Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident bank tizimini isloh qilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Prezident bank tizimini isloh qilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-oktyabr kuni bank tizimini isloh qilish va banklarning investitsiyaviy faolligini oshirish borasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish va ishlab chiqarishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda banklar muhim o‘rin tutadi. Shu bois ushbu moliyaviy institutlarning barqarorligini va hayotdagi rolini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Oxirgi yillarda davlat budjetidan tijorat banklariga dasturlarni moliyalashtirish uchun 8,4 trillion so‘m, aylanma mablag‘lar uchun 400 million dollar, ustav kapitalini oshirish uchun 1,7 milliard dollar mablag‘ ajratildi. Umuman olganda, so‘nggi ikki yil ichida banklar kapitalizatsiyasini oshirish uchun 3,3 milliard dollar davlat mablag‘lari berildi.

Yig‘ilishda bu mablag‘lardan samarali foydalanilmayotgani, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga ko‘maklashish, mijozlar va bank daromadlarini ko‘paytirish borasidagi ishlar yetarli emasligi tanqid qilindi.

Misol uchun, xususiy banklar kredit resursining yarmidan ko‘pini depozitlar hisobiga shakllantirayotgan bo‘lsa, davlat banklarida bu ko‘rsatkich atigi 10 foiz atrofida.

Shuningdek, davlat banklari kredit portfelining yarmidan ko‘pi 5 ta yirik davlat korxonasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Hanuzgacha eskirgan dasturiy ta’minotlardan foydalanayotgani uchun bank xizmatlari sifati talab darajasida emas.

Tizimda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida banklar faoliyatida davlat ishtiroki bosqichma-bosqich qisqartirilmoqda. Xususan, davlat dasturlari doirasidagi kreditlar foizi qayta moliyalash stavkasi bilan tenglashtirildi va 2021-yildan to‘liq erkinlashtirilishi belgilandi. Bu banklarni ko‘proq mijoz topish, resurs jalb qilish, kredit ajratish bo‘yicha izlanishga, rivojlanishga undaydi.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni kreditlash tartibini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, banklar transformatsiyasini tezlashtirish va sifatli amalga oshirish maqsadida barcha davlat banklaridagi aksiyadorlik vazifasi Moliya vazirligiga yuklatildi.

Yig‘ilishda Moliya vazirligi va Markaziy bankka Jahon banki bilan birgalikda bank sektorini uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasini yakunlash vazifasi qo‘yildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring