmlar, multfilmlar, saf qo‘shiqlari, marshlarni yaratish lozimligi alohida qayd etib o‘tildi. Vatanparvarlik mavzusidagi respublika qo‘shiqlar tanlovini o‘tkazish, keyinchalik ushbu qo‘shiqlar to‘plamini chop etib, barcha harbiy qismlarga yetkazish taklifi bildirildi.

«Saf qo‘shiqlarimiz juda eskirib ketgan. Necha yillardan buyon o‘zgarmay keladi. Biz Mudofaa vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan birgalikda ularni yangilash, kerak bo‘lsa askarlarimizning jangovarligini oshirishga xizmat qiladigan kuylarni yaratishimiz kerak», — deydi O‘zbekiston bastakorlar uyushmasi raisi Rustam Abdullayev.

Yig‘ilish yakunida hamkorlikdagi ishlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va uni takomillashtirish to‘g‘risida barcha tomonlar o‘z takliflarini bildirishi haqida kelishib olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring