O‘zbeklar hind aktyori Rishi Kapurni qanday qo‘rqitgan edi?

Hind kinosining mashhur aktyori, rejissyori va prodyuseri bo‘lgan Raj Kapurning o‘rtancha o‘g‘li Rishi Kapur (1952-2020) hind kinosi tarixida chuqur iz qoldirgan. U aktyor, rejissyor, prodyuser, eng muhimi, hind kinosidagi eng sevimli aktyorlardan biri edi. Rishi Kapur to‘rt marta Filmfare Awards milliy kino mukofotini qo‘lga kiritgan. U o‘tgan asrning 70–80 yillari yosh avlodining kumiri, kinodagi rollari orqali sevgi, sadoqat, muhabbat, ezgulik, yaxshilik ulashgan edi...
Rishi Kapurni sobiq ittifoq hududida, ayniqsa O‘zbekistonda bilmagan odam kam edi. U juda chiroyli, istarasi issiq aktyor bo‘lgan. O‘zbekistonda «Bobbi» nomi bilan mashhur edi. O‘sha davr yoshlari hind kinosining ashaddiy shaydosi bo‘lib, ayniqsa Kapurlar sulolasini yaxshi ko‘rishardi. Ayniqsa, Rishi Kapur ishtirokidagi filmlarni qayta-qayta ko‘rishardi, uning suratlarini saqlab yurishar, qo‘shiqlarini magnitafon tasmasiga yozib olib eshitishardi. Qolaversa, bu aktyorning kiyimlari va soch turmagiga havas qilishib, unga o‘xshashga intilishardi. Yoshlar shaxsiy kundaliklariga (qalin jildli 48 yoki 96 varaqli daftarlariga) hind kinosi yulduzlari, ayniqsa Rishi Kapur to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yozishar, gazeta-jurnallardan olingan suratlar va maqolalarni ixcham va chiroyli qilib yelimlab yopishtirishardi.
Bir oyda bir marta nashr etiladigan «Kino» jurnali Bollivud haqida 3-4 sahifasi yoritardi, jurnalni gazeta do‘konlaridan topish qiyin edi. Uni topganlarga iltimos qilishib, galma-galdan o‘qishardi.
Rishi Kapur jahonda tanilgan Kapurlar sulolasida otasi Raj Kapurdan keyingi pog‘onani egallagan desam mubolag‘a bo‘lmaydi. U mashhur kinoaktyorlar: amakilari Shammi va Shashi Kapur, akasi Randxir, ukasi Rajiv Kapurlarga qaraganda har tomonlama mashhur edi. Raj Kapurning kinodagi «vorisi» sifatida tan olingan Rishi Kapurni «Chintu» ham deb chaqirishgan.
Rishi Moskva Xalqaro kinofestivalida, Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari Xalqaro kinofestivallarida qatnashgan. U birinchi bor Toshkentga otasi bilan kelgan edi. O‘shanda Raj Kapur samolyotdan tushishi bilan o‘zbek muxlislari uni ko‘tarib olishgan. Buni ko‘rgan Rishi Kapur qo‘rqib ketib, samolyotga qaytib kirgan.
2006-yilda O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Namangan shaharlarida Raj Kapurga bag‘ishlangan qo‘shiq bayramlari bo‘lib o‘tdi. O‘shanda Rishi akasi Randxir bilan birga kelgan va tadbirlarda qatnashgan. U 2015-yili Toshkentdagi «Bollivud yulduzlari» konsert dasturida ham qo‘shiqlar ijro etgan.
Rishi Kapur O‘zbekistonda ko‘p bo‘lganini ta’kidlab, davr-zamon o‘zgargani, lekin o‘zbeklarning hindlarga nisbatan shijoati, hurmati va muhabbati o‘zgarmaganligini tan olgan...
Bu aktyorning yutuqlari haqida juda ko‘p gapirish mumkin. U yuzdan ortiq filmda suratga tushgan. 1973–2000-yillarda 92 ta kartinada, asosan, romantik kinoasarlarda bosh qahramon rolini ijro etgan. O‘zbek kinomuxlislariga tanish bo‘lgan va sevib ko‘radigan filmlari: «Mening ismim masxaraboz» (1970), «Bobbi» (1973), «Qasoskor» (1976), «Amar, Akbar, Antoni» (1977), «Qo‘shiqlar ohangida» (1979), «Ashaddiy yolg‘onchi» (1979), «Qarz» (1980), «Hammol» (1982), «Sevgi kasali» (1982), «Sehrli brilliant» (1986), «Chandni» (1989), «Qora shahzoda Ajuba» (1991), «Devona» (1992), «Jonim fido» (2006), «Ko‘zi so‘qir muhabbat» (2006)...
Kinodagi debyuti – otasi Raj Kapur suratga olgan «Mening ismim masxaraboz» (1970) filmida bosh qahramon Rajuning yoshligini o‘ynagan, bosh qahramonni Raj Kapurning o‘zi ijro etgandi.
Filmni suratga olish boshlanganda Rishi Kapur 11 yoshda edi. Otasi Raj Kapurda moliyaviy muammolar tufayli 6 yil davomida suratga olingan. Yosh bo‘lishiga qaramasdan Rishi rolni a’lo darajada o‘ynagan. Film ko‘plab sovrinlar olib, katta muvafaqqiyatlarga erishdi. Undagi yosh Raju roli uchun Rishi Kapur AQShda o‘tkazilgan hind kinofestivalida Milliy mukofot – «eng yaxshi aktyor» sovrinini qo‘lga kiritgan.
Rishi Kapur mukofotni otasiga topshirmoqchi bo‘ladi. Raj Kapur esa o‘zining otasi, ya’ni Rishining bobosi, teatr va kino aktyori Pritxviraj Kapurga ko‘rsatadi. Pritxviraj Kapur nevarasining yutug‘idan judayam xursand bo‘lib, yaxshi niyatlar tilaydi va katta kinoga kirib kelganligi bilan tabriklaydi...
1973 yili suratga olingan «Bobbi» kinoprokatda katta «shov-shov» ko‘tardi. Jumladan, uni sobiq ittifoq hududi kinoteatrlarida 62 mln dan oshiq tomoshabin ko‘rdi. «Bobbi» filmi bosh roli uchun mashhur Filmfare Awards kino sovrinini qo‘lga kiritdi...
Rishi Kapur 2006 yil Mavrikiyda o‘tkazilgan tantanada faoliyatida erishgan yutuqlari uchun Zee Cine Awards yuksak mukofotiga ham loyiq topilgan.
Qiziqarli dalillardan biri: Rishi Kapurning kinodagi rasmiy debyuti 1970 yil hisoblanadi. Aslida u kinoda 3 yoshligida otasi suratga olgan va bosh rolda qatnashgan mashhur «Janob 420» (1955) filmida qatnashgan. Nafaqat Rishi, balki Raj Kapurning uch farzandi: to‘ng‘ich o‘g‘li Randxir (8 yosh), qizi Ritu Nanda (7 yosh) va qahramonimiz Rishi (3 yosh) epizodik rolda qatnashishgandi. «Janob 420» filmida bosh qahramonlari Raj (Raj Kapur) va Rita (Nargis) yomg‘irda «Bizga muhabbat keldi» qo‘shig‘ini ijro etayotgan paytda ko‘chadan o‘tayotgan uch bola o‘shalardir. Darvoqe, «Janob 420»da Pritxviraj Kapur ham epizodda chiqqan. Ushbu film uch avlod vakili qatnashgan film edi...
Rishi Kapur 2020 yil uzoq davom etgan og‘ir leykemiya kasalidan so‘ng, 68 yoshida olamdan o‘tgan.
Abdurashid Qo‘ziboyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter