Norboyeva Jenevada mintaqaviy barqarorlik va islohotlarni muhokama qildi

Jenevada Senat raisi parlamentlararo hamkorlik, xotin-qizlar huquqlari sohasidagi islohotlar, shuningdek, Germaniya, Singapur, Qozog‘iston va Vengriya kabi qator davlatlar bilan strategik hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Jenevada bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqqa a’zo mamlakatlar parlamentlari ayol spikerlarining 15-sammiti doirasida qator xorijiy davlatlar parlamentlari rahbarlari va nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Forum doirasida Norboyeva "BMT-ayollar" tashkilotining Jenevadagi bo‘lim direktori Sofiya Kalltorp bilan uchrashdi. Tomonlar O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglikni ta’minlash, bandlik va zo‘ravonlikka qarshi kurashish borasidagi islohotlarni muhokama qilishdi.
Germaniya, Singapur, Vengriya va Qozog‘iston parlamentlari vakillari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlar davomida siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda tajriba almashish, qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish, parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyatini faollashtirish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.
Xususan, Germaniya va Vengriya parlament a’zolarining o‘zaro rasmiy tashriflari rejalashtirilgan, Singapur bilan davlat boshqaruvini takomillashtirish sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter