Psixolog ogohlantiradi: Jeffri Epshteyn fayllarini ko‘rish ruhiy salomatlikka jiddiy xavf
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Jeffri Epshteyn ishi bilan bog‘liq juda og‘ir kontentlar tarqalayapti va bu asab tizimingiz uchun juda xavfli.
Vikar jarohati nima?
Psixologiyada “vikar jarohati” tushunchasi mavjud, soddaroq aytganda bu boshqalarning azob-uqubatlari haqidagi ma’lumotlarni ko‘rish yoki eshitish orqali siz olayotgan ruhiy jarohat. Siz bevosita qurbon bo‘lmasangiz ham, miyangiz xuddi o‘zingiz boshdan kechirayotgandek reaksiya beradi. Bu fantaziya yoki haddan ortiq ehtiyotkorlik emas, ko‘plab ilmiy tadqiqotlar bilan tasdiqlangan nevrologik jarayon.
Bunday kontentni tomosha qilganda miyada stress gormonlari oshib ketadi, ya’ni kortizol va adrenalin. Buning natijasida esa uyqu buziladi va vahimali, xavotirli tushlar ko‘rish boshlanadi, doimiy qo‘rquv va bezovtalik hissi paydo bo‘ladi. Yaqinlarga, ayniqsa bolalarga ortiqcha xavotir bilan qarash, odamlarga ishonchning yo‘qolishi, depressiya belgilarining paydo bo‘lishi, hamda “empatiya charchog‘i” yuzaga keladi.
“Bilishim kerak” tuyg‘usi — bu psixologik tuzoq.
Ko‘pchilik “hamma ko‘rayaptiku, men ham haqiqatni bilishim kerak”, deb o‘ylaydi. Bu psixologiyada FOMO deb ataluvchi hodisa. Lekin, bu fayllarni ko‘rish sizning hayotingizga hech qanday foyda keltirmaydi. Siz uni ko‘rganingiz bilan adolat tezroq qaror topib ham qolmaydi, eng achinarlisi esa qurbonlarga yordam ham bermaydi. Afsuslar bo‘lsinki, faqatgina psixologik salomatligingiz jiddiy zarar ko‘rgani qoladi.
Oqibatlari qanday?
Bunday og‘ir kontentlarni ko‘rish va qiziqish ta’siri bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar orqali mijozlarda nafaqat uyqu va tushlarning buzilishi yoki bezovtalik, xavotir, depressiv belgilar kuzatilgan, balki tasvirlarni miya uzoq muddat saqlashi aniqlangan. Siz xohlasangiz ham uni unutolmaysiz, eng yomoni esa ular eng kutilmagan paytlarda, turmush o‘rtog‘ingiz bilan tinch suhbatlashib o‘tirganingizda, bolangizni quchoqlaganingizda, tinch dam olayotganingizda xayolga kelaveradi.
Birinchi va eng muhim qoida: bu fayllarni hech qachon ochmang. Bu zaiflik emas, aksincha donolik va o‘z psixologik salomatligingizni qadrlash intizomi. Siz o‘z oilangiz, ishingiz, jamiyat uchun ruhiy jihatdan sog‘lom bo‘lishingiz kerak.
Agar allaqachon ko‘rgan bo‘lsangiz o‘zingizni ayblamang.
Yaqinlaringiz bilan gaplashing (lekin tafsilotlarsiz, faqat hissiyotlaringiz haqida gaplashing). Jismoniy faollik bilan shug‘ullaning, yugurish, sport zaliga borish, tabiatda yurish orqali, bu stress gormonlarini kamaytiradi. Uxlashdan oldin telefonga qaramang, tinchlantiruvchi musiqa tinglang. Agar yuqoridagi belgilar davom etaversa mutaxassisga murojaat qiling, bu uyatli narsa emas.
Ijtimoiy tarmoqlaringizni tozalash vaqti kelganini yana bir bor o‘ylab ko‘ring. Shov-shuvli, shokli kontent tarqatuvchi sahifalarni, blogerlarni o‘chiring. Ekran vaqtini kamaytiring (kuniga 2 soatdan oshmasin). Ishonchli, ijobiy kontentga obuna bo‘ling. Bolalaringizni ham bunday kontentlarni ko‘rishdan himoya qiling — bu juda muhim.
Ularning telefonlarida ota-ona nazorati funksiyasini faollashtiring. Yosh me’yoriga mos ilovalar va brauzerlarni o‘rnating. Internetda xavfsizlik qoidalari haqida ochiq gaplashing. Bu masalada o‘zingiz namuna bo‘ling, bolalar oldida telefonga kamroq qarang.
Qachon tezda psixologik yordam kerak?
Ruhiy buzilishlarni tashxislash uchun xalqaro standartga ko‘ra, agar siz yoki yaqinlaringiz quyidagi belgilarni ikki haftadan ortiq sezsangiz, kechiktirmang: uyqu buzilishida, doimiy qo‘rquv, vahima xurujida, bolalaringizdan ajralib qolishdan qattiq qo‘rqishda, hamma odamlarga birday ishonsizlikda, depressiya belgilari kuzatilsa, ya’ni hech narsaga qiziqmaslik, kulgu va zavqning kelmasligida, o‘z-o‘ziga zarar yetkazish fikrlarida, ya’ni bu holatlar kuzatilganida mutaxassis yordami shart!
Xullas, dunyoda yaxshilik ham, yomonlik ham bor. Biz bundan to‘la xalos bo‘lolmaymiz. Chunki, bu bizning nazoratimizda emas, ya’ni aynan faqat sizning nazoratingizda emas. Biz dunyodagi barcha yomonliklar haqida bilishimiz bizning xavfsizligimizni ta’minlamaydi va barcha yomonlikni ko‘rish yoki bilish shart emas.
Adolatni, insoniylik va ezguliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘zingizni azoblashingiz, jarohatlashingiz kerak emas. Haqiqiy kuchingiz ruhiy salomatligingizni saqlash, hayotning nurli tomonlarga e’tibor berish, yaqinlaringizga g‘amxo‘rlik qilishda...
Madina Miytan, psixolog


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter