Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda ilk shamol energetikasi loyihasi. Endi yurtimizdagi qancha xonadon uzluksiz elektr bilan ta’minlanadi?

O‘zbekistonda ilk shamol energetikasi loyihasi. Endi yurtimizdagi qancha xonadon uzluksiz elektr bilan ta’minlanadi?

ShES 2 milliard dollarli loyihalarning bir qismi sanaladi.

Foto: Energetika vazirligi.

17-dekabr kuni Saudiya Arabistonining «ACWA Power» kompaniyasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida quriladigan 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi (ShES) loyihasi bo‘yicha bitimlar imzolandi. O‘zbekiston energetika vazirligiga ko‘ra, qiymati 108 million dollarga teng loyiha doirasida Qorao‘zakda shamol elektr stansiyasi barpo etiladi.

Qayd etilishicha, loyihani amalga oshirish uchun maxsus tashkil etilgan «ACWA Power Wind Karatau FE LLC» MChJ «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ bilan 25 yil muddatga elektr energiyasini sotib olish shartnomasini imzoladi. Shuningdek, yirik loyihani amalga oshiruvchi xorij shirkati va O‘zbekiston moliya vazirligi Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bitimni (GSA) ma’qulladi.

Mamlakatimizdagi birinchi shamol energetikasi loyihasiga xorijning yetmishga yaqin kompaniyasi qiziqish bildirgan va pirovardida Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Chexiya, Rossiya Singapur, Saudiya Arabistoni kabi o‘ndan ziyod  mamlakati shirkati keyingi bosqichga o‘tgan. Tender yakunida esa  bir kVt.soat elektr energiyasi uchun 2,5695 sent tarifini taklif qilgan «ACWA Power» kompaniyasi g‘olib chiqqan.

Sarmoyaviy majburiyatga ko‘ra, shamol elektr stansiyasi 2023 yil o‘rtalarida foydalanishga topshirilishi lozim. Stansiyaning ishga tushirilishi 400 mln kVt/soat miqdorda ekologik toza elektr ishlab chiqarish imkonini beradi.

Energetika sohasidagi loyihalar ikki mamlakat mas’ullari e’tiboridagi masalalar sirasiga kiradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ShES loyihasi O‘zbekiston hukumatining mamlakat energetika balansini diversifikatsiya qilish va qayta tiklanuvchi energiyadan foydalangan holda quvvatini oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Loyiha orqali mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya ulushini 25 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Ushbu loyiha 110 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlashi, atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar miqdorini yiliga 157 ming tonnaga kamaytirishi kutilmoqda. «ACWA Power» kompaniyasi esa pirovardida 4 mln xo‘jalikning elektrga bo‘lgan ehtiyoji qoplanishini ma’lum qilgan.

Qorao‘zakdagi ShES O‘zbekiston hamda Saudiya Arabistoni o‘rtasida energetika sohasidagi ulkan loyihalarning bir qismi sanaladi. 2020 yil mart oyida mamlakatimiz energetika vazirligi hamda  «ACWA Power» kompaniyasi o‘rtasida 2 milliard dollarli uch bitim imzolangan. Ushbu bitimlar doirasida Saudiya shirkati Sirdaryo viloyatida ikkita bug‘-gaz qurilmasiga ega issiqlik elektr stansiyasi ham barpo etadi. Ushbu stansiya yiliga 10 milliard kVt/coat energiya ishlab chiqarishi kutilmoqda. Arab kompaniyasi, shuningdek, energetika va kimyo sektori mutaxassislarini tayyorlashga ko‘mak beradi. 

Ta’kidlash joizki, energetika sohasidagi loyihalar ikki mamlakat rahbariyati e’tiboridagi masalalar sirasiga kiradi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 25 yanvar kuni Saudiya Arabistoni podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falihni qabul qilganida ham o‘zaro aloqalarning dolzarb masalalari muhokama etilar ekan, «ACWA Power» ishtirokida qurilayotgan zamonaviy elektr stansiyalari ham tilga olingan.

Joriy yil may oyida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umrzoqov va Saudiya Arabistoni energetika vaziri Abdulaziz bin Salmon ishtirokidagi muzokaralarda ham mamlakatimizdagi yangi stansiya Markaziy Osiyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasi bo‘lishi ta’kidlangan.

Yangi loyiha yurtimizdagi o‘n minglab xonadonlarni yoritishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, asosan elektr stansiyalarini qurish, loyihalash va moliyalashtirishga ixtisoslashgan «ACWA Power» kompaniyasi Yaqin Sharq, Afrika, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida loyihalar amalga oshiradi.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov erishayotgan yutuqlari va xalqaro obro‘-e’tibori sabab hamkorlik uchun «ACWA Power» korporatsiyasi tanlanganini ma’lum qilgan. O‘z navbatida kompaniya boshqaruvi raisi Muhammad  Abunayyan O‘zbekistonda faoliyat yuritish sharaf ekanini ta’kidlagan.

O‘zbekistonning tabiati va iqlim sharoiti qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan unumli foydalanish imkonini beradi. Qolaversa, shiddat bilan oshib borayotgan energiya ehtiyoji ham yashil energetika tizimini rivojlantirishni talab etmoqda. Shamol elektr stansiyasini barpo etish bo‘yicha loyiha bu boradagi xayrli qadamlarga debocha bo‘ladi degan umiddamiz.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring