Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbekiston va Anadolu – umumiy tarixning ikki yuzi»

«O‘zbekiston va Anadolu – umumiy tarixning ikki yuzi»

Turkiyaning mahalliy nashrlaridan bo‘lgan «Malatiya Birlik» gazetasida mamlakatimizga turizm maqsadida kelgan turk tadqiqotchisi dots. Dr. Devrim Alkayaning taassurotlari haqida maqola chop etildi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.

Tashrifi davomida O‘zbekiston va Anadolu o‘rtasidagi mustahkam tarixiy-madaniy asoslarga guvoh bo‘lganini ta’kidlar ekan, har ikki mamlakatning bugungi kunda ham ko‘plab mushtarakliklari mavjudligini qayd etadi turk tadqiqotchisi.

Devrim Alkayaning aytishicha, «O‘zbekiston va Anadolu turkiy dunyosining ikki muhim halqasidir. Anadoludagi turklarning ajdodlari katta qismi Markaziy Osiyodan, xususan, hozirgi O‘zbekiston zaminidan ko‘chib kelgan. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston - turk-islom sivilizatsiyasining beshigi, Anadolu esa  - bu sivilizatsiya rivojlanib, ildiz otgan markaz».

Til va qadriyatlardagi o‘xshashliklarga ham e’tibor qaratgan turk tadqiqotchisi «O‘zbek va turk tillari ayni til oilasiga mansubligi sabab «ona», «ota», «suv», «non», «yo‘l», «tog‘» kabi ikkala jamiyatda ham keng qo‘llaniladigan so‘zlarning o‘xshashligini ko‘rasiz. An’analar va urf-odatlarda ham umumiy jihatlar bisyor. Mehmondo‘stlik, kattalarga hurmat va mustahkam oilaviy rishtalar ikkala jamiyatning asosiy qadriyatlari qatoriga kiradi. To‘ylar, festivallar va an’anaviy urf-odatlardagi marosimlar ham deyarli bir xil deya olamiz», deb yozadi.

D.Alkaya o‘z maqolasida o‘zbek-turk gastronomiyasidagi yaqinlikka ham to‘xtalib, guruchli taomlar, kabob va xamir ovqatlar ikkala mintaqada ham muhim o‘rin tutishini aytadi. Uning ta’kidlashicha, dasturxon odatlari hamda birga ovqatlanish an’anasi ham o‘zbek va turk madaniyatidagi umumiy qadriyatdir.

«Hunarmandchilik va badiiy san’at tushunchalarimizda ham ajoyib o‘xshashliklar bor. Gilamchilik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi va masjid me’morchiligida umumiy izlarni ko‘rish mumkin. Ba’zi o‘zbek masjidlari hatto Anadoludagi, ayniqsa Denizli mintaqasidagi masjidlarga juda o‘xshash», deydi Turkiyalik olim.

D.Alkaya ba’zi tarixchilarning «O‘zbekiston» nomining etimologiyasi borasidagi fikrlarga ham to‘xtalar ekan, «O‘z» so‘zi biz turklar uchun muhim bo‘lgan «O‘g‘uz» atamasini yodga soladi. Bu talqin tarixiy aloqalarimizga alohida mazmun bag‘ishlaydi. Qolaversa. Anadoluning ko‘plab hududlarida Xorazm (Xorzum) kabi toponimlar borligi, bugungi Xorazmda esa Turkiyaning viloyatlaridan bo‘lgan Karaman (Qoramon) nomli qishloqning mavjudligi tasodif emas» deydi olim.

Maqolasining xulosasida Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash zarurligini bildirgan olim, Turkiyalik gazetxonlarni Ota Yurtga chorlab, «Albatta borib ko‘ring. O‘zbekistonda Anadolu, Anadoluda esa O‘zbekiston borligiga guvoh bo‘lasiz» deb xulosa qiladi.

Ma’lumot uchun,  «Malatya Birlik» – Turkiyaning Malatiya viloyatida faoliyat yurituvchi nufuzli elektron va bosma nashrlardan biri hisoblanadi. Nashr orqali siyosiy, ijtimoiy, madaniy hamda tahliliy yo‘nalishlardagi maqolalar keng yoritib boriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring