Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qo‘lbola poraxo‘r». Yoki to‘qqiz yilda chiqqan oqlov hukmi

«Qo‘lbola poraxo‘r». Yoki to‘qqiz yilda chiqqan oqlov hukmi

Illyustrativ surat

2019-yilning 10-iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudi kassatsiya instansiyasida B.Isakulovning «ishi» ko‘rib chiqildi.

Sudlanuvchi — sobiq ichki ishlar xodimi. Oxirgi ish joyi Navoiy shahar IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi (VSH) boshliqligi ediki, bu lavozimdagi faoliyati bir yilgayam bormadi. U 2012-yil mart oyida shu lavozimga tayinlangan bo‘lsa, 2013-yilning martida pora olish aybi bilan jinoiy javobgarlikka tortilib bo‘lingandi...

B.Isakulov mas’ul mansabdor shaxs hisoblanib, o‘z xizmat mavqeidan qasddan foydalanib, Navoiy shahar IIB vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanayotgan qator shaxslarga biron-bir cheklovsiz kiyim-kechak va oziq-ovqat kiritilishiga sharoit yaratib, buning evaziga pora olganligi aytiladi. Olingan deyilayotgan poralar umumiy miqdori 400 ming so‘m-u 200 AQSh dollarini tashkil etadi. Miqdordan kelib chiqilsa, sudlanuvchining tuvagi tillodan bo‘lib ketmagani aniq.

Jinoyat ishi hujjatlaridan ko‘rinishicha, B.Isakulovning zimmasiga qo‘yilgan ayblovlar faqatgina S.Shoimov, S.Egamberdiyev va A.Egamovlarning ko‘rsatuvlari hamda ulardan tergov hibsxonasida (!) olingan iqrorlik ko‘rsatuvlariga asoslangan. Ya’niki, hammasi quruq gap, daliliy ashyo yo‘q...

B.Isakulov ayblovni mutlaqo inkor etadi va alohida qayd etadiki, u hech bir asossiz 2 oy davomida MXX xodimlari tomonidan qamoqda ushlab turilgan, azbaroyi majburlikdan yo‘q aybiga iqrorlik arizasini yozib bergan...

Endi guvohlarni eshiting.

S.Egamberdiyev kassatsiya instansiyasi sudida shunday deydi: «...Men 2012-yilda Navoiy shahar 46-sonli JIEKda turkum boshlig‘i bo‘lib ishladim. O‘sha yilning noyabr oyida MXX xodimlari uyimga kelib, idorasiga olib ketdi. So‘ng «B.Isakulovga 100 AQSh dollari berganman deb aytasan» deb tazyiq o‘tkazishdi. Bosh tortgan edim «sen Samarqanddansan-a, hamma yaqin qarindoshlaringning yashash va ish joyi to‘g‘risida ma’lumot bor, agar aytganimizni qilmasang yaqinlaringda katta muammo bo‘ladi», deyishdi... Noiloj yolg‘on ko‘rgazma berishga majbur bo‘ldim...».

Guvoh S.Shoimovdan ham xuddi shunday usulda ko‘rgazma olingani sudda oshkor bo‘ldi. O‘sha, 2012-yilda S.Shoimovning o‘g‘li Navoiy shahar IIB VSHda saqlanayotgan ekan. S.Shoimov esa u paytda Toshkent shahrida shifoxonada davolanayotgan edi. Muolajalari yakuniga yetmay uni Navoiy viloyat MXX idorasiga olib kelishib, kasal ekaniga qaramay, to‘rt-besh kun «ushlab turishadi». Ruhiy va jismoniy azoblar natijasida S.Shoimov ular aytganday ko‘rgazma berishga majbur bo‘ladi: o‘g‘lim Sanjar bilan uchrashuv tashkil qilib bergani uchun VSH boshlig‘iga pora berganman...

Guvoh A.Egamov ko‘rgazmasi xususida ham gap shu.

Jinoyat ishidagi faqatgina iqrorlik ko‘rsatuvlaridan hamda shubha va gumonlardan iborat holatlar B.Isakulovni yuqorida qayd qilingan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblash uchun asos bo‘la olmaydi, albatta.

Bunday holatda, sudning hukmini qonuniy, asosli va adolatli deb bo‘lmaydi. Baski, sud B.Isakulovni O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 3-qismi (eski tahrirdagi) «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etmagan deb topib, JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan oqlashni lozim topdi.

B.Isakulov reabilitatsiya qilinishi munosabati bilan unga mulkiy, ma’naviy va boshqa ziyonni qoplash masalasida O‘zbekiston Respublikasi JPKning 304-312-moddalarida nazarda tutilgan tartibda da’vo talabi bilan sudga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.

Shuhrat Kamolov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Navoiy viloyat sudi rais o‘rinbosari

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring