Noyabrda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 1 foizga qimmatlagan
2025-yilning noyabr oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,7 foizga oshgan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yillik iste’mol narxlari indeksi (INI) 107,5 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning shu oyiga (2024-yil noyabr — 110 foiz) nisbatan 2,5 foiz bandga pasaydi.
Noyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 1,0 foizga, nooziq-ovqat tovarlari 0,5 foizga hamda aholiga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar esa 0,3 foizga qimmatlashgani kuzatilgan.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan bodring (96,0 foiz), pomidor (82,2 foiz), bulg‘or qalampiri (61,2 foiz), baqlajon (51,7 foiz), uzum (12,1 foiz), anor (7,9 foiz), qovoq (5,4 foiz), olma (4,7 foiz), mandarin (4,5 foiz), shaftoli (3,7 foiz), tarvuz (3,4 foiz), qovun (3,4 foiz), tovuq tuxumi (2,4 foiz), quy go‘shti (0,8 foiz), kartoshka (0,7 foiz), birinchi navli bug‘doy uni (0,5 foiz) hamda mol go‘shti (suyaksiz go‘shtidan tashqari) (0,3 foiz) narxlarining oshishi inflyasiyaga asosiy ta’sir ko‘rsatdi.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan inflyasiyani pasaytiruvchi omil sifatida sabzi (-26,1 foiz), sholg‘om (-7,1 foiz), barcha navdagi guruch, guruch oqishog‘i (-4,5 foiz), loviya (4,2 foiz), shakar (-2,9 foiz), piyoz (-2,5 foiz), banan (-1,3 foiz) hamda parranda go‘shti (-1,2 foiz) narxlarining pasayishi muhim hissa qo‘shdi.
Shuningdek, nooziq-ovqat mahsulotlar narxlaridan propan (7,4 foiz), benzin (1,7 foiz), sement (1,4 foiz) hamda kiyim va poyafzal (0,7 foiz) narxlarida o‘sish kuzatildi.
Hisob-kitoblar uchun 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida 195 mingga yaqin narxlar qayd etilgan. 420 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari va 90 turdagi xizmatlar narxlari kuzatildi.
Manba: t.me


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter