Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘z qizini kaltaklagan sobiq ichki ishlar xodimi ozodlikdan mahrum etildi

O‘z qizini kaltaklagan sobiq ichki ishlar xodimi ozodlikdan mahrum etildi

Foto: «imperiya.by»

Bundan bir necha oy muqaddam dastlab, «O‘zbekiston» telekanalining «Uchburchak» ko‘rsatuvida e’lon qilingan, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilgan 4 yashar qizini ayovsiz kaltaklayotgan ota tasvirga olgan video yodingizda bo‘lsa kerak. Keyinroq qizaloqning otasi kim ekani aniqlangan va u sobiq ichki ishlar xodimi ekani aytilgan edi.

O‘zAda yozilishicha, sud ushbu holat yuzasidan hukm chiqargan. Aytilishicha, mazkur voqeadan keyin Chilonzor tumani prokurori Mubinabonu va uning voyaga yetmagan akasining manfaatini ko‘zlab sudga da’vo arizasi kiritdi. Bolaga shafqatsiz munosabati bois X.A Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudi tomonidan otalik huquqidan mahrum etildi.

Shu bilan birga, X.A ning o‘z qizini qiynab, tahqirlagani holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudida mazkur jinoyat ishiga oid ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Sudlanuvchi so‘nggi so‘zida qilmishidan qattiq pushaymon ekanini, aslida farzandlarini yaxshi ko‘rishi, o‘sha videoni ikki yil davomida xorijda ishlayotgan turmush o‘rtog‘ini qaytarish maqsadida tasvirga tushirganini aytgan. «Shunday qilsam, zora ayolim bolalariga rahmi kelib qaytar, degan niyatda edim», deya o‘z qilmishini izohlagan u.

Sud majlisida ishtirok etgan sudlanuvchining qarindoshlari so‘zlariga ko‘ra, qizchaning onasi u hali ikki yoshga to‘lmasdan uni otasiga tashlab, o‘zi Turkiya davlatiga ishlashga ketgan. Ota qizchasi va undan kattaroq bo‘lgan o‘g‘liga o‘zi qarab kelgan. Ayolining xorijda yomon ishlar bilan shug‘ullanganini bilgach erkakning sabr kosasi to‘lgan.

Lekin bu gaplarning hech biri bolani urish, qiynash uchun asos bo‘lolmaydi. Milliy qonunchiligimizda bolalar huquqlari kafolatlari himoyalangan bo‘lib, ularga nisbatan g‘ayriqonuniy harkatlar sodir etish, ojizligidan foydalanib tahqirlash, ular mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlik choralari ko‘zda tutilgan.

— Ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 110-moddasida nazarda tutilgan ya’ni «Qiynash» bilan bog‘liq jinoyatni voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etgan, — deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi sudyasi Dilmurod Valiyev. — Jazo tayinlashda barcha holatlar inobatga olindi. Sudlanuvchining avval nojo‘ya qilmishlar sodir etmagani, ya’ni sudlanmagani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgani, aslida bolalari taqdiriga befarq emasligi kabilar jazoni yengillashtiruvchi holat, deb baholandi. X.A olti oyga ozodlikdan mahrum qilindi.

«Xulosa o‘rnida aytib o‘tish kerakki, onaning oilani tark etib ketishi, ro‘zg‘or, bolalar tashvishidan bezgan otaning sabr kosasi siniqlari qizaloqning boshiga yog‘ilgan, aslida. Er va xotinning bir-birini tushunmasligi, o‘zaro mehr-oqibat yo‘qligi ana shunday parokandalikka sabab bo‘layotgani sir emas. Sud materiallaridan ma’lum bo‘lishicha, yuqoridagi holatda ham er va xotin o‘rtasida doimiy kelishmovchiliklar bo‘lib turgan. Achinarlisi, bundan bolalar aziyat chekayotganidir.

Odamlar chiroyli, dabdabali to‘ylar haqida bosh qotirib, bunga borlig‘ini baxshida qilishyapdi-yu, chiroyli turmush tushunchasi esdan chiqib bormoqda. Ikki inson, ya’ni yigit va qiz nafaqat jismonan, balki ma’nan, qalban bir biriga mos bo‘lmaguncha, ular yaxshi turmush kechirolmasligini qachon tushunib yetamiz? Mol-davlatiga, chiroyiga, amaliga qarab tuzilayotgan oilalar bois hozirgi kunda bolalar arosatda qolayotganini ko‘rish uchun ko‘zni katta ochish ham shart emas. Ayting-chi, bunga qachongacha befarq qaraymiz?», — deya maqolaga yakun yasalgan.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring