Navoiyda soxta IIB xodimi ushlandi
Navoiyda o‘zini IIB xodimi deb tanishtirgan shaxs qo‘lga olindi. U boshqa bir shaxsni ishga joylashtirish evaziga yirik miqdorda pul undirishni maqsad qilgan. Bu haqda «Xabar.uz»ga Navoiy viloyati IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, asli nurotalik 37 yoshli R.Y. buxorolik 35 yoshli J.M. bilan tanishib, u jiyaniga ish izlab yurganidan hamda uni ichki ishlar organlariga ishga kiritmoqchi bo‘lganidan xabar topgan. R.Y. tog‘a va jiyanning ishonchiga kirib, bunday masalalarni «xamirdan qil sug‘urgandek» oson yechib berishini bildirgan. Hatto, o‘zi ham ichki ishlar organi xodimi ekanligini aytgan.
«Navoiy viloyati IIB Tergov boshqarmasiga ishga kiritib qo‘yaman. Aslida, bu tizimga ishga kirish oson emasligini bilasiz. 5000 dollar evaziga ishni tez va sifatli bitirib beraman», — deya va’da bergan R.Y. buxorolik fuqaroga.
Oradan bir necha kun o‘tgach, telefon orqali suhbatlardan birida R.Y. ishni «boshlab yuborish» uchun pul zarurligini bildirib, J.M.ga aytilgan mablag‘ni keltirib berishini so‘ragan. J.M. esa ayni paytda buncha miqdordagi mablag‘i yo‘qligini aytgan. R.Y. esa vaqtni paysalga solmay, «xamir uchidan patir» 500 dollarni yetkazib berishni talab qilgan.
R.Y.ning o‘zaro suhbatlar davomidagi oldi-qochdi gaplari tog‘a-jiyanlarda shubha uyg‘otgan. Va ular aldanib qolishni istamay, R.Y. ustidan IIV ShXBB Navoiy viloyati bo‘yicha bo‘limiga murojaat qilishgan.
Shundan so‘ng IIV ShXBB Navoiy viloyati bo‘yicha bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir tashkil etilib, gumonlanuvchi kelishilgan 5000 AQSh dollaridan 500 dollarni olayotgan paytda qo‘lga olingan. Tadbir davomidayoq, R.Y. ichki ishlar tizimidan yiroq, mutlaqo boshqa kasb egasi ekani oshkor bo‘lgan.
«Hozirda holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, nafaqat, ichki ishlar xodimlari, balki boshqa soha mansabdor shaxslari ham qonunlarni chetlab o‘tgan holda IIOga fuqarolarni ishga qabul qilish vakolatiga ega emas. Shu bois, o‘zini ichki ishlar yoxud boshqa organ xodimi sifatida tanishtirib, yordam taklif qiluvchi soxta shaxslar nayrangiga aldanib qolmaslik kerak. Shu kabi holatlarga duch kelganda, albatta, tegishli idora-tashkilotlarga murojaat qilish eng to‘g‘ri yo‘l», — dedi Fayozjon Qosimov.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter