Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston prezidenti urbanizatsiya bo‘yicha xalqaro tashabbuslar bilan chiqish qildi

O‘zbekiston prezidenti urbanizatsiya bo‘yicha xalqaro tashabbuslar bilan chiqish qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 may kuni Bokuda o‘tgan Butunjahon urbanizatsiya forumi 13-sessiyasi doirasidagi Yetakchilar sammitida ishtirok etib, barqaror shaharlar, arzon uy-joylar va «aqlli» urbanizatsiya bo‘yicha qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Sammitda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich, Bolgariya prezidenti Iliyana Yotova, Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze, Qozog‘iston bosh vaziri Oljas Bektenov hamda BMT va xalqaro moliyaviy institutlar vakillari ishtirok etdi.

Forumda shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash, iqlim barqarorligi va uy-joy qurilishini moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.

Prezident o‘z nutqida XXI asr o‘rtalariga kelib dunyo aholisining qariyb 70 foizi shaharlarda yashashini ta’kidlab, urbanizatsiya jarayonlari global xavfsizlikka bevosita ta’sir qilayotganini qayd etdi.

«Oddiy qilib aytganda, urbanizatsiya jarayonlari global barqarorlik va xavfsizlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatuvchi jiddiy omilga aylanmoqda», – dedi davlat rahbari.

Mirziyoyevning ta’kidlashicha, bugun dunyoda 3 milliardga yaqin inson normal yashash sharoitlaridan mahrum. Bir milliarddan ortiq odam norasmiy uy-joylarda yashamoqda, 300 milliondan ziyod inson esa umuman boshpanasiz.

Prezident O‘zbekistonda urbanizatsiya strategik ahamiyatga ega yo‘nalish ekanini aytib, yaqin 15 yilda mamlakat aholisi 50 million nafarga, urbanizatsiya darajasi esa 65 foizga yetishi kutilmoqda.

Shu munosabat bilan mamlakatda keng ko‘lamli uy-joy qurilishi dasturlari amalga oshirilmoqda. So‘nggi o‘n yilda qurilayotgan uy-joylar soni 10 barobar oshgan bo‘lib, 2025 yilda 238 mingta xonadon qurilgan. 2030 yilgacha bu ko‘rsatkich yana 1,5 barobarga oshirilishi rejalashtirilgan.

Aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash uchun har yili budjetdan qariyb 2 milliard dollar ajratilayotgani aytildi. Norasmiy uy-joylar muammosini hal qilish maqsadida 2024 yilda qabul qilingan qonun asosida 100 mingga yaqin uy rasmiylashtirilgan.

Nutqda «Yangi Toshkent» megaloyihasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Prezidentga ko‘ra, mazkur shahar «yashil», «aqlli», «xavfsiz» va «15 daqiqali shahar» tamoyillari asosida barpo etilmoqda. Birinchi bosqichning o‘zida 25 milliard dollardan ortiq investitsiya loyihalari boshlangan.

Shuningdek, «Yangi O‘zbekiston» massivlari loyihasi doirasida hozirgacha 61 ta yangi massiv qurilgani, 2030 yilgacha ularning soni 100 taga yetkazilishi ma’lum qilindi.

Sammitda O‘zbekiston prezidenti bir qator xalqaro tashabbuslarni ham ilgari surdi.

Jumladan, «mutanosib urbanizatsiya» tamoyillarini keng joriy etish, «Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi»ni tashkil qilish, 2027-yilda Samarqandda uy-joy qurilishi investitsiyalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazish, BMT-Habitatning «Yashil shahar» xalqaro mukofotini ta’sis etish hamda Butunjahon urbanizatsiya forumining 15-sessiyasini 2030 yilda Yangi Toshkent shahrida o‘tkazish taklif qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring