Nyu York: yosh huquqshunos Damir Ahrorov — “Bugungi kunda g‘oya eng qimmat kapital”
Suhbatdoshim endigina 22 yoshni qarshilagan. Nima uchun endigina deyapman, chunki uning yutuqlari yoshidan ham, bo‘yidan ham uzun. Damir Ahrorov asli samarqandlik. Ayni paytda Amerikada yashaydi.
“Bo‘ladigan bola boshidan ma’lum”, deganlaridek, maktabni oltin medalga bitirgan. Va hozirgi kunda o‘qituvchilari bildirgan ishonchni ortig‘i bilan oqlayapti. Ona tilidan tashqari rus, ingliz tilida erkin muloqot qiladi, ispan tilini boshlang‘ich darajada biladi, fors-tojik tilida suhbatlasha oladi. Sambo va erkin kurash bo‘yicha ko‘p marotaba viloyat, respublika chempioni. Agar Damir Ahrorov sport yo‘nalishini tanlaganida doimo g‘olib sportchilarimiz safida bo‘lardi, shubhasiz. Ha anglaganingizdek, qahramonimiz sportchi emas, balki “SCOPUS” va “Impact Factor” kabi xalqaro jurnallarda 20dan ortiq ilmiy maqolalari chop etilgan, “MDH eng yaxshi talabasi”’ xalqaro tanlovi g‘olibi, “Ta’lim sohasidagi xizmatlari uchun” MDH medali va 50dan ortiq sertifikat, diplomga ega, yana turli xalqaro va respublika konferensiyalari, forumlar, tanlovlarda ishtirok etgan ko‘p qirrali bo‘lajak huquqshunos. Bu hali hammasi emas, qolganini Damirning o‘zidan eshitamiz.
— Bunday yutuqlarga erishish uchun doimiy faollik zarur, ayting-chi vaqtingizni qanday taqsimlaysiz?
— To‘g‘risi, bu natijalar bir kunda kelgan emas. Men umuman “muvaffaqiyat”ni katta bir sakrash deb emas, kunlik oddiy harakatlar yig‘indisi deb qabul qilaman. Chunki mening hayotimda hammasi shundan boshlangan: kichik qadamlar, lekin muntazam intilish.
Agar biror ishim haqiqatan ham muhim bo‘lsa, unga albatta vaqt topaman. Kun tartibimni 3 qismga bo‘laman: Har kuni kamida ikki-uch soat kitob, maqola yoki yangi huquqiy manbalar o‘qiyman. Asta-sekin, lekin shu odat menda kuchli tarzda shakllandiki, endi “Impact Factor” kabi jurnallarga maqola yozish og‘ir vazifa emas. Aksincha, bu jarayondan zavq olaman.
Aslida odam biror ishni tez-tez takrorlasa, u odatga aylanadi. Ilm men uchun “majburiyat” emas, balki kunning tabiiy qismi.
Nyu-Yorkdagi advokatlik firmasida ishlash tartiblilik va tezkor fikrlashni o‘rgatdi. U yerda har kuni yangi ish, yangi hujjat, yangi mijoz. Bu juda katta maktab. Ish jarayonida o‘qish, yozish, tahlil qilish kun davomida bir-biriga ulangan holda kechadi. Shuning uchun “vaqtim yo‘q” degan bahona ishlamaydi, chunki ishning o‘zi sizni o‘sishga majbur qiladi.
Albatta o‘zim uchun vaqt ajrataman — sport, oilam bilan gaplashish va sayr qilish bular men uchun quvvat manbai. Sport jismoniy kuchdan ko‘ra ko‘proq ruhiy barqarorlik beradi.
— Toshkent davlat yuridik va Polshadagi Adam Mitskevich universitetlarida, Moskvadagi Oliy iqtisodiyot maktabida tahsil olgansiz. Pensilvaniya davlat universitetining boshqa joylardagi ta’lim olish tajribalaringizdan qanday farqli jihatlari bor deb hisoblaysiz?
— Xar bir davlatda o‘qish menga alohida bilim va tajriba bergan. Lekin AQSh mutlaqo boshqacha tajriba. Pensilvaniyadagi (Penn State Law) ta’limning eng katta farqi — bu amaliyot va mustaqil fikrlashga to‘liq e’tibor. Ularda har bir dars shunchaki dars emas balki muloqot, bahs, tahlil. Professor sizdan kitobda yozilganni emas, o‘z fikringizni so‘raydi. “Nima uchun shunday deb o‘ylayapsiz? Qanday misol keltira olasiz?” degan savollar doimiy ravishda berilib turadi.
Yana bir katta farq — erkinlik va mas’uliyat bir vaqtning o‘zida beriladi.
Hech kim “o‘qi”, “ma’ruza tayyorla” deb orqangizdan yurmaydi, lekin shu bilan birga, har bir talabadan yuqori darajada faollik kutiladi. Shu narsa menda mustaqillik va javobgarlikni yanada kuchaytirdi.
Yana bir muhim jihat, bu xalqaro muhit. Turli mamlakatlardan kelgan talabalar bilan bir xonada o‘qib, har kuni boshqa madaniyat, boshqa fikr va boshqa tajriba bilan yuzma-yuz bo‘lasiz. Bu esa dunyoqarashni ochadi.
Shu jihatlari bilan AQShdagi tahsil men uchun alohida va juda katta tajriba bo‘ldi.
— Huquq, mediatsiya, intellektual mulk va turizm... bular turli sohalar. Bu yo‘nalishlar o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?
— Ha, huquq, mediatsiya, intellektual mulk va turizm birinchi qarashda bir-biridan uzoq sohalardek ko‘rinadi. Lekin mening tajribamda ularni birlashtirib turadigan umumiy nuqta bor — insonlar bilan ishlash va huquqiy munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish.
Huquq — har bir sohaning asosi. Qaysi tizimda ishlamang, barchasida qonun, shartnoma, huquqiy mas’uliyat mavjud.
Mediatsiya esa nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish vositasi.
Turizmda ham, biznesda ham, hatto oilaviy munosabatlarda ham nizo chiqadi va ularni sudgacha yetkazmasdan hal qilish juda muhim. Shuning uchun mediatsiya har qanday sohada qo‘l keladigan universal ko‘nikma.
Intellektual mulk — bu zamonaviy rivojlanishning muhim qismi. Hozir qaysi sohani olmang, g‘oya, brend, dizayn, kontent — hammasi himoyaga muhtoj. Turizmga kelsak, men uni alohida “soha” sifatida emas, balki amaliyotda ko‘p huquqiy bilim talab qilinadigan xizmat sohasi sifatida ko‘raman. Turizmda ham shartnoma, litsenziya, xavfsizlik qoidalari, mijoz manfaati — barchasi huquq bilan bog‘liq.
Qisqasi, bu yo‘nalishlar men uchun turli ko‘rinishda bo‘lsa ham, ularning barchasida bitta umumiy nuqta bor: muammoni to‘g‘ri anglash, odamlar bilan ishlay bilish va huquqiy yechim topish.
— Bir necha xalqaro jurnallarda chop etilgan turli sohaga oid ilmiy maqolalar muallifisiz. Keling shular orasidan intellektual mulk sohasida olib borayotgan tadqiqotingiz haqida gaplashsak...
— Intellektual mulk bo‘yicha olib borayotgan tadqiqotim men uchun juda qadrli, chunki bu soha bugungi zamonaviy iqtisodiyotning eng muhim qismiga aylangan. Tadqiqotimning asosiy maqsadi yangi g‘oyalar, brendlar, startaplar va raqamli mahsulotlarni qanday qilib samarali himoya qilish mumkinligini o‘rganish. Ayniqsa, O‘zbekistonda bu yo‘nalish endigina jadal rivojlanayotgani uchun, xalqaro tajribalarni o‘rganib, ularni milliy amaliyotga moslashtirish menga qiziq.
Maqolalarimda intellektual mulkning faqat huquqiy emas, balki iqtisodiy ahamiyatini ham tadqiq qilganman. Chunki hozirgi kunda g‘oya — eng qimmat kapital. Startaplardan tortib, turizm, san’at, biznesgacha hamma joyda intellektual mulk ishga tushadi. Shuning uchun izlanishlarimda “g‘oyani to‘g‘ri himoya qilish qanday qilib iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladi?” degan savol markazda turadi.
Qisqasi, men ushbu tadqiqotlar orqali bizdagi huquqiy tizimga zamonaviy yondashuvlarni olib kirishni, yosh mutaxassislar va tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar ochishni maqsad qilganman.
— Siz Yoshlar ittifoqi a’zosi bo‘lgansiz, shu bilan birga Model United Nations (MUN) ning ta’sischilaridan birisiz, ya’ni volontyorlik ham qilgansiz. Oratory Clubda nafaqat faol, balki “We Are With You” xayriya loyihasida ishtirok etgansiz. Bu kabi turli ijtimoiy va madaniy faolliklar hayotingizga qanday ta’sir ko‘rsatdi va bunday tajribalar insonga qanday qobiliyatlar, imkoniyatlar beradi?
— Bu kabi ijtimoiy va madaniy faolliklarning hayotimga eng katta ta’siri shu bo‘ldiki, odamlar bilan ishlashni, ularni tushunishni va turli vaziyatlarda o‘zimni to‘g‘ri tutishni o‘rgandim. Har bir loyiha yangi muhit, yangi mas’uliyat bergani uchun, vaqt o‘tishi bilan ochiq fikrlash, tashabbuskorlik va jamoada ishlash ko‘nikmalari kuchaydi. Shu tajribalar vositasida men omma oldida erkin gapirishni, vaziyatni tez anglab yechim topishni, yetakchilik qilishni va suhbatdosh bilan muloqotni to‘g‘ri qurishni o‘rgandim.
Bunday faolliklar insonga juda katta imkoniyatlar beradi — mana shularning eng asosiysi ishonch va tajribadir. Chunki jamoatchilik ishlarida ishtirok etgan odam har doim faol bo‘ladi, yangi tanishlar orttiradi, katta loyihalarda qatnashishdan qo‘rqmaydi, o‘zini har qanday muhitda erkin his qiladi. Shu faolliklar xarakterimni shakllantirdi, dunyoqarashimni kengaytirdi va bilim bilan bir qatorda amaliyotda ham ulkan tajriba berdi. Qisqasi, bu tajribalar menga o‘zimga ishonch, mas’uliyat va yangi eshiklar ochgan.
— Siz hozir yurist yordamchisi bo‘lib ishlayapsiz. Mana shu ish faoliyatingiz haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz, ya’ni kelajak orzularingiz...
— Ha, hozir men Nyu-Yorkdagi advokatlik firmasi — Law Office of Yuriy Prakhin da yurist yordamchisi sifatida ishlayapman. Bu joydagi ish tajribasi katta maktab bo‘ldi desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Har kuni turli xil huquqiy vaziyatlar bilan ishlayman: hujjatlar tayyorlayman, mijozlar bilan muloqot qilaman, sud jarayonlarini kuzataman. Eng qizig‘i — har bir hodisa ortida real insonning dardi, muammosi va umidi turadi. Bu ish menga nazariy bilimni haqiqiy amaliyotga aylantirish imkonini berdi.
Kelajak orzularimga kelsam, o‘zim uchun bir nechta aniq maqsad qo‘yganman. Birinchisi AQShda advokatlik litsenziyasini olish. Bu men uchun nafaqat kasbiy o‘sish, balki o‘zimga qo‘ygan shaxsiy va’dam hamdir. Ikkinchi maqsad o‘z yurtimning huquqiy tizimiga xalqaro tajribani olib kirish. Ayniqsa tijorat huquqi va intellektual mulk yo‘nalishlarida zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq qilishni istayman.
Uchinchi orzum, kelajakda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi huquqiy, investitsion hamkorlikni rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shish. Shu bilan birga, yosh yuristlar uchun mentorlik qilish, ularga xorijda o‘qish va ishlash imkoniyatlarini tanishtirishni ham rejalashtirganman.
— Tengdoshlaringizni ruhlantiradigan, motivatsiya beradigan tilaklaringizni ayting....
— Tengdoshlarimga bitta narsani aytaman: hech qachon orzu qilishdan qo‘rqmang, chunki katta orzular odamni katta harakatlarga undaydi. Har kimning hayotida qiynalgan kunlar ham, charchagan paytlar ham bo‘ladi — bu tabiiy. Eng muhimi, to‘xtab qolmaslik.
Har kuni oz-ozdan harakat qiling. Bugun bir sahifa o‘qing, ertaga bir narsa o‘rganing, vaqt o‘tib, o‘zingizdagi o‘zgarishni sezmay ham qolasiz. Kichik qadamlar katta natijalarga olib keladi.
Shuni ham aytib qo‘ymoqchiman: o‘zingizni boshqalar bilan solishtirmang. Har kimning yo‘li o‘zicha. Kimdir tez yuradi, kimdir sekin, lekin eng asosiysi, o‘z yo‘lingizda davom etish.
Xatolardan qo‘rqmang. Men ham juda ko‘p xato qilganman, lekin aynan shu xato va qiynalishlar menga kuch bergan.
Shuni ishonch bilan aytaman: har bir yoshning qo‘lidan katta ishlar keladi. Faqat orzu qilishdan qo‘rqmaslik, harakatdan to‘xtamaslik va o‘zingizga ishonish kerak. Qolganini hayotning o‘zi to‘g‘ri yo‘lga soladi.
Suhbatni Barno Sultonova tayyorladi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter