Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston qisqa muddatda o‘nga yaqin shifoxona quradi (foto)

O‘zbekiston qisqa muddatda o‘nga yaqin shifoxona quradi (foto)

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Dunyodagi qaltis epidemik vaziyat tufayli O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida bir qator qat’iy tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimiz Prezidentining 2020-yil 29-yanvar kuni «O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining tashkil etish to‘g‘risida»gi Farmoyishi asosida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tomonidan kechiktirib bo‘lmaydigan jiddiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning «Koronavirus pandemiyasi va global inqirozli hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoniga ko‘ra, Moliya vazirligi huzurida Inqirozga qarshi 10 trillion so‘m hajmdagi jamg‘arma tuzilgani ham bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va samarali davolash choralarini kuchaytirish maqsadida qisqa fursatlarda qator shifoxonalarni barpo etish ishlari jadal boshlab yuborildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.

Jumladan, Toshkent shahrida uchta zamonaviy ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari bunyod etilmoqda. Birinchisi, bu 144 o‘ringa mo‘ljallangan Chilonzor tumanida yangi qurilayotgan shahar 3-sonli bolalar yuqumli kasalliklari shifoxonasi va 158 o‘rinli shahar 4-sonli bolalar kardiorevmatologiya klinik shifoxona binolari yaqin oylarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Yashnabod tumanida joylashgan Toshkent stomatologiya institutining yangi qurilayotgan binosini 250 o‘rinli zamonaviy davolash muassasasiga aylantirish ishlari ham amalga oshirilmoqda. Mazkur bino joriy yilning may oyida foydalanishga topshiriladi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida karantin muassasasini bunyod etish uchun 55 gektar yer ajratilib, juda qisqa kunlarda qurib bitkazilish choralari ko‘rilmoqda. Yana bir yirik muassasa Zangiota tumanida bunyod etilmoqda. Shu kunlarda ushbu tumandan ajratilgan 27 gektar yer maydonida o‘n ming o‘rinli shifoxona qurilishi jadal davom etmoqda.Ushbu yangi tibbiyot mussasa ham yaqin fursatlarda foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan. 

Shuningdek, ayni paytda Andijon, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida ham koronavirus bilan kasallanganlar va ularning karantini uchun xuddi shunday muassasalar qurilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring