Orolqumda 2 mln gektar maydonda o‘rmon yaratiladi
«OkDiario» nashri O‘zbekistonda Orol dengizining qurib qolgan qismida amalga oshirilayotgan yirik ekologik loyiha haqida maqola e’lon qildi. Unda mamlakat hukumati jahon hamjamiyati bilan hamkorlikda Orol hududini qayta tiklash dasturini amalga oshirayotgani qayd etilgan.
Maqolada ta’kidlanishicha, ilgari dunyodagi to‘rtinchi yirik ko‘llardan biri bo‘lgan Orol dengizi hozirda sho‘rlangan va ekologik jihatdan zaif hududga aylangan. Sovet davrida Amudaryo va Sirdaryo suvlarining paxta maydonlariga burilishi ekologik halokatni boshlab bergan.
Natijada dengiz suvi qariyb 90 foizga qisqargan, uning o‘rnida esa Orolqum cho‘li shakllangan. Qaqroq hududdan ko‘tarilayotgan sho‘r va zaharli chang aholi salomatligi hamda qishloq xo‘jaligiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati va ilmiy jamoalar hamkorligida sobiq dengiz tubida o‘rmonlar barpo etish dasturi amalga oshirilmoqda. Loyiha millionlab gektar hududni qamrab oladi.
Xususan, Qoraqalpoq davlat universiteti talabalari ham ko‘kalamzorlashtirish ishlariga jalb qilingan. Dastur doirasida 1 million gektargacha maydonda daraxt ekish rejalashtirilgan.
Maqolada keltirilishicha, umumiy hisobda qurib qolgan dengiz tubida 2 million gektardan ortiq hududda o‘rmon tiklash ishlari olib borilmoqda. Mutaxassislar bu usul yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi eng samarali yechimlardan biri ekanini ta’kidlamoqda.
Maqolada qayd etilishicha, loyihaning asosiy maqsadi zarar ko‘rgan hududlarni barqaror ekologik makonga aylantirish, biologik xilma-xillikni tiklash va iqlim o‘zgarishlari ta’sirini yumshatishdan iborat.
Ta’kidlanishicha, yashil hududlar chang bo‘ronlarini kamaytirish, tuproqni mustahkamlash va aholi yashash punktlariga zararli moddalar tarqalishini cheklashga xizmat qiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Orolni tiklash bo‘yicha tajribasini xalqaro maydonlarda ham ilgari surmoqda. Qozog‘iston bilan hamkorlikda Orol dengizining shimoliy qismini tiklash bo‘yicha qo‘shma ekologik loyihalar amalga oshirilayotgani bildirildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter