Nega mevalarimiz mazali bo‘lsa-da, eksporti sust?

Shak-shubha yo‘qki, mazasi jihatdan mevalarimiz istagan davlat mahsulotlari bilan bellasha oladilar.
Hammamizga ma’lumki, hozirgi kunda mamlakatimizda mahsulot eksporti bilan shug‘ullanuvchilarga katta e’tibor berilmoqda. Ularga turli yengilliklar, imtiyozlar taqdim etilmoqda.
Jumladan:
- Oxirgi bir yil ichida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchilarga qo‘yilgan shartnoma bo‘yicha oldindan to‘lov sharti olib tashlandi.
Ya’ni oldinlari chet ellik xaridor bilan eksport shartnomasi tuzilganda u o‘sha shartnoma qiymatining 50 foizini oldindan to‘lashga majbur edi. Shu shart bekor qilindi. Endi chet ellik xaridor bilan shartnoma tuzilsa bo‘ldi. Unga mahsulot bemalol jo‘natilaveriladi.
- Eksportdan tushgan valyutaning qandaydir foizlarini Markaziy bank belgilagan narxda davlatga majburiy sotish tartibi bekor qilindi.
Oldinlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi firmalarga eksport tushumlarining ma’lum bir qismini davlatga majburiy sotish majburiyati yuklangan edi. Ana shu majburiyat ham bekor qilindi, endi eksportchi firmalar hisoblariga kelib tushgan valyutani xohlagancha tasarruf qila oladilar.
- 2017-yil 1-iyuldan boshlab har qanday xo‘jalik yurituvchi sub’yektga, shu jumladan fermer xo‘jaliklariga ham o‘zlari yetishtirgan mahsulotni chet ellarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilish imkoniyati berildi. Pulini oldindan 100 foiz to‘lash sharti bilan.
Ya’ni endilikda fermer xo‘jaliklari o‘z mahsulotlarini chel ellardan xaridor topib, shartnoma tuzib, mahsulot pulini oldindan to‘liq olib bemalol eksport qilishlari mumkin.
Yuqorida yozganlarimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchilarga berilayotgan yengilliklardir.
Ammo bu sohada ham hozircha muammolar bor. Masalan:
- Og‘ir raqobat va chet ellardan xaridor topishning qiyinligi.
Biz uchun eng yaqin va qulay bo‘lgan bozor bo‘lmish MDH davlatlari, xususan Rossiya bozorlarida bizning quruq va ho‘l mevalarimizga asosan Eron va Turkiya eksportchilari raqobat qilishadi. Shuning uchun ham eksportchi firmalarimizga uzoq xorij uyoqda tursin, hatto bizga ancha yaqin bo‘lgan Rossiya bozorlarida ham hozirgi davrda xaridor topish oson bo‘lmayapti.
Shuningdek Eron va Turkiya firmalari o‘z mahsulotlarini Rossiyaga ancha arzon bo‘lgan dengiz yo‘li orqali yetkazib beradilar. Biz esa o‘z mahsulotlarimizni temiryo‘l va avtomobil yo‘llari orqali Qozog‘istonga tranzit uchun boj to‘lab olib o‘tamiz. Ana shu tufayli ham bizning mahsulotlarimiz ekologik toza hisoblansa-da, ba’zan Rossiya bozorlarida turklar va eronliklarning mahsulotlaridan qimmatlik qilib qolayapti.
- Mevalarni quritishda va qayta ishlashda zamonaviy texnologiyalarning kamligi va quritishning ibtidoiy ko‘rinishi.
Yuqorida MDH va Rossiya bozorlarida Turkiya va Eron ho‘l va quruq mevasining bizning mahsulotlarimiz bilan raqobat qilishi haqida yozdik. Ularda tayyorlanadigan ho‘l va quruq mevalarning tarkibi ekologik jihatdan biznikiga yeta olmaydi. Ammo tan olaylik, ularda tayyorlangan mahsulotlarning ko‘rinishi, qadoqlanishi biznikidan ancha yaxshi. To‘g‘ri, oxirgi yillarda bizga ham zamonaviy texnologiyalar olib kelinmoqda, ammo ishlar hali qoniqarli emas.
Aholi o‘z tomorqasida yetishtiradigan mevalarni, fermerlar o‘z bog‘larida yetishtirgan mevalarni aksariyat hollarda ibtidoiy ko‘rinishda o‘ng kelgan yerga tashlab quritmoqdalar. Natijada turli quruq mevalarning sifati yomon bo‘lib qolayapti.
Shu tufayli bizning quruq mevalarimizning sifati Yevrostandart talablariga javob bermayapti. Shu yerda bir misol: bundan bir necha yil oldin bir tanishim internet orqali Polshadan quritilgan olxo‘riga xaridor topdi. Polshalik xaridorlar tekshirish uchun oldin ozgina namuna jo‘natishni so‘rashdi. Namuna jo‘natildi. Shundan keyin ulardan rad javobi keldi. Chunki ular yuvilib tozalangan olxo‘riqoqini laboratoriyada tekshirib ko‘rishsa tarkibida qum borligi aniqlangan. Olxo‘riga qum uni yerga yoyib quritishganda ilashgan va yuvilganda ham batamom toza bo‘lmagan.
- Fermerlarimizda chet ellarga chiqib xaridor izlash imkoniyatining yo‘qligi.
Yuqorida 2017-yil 1-iyuldan fermerlarga o‘z xo‘jaligida yetishtirgan mahsulotini chet ellarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilish imkoniyati berilgani haqida yozdim. Ammo hozircha bu imkoniyatdan foydalanayotgan fermerni uchratmadim. Buning sababi fermerlar o‘z mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilish uchun avvalambor bankda valyuta hisobini ochishlari, keyin esa chet eldan xaridor topishlari kerak bo‘ladi. Bugungi kunda turli agrofirmalar uchun qiyin bo‘lib turgan bu ish oddiy fermerlar uchun ham oson emas.
Buning ustiga fermerlarning vaqti turli majlisu selektorlarda o‘tayapti. Xo‘sh, shunday holatda fermer yeriga qarasinmi, majlis va selektorlarda yursinmi yoki xorijdan o‘z mahsulotiga xaridor izlasinmi?
Shu masala yuzasidan bir nechta fermer bilan suhbatlashganimizda ular besh-o‘n gektar yerda joylashgan bog‘laridan chiqadigan ho‘l va quruq mevalarga xorijdan xaridor qidirib topish qiyinligini, shu bois o‘z mahsulotini eksport-import bilan shug‘ullanuvchi agrofirmalarga sotish qulayligini aytdilar.
Umuman olganda, bu sohada hali qilinadigan ishlar ko‘p. Chet ellarga mahsulotlarimizni ko‘proq eksport qilish uchun avvalambor mevalarni eskicha quritish va qayta ishlash usullaridan voz kechib, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish quvvatlarini ko‘proq olib kelishimiz va mevalarni ana o‘sha texnologiyalar yordamida quritib, qayta ishlashimiz kerak. Ana shunda yaxshiroq natijalarga erishamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter