Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olti yil avval «aybiga iqror bo‘lgan» JQB tezkor vakili oqlandi

Olti yil avval «aybiga iqror bo‘lgan» JQB tezkor vakili oqlandi

Foto: Xabar.uz

Roppa-rosa olti yil burun, 2014-yilning 9-yanvarida Samarqand shahar IIB Jinoyat-qidiruv va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi tezkor vakili Farruh Zohidov sakkiz yil muddatga ozodlikka mahrum qilingandi. Keyinroq hukm yuqori bosqich sudlarida bir necha bor ko‘rilib, ayblovlar qayta malakalandi, shunga monand tayinlangan jazo o‘zgartirildi. Ammo, hukmning «lab-lunji» to‘g‘rilangani bilan ayblov mohiyati o‘zgarmadi: F.Zohidovga tikalgan asosiy qilmish – pora olish jinoyati o‘shandog‘icha qolaverdi...

Farruh Zohidov (hamkasbi bilan) Samarqand shahridagi restoranlardan birining egasini IIBga chaqirib, avvaliga qo‘liga kishan solib qo‘rqitishgach («hozirning o‘zida 15 sutkaga «tiqib» qo‘yaman!»), so‘ng go‘yoki murosa kelib, uning keyingi faoliyatiga «krisha»lik qilishlarini aytib, undan 500 AQSh dollari miqdorida pora olganlikda ayblangandi.

Tergov hujjatlariga ko‘ra, voqelik 2013-yilning sentyabr oyida yuz bergan, biroq jinoyat oradan bir necha oy o‘tgachgina fosh etilgani zikr etiladi. Demak, aybdorlar naq jinoyat ustida qo‘lga tushmagan, ashyoviy dalil o‘zi yo‘q. Shunga qaramay, tadbirkorning arizasi-yu sudlanuvchilarning «iqrornomasi»ga tayanib, masala hal etilaverilgan!

Sudlanuvchilar hibs paytidagi ruhiy va jismoniy qiynoqlar natijasida yo‘q aybiga iqror bo‘lishga majbur bo‘lishgani, tadbirkor esa aynan F.Zohidov bilan hech qanday oldi-berdi qilmaganini sudda necha bor aytmasin – inobatga olinmadi. Aksincha, ularning shu mazmundagi ko‘rsatmalari jazodan qutilib qolish uchun o‘ylab topilgan vaj sifatida baholandi.

Yaqin o‘tmishda bunday manzaralar odatiy holga aylanayozgandi: fuqaro ushlanadi, so‘ng qonundan «yo‘l topib», hibs etiladi va aybiga «iqror qildirilgach», uzoq yilga «kesib» yuboriladi.

Shu tariqa katta jinoyat fosh etiladi go‘yo, bu jarayonda alohida xizmat ko‘rsatganlar unvon-u martabalar ila siylanganini ayting...

Taassufki, bunday jirkanch amaliyot qurbonlari oz emas.

Bugun, zamon o‘zgargach, o‘z nomini oqlashga urinib, murodiga yetayotganlar soni kam emas. Shuningdek, vaqtida adoqsiz azoblarga giriftor etilib, amallab jazoni o‘tagach, «qutilganimga shukr» deb, hammasiga qo‘l siltaganlar ham oz bo‘lmasa kerak.

Farruh Zohidov olti yil davomida yozaverdi, yozaverdi...

Mana, natija: kuni kecha uning ishini ko‘rib chiqqan jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi apellyasiya instansiyasi F.Zohidovni JKning (eski tahrirdagi) 206-moddasi 2-qismi «v» bandi va 210-moddasi 3-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etmagan deb topib, oqladi.

Sudlov hay’atiga raislik qilgan sudya Bahodir Aliqulovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, F.Zohidovning dastlabki tergovda, ya’nikim, hibsdagi vaqtda aybiga iqrorlik bildirib bergan ko‘rsatmalaridan tashqari (uni ayblashga asos bo‘lgan) biror-bir ob’yektiv dalil yo‘q. Qonun esa belgilangan tartibda aybi isbotlangan fuqaroning ijtimoiy xavfli qilmishi uchungina javobgarlikka tortishni talab qiladi. Takror aytadigan bo‘lsak, sudlanuvchi aybiga iqror bo‘lsin-bo‘lmasin, aybi ob’yektiv dalillar bilan isbotlanmabdimi, demak, uni javobgarlikka tortib bo‘lmaydi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring