Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

O‘zLiDep siyosiy kengashi a’zosi fermerlarni Ekologik partiyaga a’zo qilmoqchi. Har bir tumanga «plan» ham qo‘yilgan

O‘zLiDep siyosiy kengashi a’zosi fermerlarni Ekologik partiyaga a’zo qilmoqchi. Har bir tumanga «plan» ham qo‘yilgan

Arxiv foto.

Dunyo dunyo bo‘lib, siyosiy partiyaga ommaviy a’zo qilishning bunaqa yo‘lini ko‘rmagan bo‘lsa kerak.

Jizzax viloyati fermerlar kengashi rahbari tumanlarga xat chiqarib, Ekologik partiyaga har bir tumandan 50 kishini a’zo qilishni so‘rayapti. Qilingan ishlar yuzasidan 10 kun muddatda bir nafar xodim biriktirib, a’zo bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlarning asl nusxasini olib kelish topshirig‘ini bermoqda.

Innovatsiya, innovatsiya...

Siyosiy partiya degani, o‘zi joylarda yurib, xalq orasida targ‘ibotlar qilib, odamlarni o‘z siyosiy g‘oyalariga ishontirib, keyin a’zo qilmaydimi? Ma’muriy buyruqbozlik bilan bo‘ladigan ish emasku bu.

Foto: «Xushnudbek.uz»

To‘g‘ri, aytishingiz mumkin, «bu xat shunchaki amaliy yordam so‘rab yozilgan, hech kim majburlanmagan» deb. Unda har bir tumanga 50 kishilik «plan» qo‘yishga balo bormi? «Plan» qo‘yilgan joy borki, majburlov mexanizmi ishlaydi. Chunki yuqori turuvchilar «nega planni bajarmading» deb zug‘um qiladi. 10 kun muddatda hisobot talab qilishchi, bu nimasi? Bir nafar xodimni nima uchun biriktirish kerak? Xatdan majburiylik hidi shundoq anqib turibdi-ku.

Siyosiy partiyaga a’zo bo‘lish yoki bo‘lmaslik, hammaning o‘z ixtiyori, hech kim majburlashga haqqi yo‘q.

Eng qizig‘ini aytaymi? Ekologik partiyaga fermerlarni a’zo qilish haqida xat chiqargan viloyat fermerlar kengashi raisi A.Eshmatovning o‘zi O‘zLiDep siyosiy kengashi a’zosi.

Mantiqan olganda ham aslida fermerlarning siyosiy partiyasi — bu O‘zLiDep. Partiya ustavida ham shunday yozilgan va allaqachon ko‘plab fermerlar bu partiyaning a’zosi. Endi Jizzaxda fermerlar qo‘shpartiyali bo‘ladimi?

Eee, xullas-da... Bizda siyosiy partiyalar faoliyati o‘zi xos, birorta joyda takrorlanmaydi. Qoyil qolish kerak.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring