Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda fuqarolarning ish tashlashiga doir tartiblar belgilanyapti

O‘zbekistonda fuqarolarning ish tashlashiga doir tartiblar belgilanyapti

Parlament Quyi palatasida deputatlar Senatning «Fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunchilik taklifini ko‘rib chiqdi.

Qayd etilishicha, mazkur qonun loyihasining maqsadi — milliy qonunchilikni Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning «Birlashmalar erkinligi va birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risida»gi 87-sonli va «Jamoa muzokaralarini olib borish va birlashish huquqi to‘g‘risida»gi 98-sonli konvensiyalari talablariga muvofiqlashtirishdan iborat. Bu, o‘z navbatida, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda belgilangan me’yorlarni amalda ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Ushbu loyiha ish tashlash huquqini qonuniy tartibga solishni nazarda tutadi. Milliy qonunchilikda bo‘shliqni to‘ldirish orqali loyiha fuqarolarning mehnat huquqlarini xalqaro standartlarga muvofiq holda to‘laqonli ta’minlashga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi 9 ta moddadan iborat bo‘lib, u bilan 2 ta qonun, 4 ta kodeksga qator muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jumladan, Mehnat kodeksiga ish tashlashning aniq ta’rifi va tushunchalari, uni o‘tkazish tartib-taomillari, xodimlarga ish tashlash jarayonida beriladigan kafolatlar belgilanmoqda.

Shuningdek, ish tashlashning boshlanishini kechiktirish, to‘xtatib turish, tiklash va tugatish tartiblari hamda ish tashlashga oid cheklovlar aniqlashtirilmoqda.

Qonun loyihasi milliy qonunchilikni xalqaro mehnat standartlariga to‘liq moslashtirish, ijtimoiy adolat, tenglik va demokratik boshqaruv prinsiplarini amalda mustahkamlashni nazarda tutadi.

Majlisda qonunchilik taklifi bo‘yicha qaror loyihasi qabul qilindi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring