Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namanganda o‘ta nozik operatsiya tig‘siz o‘tkazildi

Namanganda o‘ta nozik operatsiya tig‘siz o‘tkazildi

Foto: «Namangan Today»

Yangiqo‘rg‘onda Namangan viloyatida birinchilardan bo‘lib qator yuqori texnologiyali jarrohliq amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bu haqda «Namangan Today» xabar berdi.

Tuman markaziy shifoxonasida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, viloyat kardiologiya markazi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining taniqli shifokorlari tomonidan to‘rtta eng yuqori texnologik jarrohlik operatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida yakunlangan jarrohlik amaliyoti hozirga qadar respublikamizdagi hech bir tumanda bajarilmagan edi. Viloyat kardiologiya markazidan kelgan tibbiyot fanlari nomzodi Nuriddin Bahriddinov va markaz kardiologiya bo‘limi mudiri Abdusalom Xo‘jamberdiyev besh yoshli Abdullo Mahmudjonovning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldilar. Yurak tug‘ma nuqsoni bilan dunyoga kelgan bemor bolada ochiq arterial tomirni bog‘lash jarrohlik amaliyotini sifatli o‘tkazishdi.

Shunisi e’tiborga molikki, operatsiya jarayonlari nafaqat mahalliy shifokorlarga, barcha tumanlardan kelgan kardiologlar va jarrohlarga «Mahorat darsi» sifatida onlayn tarzda ko‘rsatib borildi. Taniqli jarroh Tolibjon Mamadumarov mutaxassislarga amaliyotning nozik va murakkab jihatlari haqida tushuncha berib turdi.

Shu yerda eng zamonaviy laproskopik apparat yordamida tig‘siz operatsiya ham amalga oshirildi. Navro‘zobod mahallasida yashovchi Jamila Qodirovaga surunkali tosh xoletsisti kasalligi azob berar edi. Shifokorlarning sa’y-harakati bilan xastalik bartaraf etildi. Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi jarrohlik bo‘limi mudiri G‘ovsiddin Mamadaliyev hamkasblari bilan laproskopik xoletsistit-ektomiya amaliyotini o‘ta sifatli bajarishga erishdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring