Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sanjar Said

Hayotda mo‘jizalar sodir bo‘ladi

O‘qituvchilar bo‘lmasa kimlar va qaysi sohalar zarar ko‘radi?

O‘qituvchilar bo‘lmasa kimlar va qaysi sohalar zarar ko‘radi?

Foto: «Marifat.uz»

Oxirgi paytlarda o‘qituvchilar mavzusi eng ko‘p muhokama qilinayotganiga qaramasdan, ta’lim, ayniqsa umumiy o‘rta ta’lim sohasida jiddiy o‘zgarish yoki ijobiy harakatlar ko‘zga tashlangani yo‘q. Ehtimol tepada – bulutlar ortida nimalardir bo‘layotgandir, g‘ala-g‘ovurlar kechayotgandir. Tez orada o‘qituvchilarni amalda himoya qiladigan qonun yoki prezident farmoni imzolanib qolar.

Shunday bo‘ladi deb umid qilgan holda o‘qituvchilarning huquq va erkinliklari daxlsizligi ta’minlanib, ular barcha ixtiyoriy-majburiy ishlardan, yig‘-yig‘lardan ozod qilinsa, bundan kimlar va qaysi sohalar eng ko‘p zarar ko‘rishi mumkin degan savolga javob topishga harakat qilib ko‘rdim.

Demak, o‘qituvchilar bo‘lmasa qishloq xo‘jaligi eng ko‘p zarar ko‘radi. Yerni ag‘darish, chopish, ariq va egatlarni tayyorlashdan tortib chigit ekish, yagana, chekanka, o‘g‘it, hashoratlarga qarshi kurashishu hosilni yig‘ib olishgacha – barcha jarayonlar o‘lda-jo‘lda qolib ketadi. Fermerlar dalasiga ishlash uchun chiqishga, ishlarni qilish uchun odam yollashga majbur bo‘ladi.

Ikkinchi eng ko‘p zarar ko‘ruvchi soha – obodoshlantirish va ko‘kalamzorlashtirish. Soha o‘qituvchilardek tekin va beozor ishchilarsiz qolganidan so‘ng shahar va qishloqlar chiqindiga to‘lib ketadi, hech qayerga yangi ko‘chatlar ekilmaydi, daraxtlar oqlanmaydi. Magistral yo‘llardagi to‘siqlar bo‘yalmaydi, yo‘l chetlarini yovvoyi o‘tlar bosib ketadi.

Mahallalarda ham yozuv-chizuv, qog‘ozbozlik, statistika, hisobotlar masalasida jiddiy muammolar vujudga keladi. Qaysi oilada qanday muammo borligi, tomorqalardan samarali foydalanish, chet ellarda yurganlar haqida ma’lumot to‘plash va hokazo ishlar qilinmasdan qolib ketadi. Mahalla oqsoqollarining boshiga «tepa»dan tosh yog‘adi, ketidan etik izi arimaydi.

O‘qituvchilarsiz eng katta zarar ko‘ruvchi soha, shubhasiz – og‘ir metallurgiya. Yuz minglab o‘qituvchilar yetkazib berayotgan metallomsiz qolgan soha kasodga uchraydi, zavodlar to‘xtab qolib, birin-ketin yopila boshlaydi. Ikkilamchi metall yetishmasligidan boshqa ishlab chiqaruvchilar ham og‘ir vaziyatga tushib qoladi, chetdan metall olib kelish ko‘payadi.

O‘qituvchilarsiz qolgan bosma matbuot – gazeta va jurnallar boshiga ham qora kunlar tushadi. Majburiy obuna hisobiga kun ko‘rayotgan 90 foiz nashrlar kasodga uchrab, yopilib ketadi. Qolganlari ham jon saqlash uchun vijdonan ishlashga majbur bo‘ladi: maqolalar sifati va sahifalar soni ortadi, gazetalar nihoyat rangli chop etiladi. Auditoriya uchun haqiqiy kurash, raqobat boshlanadi.

O‘qituvchilar daxlsizligi ta’minlanishidan eng ko‘p hokimlar aziyat chekadi. Chunki ular tekin ishchilarsiz qolgan sohalarni xodimlar bilan ta’minlash, kasodga uchrayotgan sohalarni oyoqqa turg‘izish uchun bosh qotirish, mahalliy budjetdan obodonlashtirish va boshqa ishlar uchun mablag‘ ajratishga majbur bo‘ladi.

Maktab direktorlari, XTB mudirlari va mutasaddilari, viloyat va respublika darajasidagi ayrim «oyog‘i yerdan uzilgan» rahbarlar sohadagi poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik, fan olimpiadalari va bilimlar bellashuvi kabi tanlovlardagi noxolisliklar va boshqa iblisning ham tushiga kirmaydigan yo‘llar bilan topayotgan mo‘may daromadlaridan mahrum bo‘lishadi.

Ha-a, o‘qituvchilar iqtisodiyotning deyarli barcha sohalari uchun o‘ta muhim, strategik ahamiyatga ega qatlam ekan. Axir doimo shay, qurollangan (ketmon, belkurak, supurgi va hakozolar bilan), itoatgo‘y «askarlar»dan iborat 500 mingdan ortiq «armiya» kimga kerakmas?! Ularni qo‘ldan chiqarish – katta yo‘qotish, hayot-mamot masalasi. Shuning uchun ham osonlikcha taslim bo‘lishmaydi.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring