Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

«Navro‘z» so‘zi birorta gazetada yozilmagan yil: taqiqdan BMT qarorigacha...

«Navro‘z» so‘zi birorta gazetada yozilmagan yil: taqiqdan BMT qarorigacha...

Foto: «Xabar.uz»

Ijtimoiy tarmoqdagi bahsda talaba yigit «Navro‘z rasman taqiqlanganiga isbotingiz bormi?» deb qizishib ketdi.

Bugun 50, 60 yoshdan oshganlar uchun bu – eski mavzu, qizig‘i ham qolmagandir. Lekin, 40 yoshga kirayotgan vatandoshlarimiz ham aslida nima bo‘lganini yaxshi eslay olishmaydi. Oliygohda o‘qiyotgan yigitcha esa Navro‘zni nishonlash taqiqlanganiga ishonmaydi...

Bir gazeta misolida

1986-1987 yillar tarixda Navro‘zning so‘nggi taqiqlanishi bilan muhrlanib qoldi.

Ma’lumot to‘plash maqsadida Samarqand viloyat gazetasi «Lenin yo‘li» (hozirgi «Zarafshon») taxlamlarini titkiladim.

70-yillarda ham, 80-yillar boshlarida ham gazetada Navro‘z kunlari yirik harflar bilan, eng tepada, gazetachilar tili bilan aytganda «shapka» da qutlov berilgan. Asosan to‘rtinchi, rasmiy xabar va ma’lumotlardan xoli, asosan adabiyot va san’at, ommabop maqola va lavhalarga mo‘ljallangan sahifada Navro‘zning tarixi, u bilan bog‘liq ana’analar, bahor taomlari retseptlari, shuningdek, she’r-qo‘shiqlar, tadbirlardan xabarlar har yili e’lon qilingan.

1981 yil 21 mart sonida, birinchi sahifada, «Lenin yo‘li» degan yozuv tepasida «Navro‘z bilan keldi qutlug‘ do‘stlik bayrami» deb O‘zbekistonda sovet adabiyoti kunlari ham boshlangani ta’kidlangan. O‘shanda gazetalar faqat oq-qora rangda chiqardi va «shapka»ning ko‘k rangda berilishi o‘ta kamyob va e’tiborga molik holatlarda qo‘llanardi.

1985 yil 22 mart sonida ham 4-bet «Salom Navro‘z, Bahor elchisi» degan rangli, yaxlit sarlavha ostida qator materiallar berilgan. Tarix fanlari kandidati A.Kamolovning «Qadimiy va umbrboqiy» maqolasida, «sotsialistik jamiyat ma’naviy boyliklarini yaratishda bu an’analardan ijodiy foydalanish muhim»ligi va keyin Vladimir Ilich Lenin «o‘tmishning eng yaxshi an’analarini» uqtirganini bugungi o‘quvchi hazm qilolmasligi bor gap. Lekin aynan shu maqolada ahamiyatli ma’lumotlar keltiriladi.

Maqolada Abu Rayhon Beruniyning «Kitobat Tavhim» hamda «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘atit turk», Umar Xayyomning «Navro‘znoma» asarlaridan ma’lumotlar keltirilgan.

Ulug‘bekning tushuntirishlari shunday bayon etilgan: «Mirzo Ulug‘bekning yozishicha, quyosh markazi ekliptika bo‘ylab harakat qilayotganda janubiy yarim sharning shimoliy yarim sharga o‘tayotib kun tengligi nuqtasi osmon ekvatorini kesadi. Bu 21 mart kuniga to‘g‘ri kelib, butun Yer kurasida (Qutb atroflari bundan mustasno) kun va tun davomiyligi tenglashadi».

«Lening yo‘li»da o‘sha yillari 21 martda shunchaki tabrik sifatidagi yozuv berilar, Navro‘zning asosiy materiallari 22 mart sonida joylashtirilardi. Lekin...

1986 yil 22 mart sonida birinchi betda ham Navro‘z haqida bir og‘iz so‘z aytilmadi. Bosh maqola «Intensivlashning bosh vositasi», u bilan yonma–yon - «KPSS Markaziy Komiteti Siyosiy byurosida», keyingilari «Inson baxt-saodati uchun», «Arxitektorlar s’yezdi, «Delegatsiya qaytib keldi», sahifada bitta surat bor – peshqadam tokarning surati ...

Bo‘lmaganda, 4-sahifaning yarmi Navro‘zga ajratilgan yillardagidan farqli o‘laroq, 1986 yil 22 mart soni (bundan keyingi sonlarda ham) so‘nggi sahifada ham, boshqa sahifalarda ham «Navro‘z» so‘zi bir marta ham tilga olinmagan. Birgina gullagan daraxt surati tagxatida yasharish haqida to‘rt qator she’r yozilganiniyam aytmasak bo‘lmas. O‘sha sonning dam olish sahifasida «Halol mehnat – elga ziynat» maqolasi, «Shanba, yakshanbani qanday o‘tkazasiz?» reklamasifat e’lonlari o‘rin olgan. E’londagi «Teatrlarda tomosha qiling», «Kinoteatrlarga marhamat!», «Stadionlar chorlaydi» ruknlarida ko‘rsatilgan tadbirlarning birortasi Navro‘zga aloqador emas. «Nafosat gulshani» rukni ostida esa Sadriddin Ayniyning «Ramazon oyi» degan hajviy she’ri berilgan. She’rdan avval «Ateistik mavzuda yaratilgan bu she’r bugungi kunda ham o‘z aktualligini yo‘qotgan emas» deb uqtirilgan.

1987 yil Navro‘z kunlarida ham «Lenin yo‘li»da na Navro‘zu va na Navbahor tilga olinmagan. Shu sondan boshlab «Xotira kuni» degan rukn paydo bo‘lgan.

1988 yildan boshlab esa o‘tgan yillardagi bo‘shliqlar to‘ldirilgandek, gazetaning bir necha sonlarida har to‘rttala sahifalarda Navro‘z, bahor nafasi ufurdi.

Navro‘zga taqiq boshlangan yillarda Samarqand viloyat gazetasini taniqli jurnalist Ahmadjon Muxtorov boshqargan. Jamoaning salohiyati, ijodiy quvvati respublika gazetalaridan qolishmagan. Gazeta sahifada milliy bayramni asrash borasida fikr aytish tugul, birgina «Navro‘z» so‘zini olib chiqish ijodkorlarning qo‘lida bo‘lmaganligi ayon gap. Qolaversa, o‘shanda respublikada chiqayotgan 200 ga yaqin boshqa, jumladan, respublika miqyosidagi gazetalar ham «oqimda suzish»dan boshqa iloji qolmagan. «Sovet O‘zbekistoni» gazetasi esa 88, 89-yillarda ham Navro‘z so‘zini ishlatmagan.

O‘zi nima bo‘lgan edi?

1986 yil yanvari so‘nggi kunlarida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Kompartiyasi XXI s’yezdida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari I.B.Usmonxo‘jayev dokladida Navro‘z haqida aniq aytilmasa-da, «diniy sarqitlar, qoloq urf-odatlar va rasm-rusumlar»ni alohida ta’kidlagan.

Lekin, aynan Navro‘zni diniy bayram sifatida taqiqlashga urinish 1987 yilda O‘zbekiston komfirqasining 7 martdagi majlisida muhokama bo‘lgani ma’lum. Navro‘zni yo‘qqa chiqarish tashabusskori sifatida O‘zbekiston kompartiyasining mafkura bo‘yicha sobiq kotibasi Ra’no Abdullayeva nomi hamon tilga olinadi. Muhokamada Navro‘zni 21 martda emas, 10 aprelda «Navbahor» nomi bilan ko‘chat ekish bilan bog‘liq sovet bayrami sifatida nishonlash taklif qilingan. Oradan 30 yildan ortiqroq vaqt o‘tib, O‘zA muxbiri Ra’no Abdullayevaning Navro‘z atrofidagi gaplar borasida fikrini olishga erishdi.

– Hujjatlar asosida gapiraman, men respublika ideologiya sekretarlarini yig‘ib, obkom, raykomlarning mafkura kotiblariga «ko‘p davlatlarda ajoyib bahor bayramlari bo‘ladi», dedim. Bizda Navro‘z degan bahor bayrami bor, lekin biz uni o‘tkazmaymiz. Kim qanday o‘tkazsa, sekingina o‘zi o‘tkazadi, bu umumiy xalq bayrami bo‘lmagan. Shu bayramni chiroyli qilib o‘tkazsak, dedim yozuvchilar oldida. Ular qarsaklar chalib qabul qilishdi. To‘g‘ri, u paytda faqat fikr bor edi, hali qaror yo‘q edi. Keyin hujjat tayyorlay boshladik, oldinda hali 1 yil bor edi. Men faqat bitta masalani qo‘ydim. Bahor bayramiga qanday nom beramiz, dedim. Navro‘z deb qoldiramizmi yoki Navbahor deb ataymizmi, dedim. Keyin men bu masalani SKning byurosiga qo‘ydim. Byuroda o‘tirishibdi, bilasizmi, u yerda o‘tirgan erkaklarning qilgan qilig‘ini ko‘rib, jahlim chiqib ketadi. 1-2 oy o‘tgandan keyin hamma ish ketayapti, rayonlarda bahor bayramiga tayyorgarlik bo‘layapti. Bayramni qanday bezatish kerak, qanday konsertlar bo‘lib o‘tishi kerak kabi masalalarni ko‘rayapmiz. 7 mart kuni meni byuro yig‘ilishiga chaqirishdi. Endi Nishonov, Salimov boshqa ishga o‘tishgan. Nishonov Prezidium raisi bo‘lgan, Moskvadan kelgan Anishchev 2-sekretar, yana SKning xo‘jalik sekretari o‘tiribdi.

«O‘rtoq Ra’no Habibovna, hamma faollarni jalb qilib, qanaqadir bahor bayramini o‘tkazmoqchi bo‘libsiz?» dedi Usmonxo‘jayev. «Men siz bilan maslahatlashib qildim axir shu ishni», dedim. Hali qaror chiqarganimizcha yo‘q. Nishonov bo‘lsa: «Eto religiozniy prazdnik, zachem Vi, Ra’no Xabibovna, etot vopros podnimayete?» deydi.

Qizig‘i, 1988 yildan boshlab Navro‘z haqida baralla gapiriladigan, yozildigan davrlar Rafiq Nishonovning rahbarligiga to‘g‘ri keldi.

Bugunning gapi

Siyosiy sharhlovchi, jurnalist Sharofiddin To‘laganov Navro‘z o‘z vaqtida islomiy bayram sifatida nishonlangan deb hisoblaydi.

«Chunki sovet tuzumi xalqni diniy savodsiz qilib qo‘ygani bois ham xalq bu bayramni islomiy bayram deb o‘ylagan. Shundan xulosa qilsa bo‘ladiki, Navro‘z yurtimizda islom dini saqlanib qolishiga qisman bo‘lsa-da xizmat qilgan. Masalan, deylik sumalak Bibi Fotima onamizga nisbat berilishini eslab ko‘raylik. 1980-yillar o‘rtalarida kompartiya tomonidan Navro‘zning Navbahorga aylantirilishi borasidagi og‘zaki qaror albatta kulguli». — Jurnalist Navro‘z borasida odamlar orasida hamon xato tushunchalar borligini aytadi. — «Yaqinda ijtimoiy tarmoqda o‘qib qoldim, Navro‘z zardo‘shtiylarning bayrami deb yozilibdi. Bu mutloqo noto‘g‘ri-ku. Navro‘z diniy bayram bo‘lmagan. Zardo‘shtiylar tabiat bayramini o‘zlashtirib olishgan bo‘lishlari mumkin. Ammo diniy ruh berishmagan».

Sharofiddin aka Qozog‘istonda tug‘ilib ulg‘aygan. U guvoh bo‘lgani, Qozog‘istonda Navro‘z hech qachon taqiqlanmagan: «Qozog‘istonda Navrro‘z rasmiy darajaga chiqarilmagan, lekin taqiqlanmagan ham. Biz Navro‘zni diniy bayram sifatida ko‘rmaganmiz. Tabiat ayyomi, yaxshiliklar, obodonlashtirish bayrami deb qaraganmiz. Hozir ham mening ona qishlog‘im Turbatda odamlar hech bir ko‘rsatmalarsiz o‘zlari mahalla-mahalla bo‘lib nishonlaydilar, hashar uyushtiriladi, xasta-bemorlardan xabar olinadi»

Sharofiddin To‘laganovga ko‘ra, O‘zbekistonda Navro‘z nomi tiklangandan keyin bayram xalqchil bo‘lgan: «Hozirda Navro‘z asosan rasman nishonlanadi. Lekin ayrim joylarda samimiy nishonlashga o‘tilayapti. 100 yillar oldingi kabi odamlarning o‘zlari saylga chiqib, to‘planib sumalaklar pishirsa, o‘yin-kulgu qilsa, beva-bechoralardan xabar olsa, hashar qilsa qanday yaxshi. Hech bir ko‘rsatmayu, majlisu qarorlarsiz!»

Navro‘z YuNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilishi 2009 yilning 30 sentyabriga to‘g‘ri keldi. 2010 yilning 19 fevral kuni esa BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasi 21 martni «Xalqaro Navro‘z kuni» sifatida nishonlash to‘g‘risidagi qarorni bir ovozdan qabul qildi. Qabul qilingan rezolyusiyada mazkur bayram madaniyatlaroro muloqot va o‘zaro tushinishni rahbatlantirishi ta’kidlanadi. Shu tariqa Navro‘z biror bir millat yoki madaniyatning bayrami sifatida emas, balki butun insoniyat merosining bir qismi sifatida nishonlanmoqda. BMT tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra, Navro‘z nishonlanadigan mamlakatlar bayram bilan bog‘liq anana va uning kelib chiqish tarixini o‘rganib, bu merosni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishlari kerak.

Bi-Bi-Si o‘zbek xizmati «Ijtimoiy minbar» ruknida «Navro‘zni nishonlash kerakmi?» degan savolni o‘rtaga tashladi. Bayramga xayrixohlar ko‘pchilikni tashkil etgan. Ammo, Navro‘z muhojirlikdagi o‘zbeklar uchun ahamiyati yo‘qligini yozganlar bo‘ldi. Isroilda ishlayotgan 10 mingdan ortiq o‘zbeklar esa O‘zbekistonning 9 ta milliy bayrami sirasida Navro‘zda ham ularga dam olish kuni berilishini bildirishdi. Isroilda vatandoshlarimiz asosan qariyalarga boquvchilik qilishadi. Ma’lum bo‘lishicha, bayram kuni boquvchi qo‘shimcha dam olishga chiqmaganda, ish beruvchi unga qo‘shimcha ish haqi to‘lashga majbur.

O‘tgan Navro‘zlardan biri oldidan Navro‘z va Navro‘za ismlari atrofidagi ma’lumotlarni o‘rgandim. Davlat xizmatlari agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, bu ism so‘nggi yillarda ko‘proq qo‘yila boshlangan.

Yoki deylik, Samarqandda so‘nggi 10-15 yilda halisa (halim) tayyorlanadigan kafelar paydo bo‘lgan va ko‘payib bormoqda. Sumalakpazlik esa o‘ziga xos tadbirkorlik bo‘ldi.

Har qanday siyosiy jarayon odamlarning shaxsiy ko‘ringan hayot tarziga ta’sir qilishi shunga o‘xshash misollarda ko‘rinadi. Yozaversam, mavzuga oid gap ko‘p. Lekin, bayram dasturxoniga harakatni boshlashim kerak. Samarqandda Navro‘z kuni deyarli har bir xonadonda ichir-chikiri kam bo‘lmagan to‘g‘rama palov tayyorlanadi.

Navro‘z muborak bo‘lsin!

Mustahkam Tangriyorova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring